Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Majburiy ijro byurosi direktori bilan intervyu: mansabini suiiste’mol qilgan «gazchi» va «svetchi»larga jinoyat ishi ochilgan

Majburiy ijro byurosi direktori bilan intervyu: mansabini suiiste’mol qilgan «gazchi» va «svetchi»larga jinoyat ishi ochilgan

Foto: «Xabar.uz»

2017-yil O‘zbekistonda tub o‘zgarishlar va yangilanishlar yili bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Chunki joriy yilda jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan farmon va qarorlar qabul qilindi. Prezident farmoni bilan 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining tasdiqlangani shular jumlasidandir.

Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, elektr va gaz ta’minoti sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi va mazkur organga ijro ish yurituvi, elektr va gaz ta’minoti sohalarida yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni hal qilish yuzasidan yangi vazifalar qo‘yildi.

Aynan shu sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Majburiy ijro byurosi direktori Botir Qudratxo‘jayevdan intervyu olganimiz haqida xabar bergan edik. Quyida ushbu intervyuning birinchi qismini e’tiboringizga havola qilamiz.

— Hurmatli Botir Bahromovich, Byuro organlariga yuklatilgan vazifalar xususida qisqacha tushuntirish bersangiz, o‘tgan davrda iste’molchilar tomonidan foydalanilgan energiya resurslari uchun to‘lovlarni undirishda qanday natijalarga erishildi?

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlariga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

— sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablag‘larning haqqoniy hisobini yuritish, ijro ishi yuritishda sansalorlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish;

— elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

— energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash;

— energiya resurslari iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari, shuningdek, muqobil energiya manbalarining joriy etilishi ustidan monitoring o‘tkazish;

— energiya resurslarini sotish va iste’moli hisobini yuritishda ishtirok etish;

— energiya resurslari iste’molchilarining mas’uliyati va huquqiy madaniyatini oshirish choralarini ko‘rish;

— kompleks tahlil o‘tkazish, tizimli muammolarni aniqlash, energiya resurslari uchun hisob-kitob qilinishini ta’minlash va majburiy ijro tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

— qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish, surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish.

Ayni vaqtda Byuro organlari:

— energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash;

— energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini, shuningdek, bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan energiya resurslari hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

— aniqlangan tafovutlarni bartaraf qilish mexanizmi bo‘yicha takliflar kiritish hamda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rishga javobgar ekani belgilandi.

Yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Byuro organlari tomonidan «O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» aksionerlik jamiyatlari bilan hamkorlikda iste’molchilarning to‘lov intizomiga rioya etish borasidagi huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida Byuro organlari tomonidan joriy yilning iyul-dekabr oylarida foydalanilgan energiya resurslari uchun jami 11,1 trln. so‘m, shundan elektr energiyasi bo‘yicha 6,5 trln. so‘m hamda tabiiy gaz bo‘yicha 4,6 trln. so‘m mablag‘lar undirildi.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davrida energiya resurslari uchun jami 5,8 trln. so‘m, shundan elektr energiyasi bo‘yicha 4,5 trln. so‘m hamda tabiiy gaz bo‘yicha esa 1,3 trln. so‘m mablag‘lar undirilgan.

Majburiy ijro byurosi energiya resurslari uchun to‘lovlarning to‘liq va o‘z vaqtida undirilishini ta’minlash sohasida qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Elektr, gaz va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish va talon-toroj holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha nimalar qilinyapti?

— Byuro organlari tomonidan energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlash maqsadida 2017-yil 31-dekabr holatiga 6,96 trln. so‘m miqdordagi qarzni to‘lash yuzasidan iste’molchilarga 8,5 mln.ta majburiy talabnomalar yuborildi. Shuningdek, 266,6 mlrd. so‘mlik qarzni ish haqidan ushlab qolish haqida ish beruvchilarga 817.688 ta talabnoma berildi.

Energiya resurslari iste’moli bo‘yicha 1 trln. 961 mlrd. so‘mlik qarzi bo‘lgan 95.016 ta yuridik shaxsning bankdagi hisob-raqamiga inkasso topshiriqnomalari qo‘yildi, sudlarga 14.768 ta da’vo arizasi kiritildi, 10.361 ta majburiy ko‘rsatmalar va jamoat ta’sir choralarini ko‘rish haqida 5.161 ta taqdimnoma kiritildi.

Hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan va tarmoqqa noqonuniy ulangan 177.603 nafar iste’molchi, shu jumladan, 25.525 nafar yuridik shaxs elektr va gaz tarmoqlaridan uzildi.

Elektr, gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish va talon-toroj holatlarini aniqlash va ularga qarshi kurashish borasida ham samarali ishlar tashkil qilinmoqda.

Xususan, tezkor-surishtiruv tadbirlar natijasida 995 mlrd. so‘mlik foydalanish qoidalarini buzish, iste’molchilarning pul mablag‘larini talon-toroj qilish va boshqa holatlar bo‘yicha 420 ta jinoyat ishi (240,2 mlrd. so‘m elektr, 754,8 mlrd. so‘m gaz), shuningdek, huquqbuzarlikka oid 23,7 mlrd. so‘mlik 20.179 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

Elektr va gaz ta’minoti korxonalari xodimlarining tovlamachilik, poraxo‘rlik va mansabini suiiste’mol qilgani, mavjud qarzdorlikni hisobdan chiqarib berish evaziga qonunga xilof ravishda haq olgani holatlari bo‘yicha 152 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Byuro organlari tomonidan aholining huquqiy va to‘lov intizomiga rioya etish madaniyatini oshirish, iste’molchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida 31.235 ta targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi, shundan 3.717 tasi ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarni tashkil qiladi.

Shuningdek, respublika va mahalliy telekanallar orqali energiya resurlaridan oqilona foydalanish va bu boradagi qarzdorlikni kamaytirishga qaratilgan videoroliklar namoyish qilib borilmoqda.

— Byuro faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida qanday ishlar olib borilmoqda? Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni elektron tarzda to‘lash xizmati qachon yo‘lga qo‘yiladi?

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazini tashkil qilish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, Majburiy ijro byurosining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi va uning hududiy bo‘limlari tashkil qilindi.

Markaz tomonidan Byuroning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va yuritish bo‘yicha yagona siyosatni ishlab chiqish, axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Xususan, elektr va tabiiy gazni hisobga olish uskunalaridagi ko‘rsatkichlarni ko‘rikdan o‘tkazish va elektron kuzatish imkonini beruvchi «Inspektorlar faoliyatini nazorat va tahlil qilish» dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

Byuro faoliyatiga ushbu tizimning joriy etilishi energiya resurslari iste’molini nazorat qilish va hisobga olish jarayonini soddalashtirib, tezkor tahliliy ma’lumotlarni real vaqt rejimida kam vaqt sarflab olish, shuningdek, turar va noturar joy fond ob’yektlarining egalari, kadastr ma’lumotlari, energiya resurslari, ichimlik suvi, issiq suv va isitish tizimlari iste’moli, kommunikatsiyalar va inshootlar haqidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan yagona elektron pasportlarini shakllantirish, energiya manbalari tushumlarini avtomatik onlayn ravishda yig‘ish, foydalanilgan energiya resurslari hajmlari va tarmoq chegarasiga yetkazib berilgan hajmlar o‘rtasida tafovutlarni aniqlash imkoniyatini yaratdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida xatlangan mol-mulklarni elektron onlayn auksionlarda realizatsiya qilish uchun «Elektron onlayn  auksionlarni tashkil etish markazi» tuzildi.

Ijro ishi yuritishni amalga oshirishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha auksion savdolarining qonuniyligi, shaffofligi va xolisligini ta’minlash, narx-navo manipulyasiyasi va boshqa suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularning oldini olish maqsadida 2017-yil 1-sentyabrdan auksion savdolar faqatgina «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionlar shaklida o‘tkazilishi belgilandi.

O‘tgan davrda ushbu maydonchada qiymati 43,2 mlrd. so‘mlik 561 ta mol-mulk sotildi.

Endi fuqarolar ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan respublikamizning turli nuqtalaridan internet tarmog‘i orqali auksion savdolarida ishtirok etishlari mumkin.

Bobur Nabi suhbatlashdi.

Elektr va gaz plomba va hisoblagichlarini o‘rnatish tartiblari, iste’molchilarni tarmoqdan uzish, tarmoqqa noqonuniy ulanganlar, MIB xodimlarining maxsus kiyimi va hujjatlari hamda boshqa ma’lumotlar joy olgan suhbatning davomini tez kunda saytimizda o‘qishingiz mumkin.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring