Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktablar reytingi tuziladi: ishtirokchilar qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi

Maktablar reytingi tuziladi: ishtirokchilar qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi

2018-yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ilk marotaba O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari reytingi aniqlangan edi. Ushbu reyting natijalarining e’lon qilinishi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada samarali ish olib borishiga asos bo‘ldi.

Endi, ushbu jarayonning mantiqiy davomi sifatida reyting tizimini umumta’lim maktablarda ham o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratish lozim, mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlashda 57 ta OTM ishtirok etgan edi.

Lekin umumta’lim maktablarga nazar tashlasak, ularning soni o‘n mingga yaqin. Demak, bular o‘rtasida 1, 2, 3, 4.............9567, 9566 degan tartibda reyting keltirib chiqarish o‘ta mushkul va noreal holat.

Shu nuqtai nazardan,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida 2019-yil 1-yanvardan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumta’lim muassasalari faoliyati samaradorligi bo‘yicha reyting tuzilishi belgilangan. Shunga asosan, 2018-yil 29-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligining «Umumta’lim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori imzolanib, Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Albatta, reyting jarayonini qanday amalga oshirish mamlakatimizdagi har bir umumta’lim maktabi uchun muhim.

Maktablar reytingini aniqlash ikki bosqichda amalga oshiriladi

Birinchi bosqichda respublikamizdan reytingda ishtirok etadigan 28 ta tuman va shahar aniqlanadi. Bunda 14 ta hududning markaz shaharlari tanlanadi. Unga qo‘shimcha ravishda har bir hududdan bittadan tuman qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlab olinadi. Demak, respublikamiz bo‘yicha 28 ta tuman va shahar reytingni aniqlashda ishtirok etadi.

Ikkinchi bosqichda quyidagi 4 ta reyting indikatori bo‘yicha tanlangan tuman, shaharlardagi maktablar faoliyati o‘rganiladi.

  1. 11-sinf bitiruvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim tayyorgarlik darajasi va sifati ko‘rsatkichi;
  2. 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi ko‘rsatkichi;
  3. Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi;
  4. O‘quvchilar va pedagoglar bilan o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rov natijalari.

Reytingda umumta’lim muassasalari 9-sinf bitiruvchilarining bilim darajasi  PISA (Programme for International Student Assessment) va TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study) — o‘quvchilar bilimini xalqaro baholash dasturi talablari doirasidagi savollar asosida baholanadi.

Umumta’lim muassasasida o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rovlar nazorat ishlari boshlanishidan oldin tashkil etiladi va quyidagi ikki usulda amalga oshiriladi:

Birinchi usul. Bitiruvchi sinflar o‘quvchilari bilan pedagog va rahbar xodimlar faoliyati to‘g‘risida ijtimoiy so‘rov o‘tkaziladi. Bunda ta’lim muassasasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit va o‘qituvchilarning dars berish maxorati haqida o‘quvchilar fikri o‘rganiladi.

Ikkinchi usul. Pedagogik jamoa bilan TALIS (Teaching and Learning International Survey) — ta’lim berish va o‘qitish tizimining xalqaro tadqiqotiga asoslangan ijtimoiy so‘rov o‘tkaziladi. Bunda maktablarda o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va u yerdagi o‘quv muhitining ahvoli haqida o‘qituvchilar fikri o‘rganiladi.

Umumta’lim muassasalari reytingini tuzish maqsadida Davlat inspeksiyasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish, umumta’lim muassasalarida nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiya tuziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda umumta’lim muassasalari reytingini aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish, nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish bo‘yicha Davlat inspeksiyasining hududiy bo‘limlari hamda Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuziladi. Komissiya hamda ishchi guruh tarkiblari Davlat inspeksiyasi buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Reytingda qatnashadigan tuman, shaharlar umumta’lim muassasalari ro‘yxati komissiya tomonidan belgilanib, 2019-yilning 1-fevraligacha e’lon qilinadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Ta’lim sifatini nazorat qilish
davlat inspeksiyasi m
atbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring