Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Matematik o‘z formulasi bilan 14 marta lotereyada yutdi

Matematik o‘z formulasi bilan 14 marta lotereyada yutdi

Foto: «Life»

Rumin matematigi va iqtisodchisi Stefan Mandel o‘zi ishlab chiqqan tizim bo‘yicha 14 marotaba lotereyada yutuq egasi bo‘ldi. Uning formulasidan xabar topgan ayrim mamlakatlar davlat lotereyalarini o‘tkazish tartibini o‘zgartirishga majbur bo‘lishdi, biroq Stefan bironta qonunni buzgani yo‘q, deb xabar bermoqda «Life».

«Omad formulasi»

Stefan Mandel kommunistik Ruminiyada tug‘ilib, voyaga yetgan, turgan gapki, boy bo‘lish haqida orzu qilmasa ham bo‘lardi. Biroq u taqdirni aldadi — bir emas, o‘n to‘rt marotaba. Matematik qobiliyatini ishga solib shunday tizim yaratdiki, oltitadan beshta raqamni to‘g‘ri topib berardi.

Formula pishganidan so‘ng to‘rt yil o‘tib uni ishga solgan va ehtimoliy raqamlarga ega barcha lotereya chiptalarini xarid qilgan Mandel jek-pot sohibi bo‘ldi. Bu pullarga amaldorlarni sotib olgan Mandel amallab mamlakatdan chiqib ketdi va Isroilga borib o‘rnashdi.

Dog‘da qolgan kapitalistlar

Bu ko‘hna zamin uning uchun oxirgi manzil emasdi. Mandel ko‘p o‘tmay ko‘ch-ko‘ronini ortmoqlab barqaror iqtisodiyotiga ega, eng asosiysi, fuqaroligi hamdo‘stlikka kiruvchi barcha mamlakatlarning davlat lotereyalarida qatnashish huquqini beruvchi Avstraliyaga ravona bo‘ldi.

Britancha lotereya tizimiga ham formulasini tatbiq eta olgan matematik «katta ish»ni boshladi.

Stefan Mandel o‘z formulasi asosida yutuq chiqishi ehtimoli eng katta lotereya chiptalarini yoppasiga sotib olish uchun sarmoyadorlarni jalb qildi. Shu tarzda u 12 marotaba lotereya tashkilotchilarini dog‘da qoldirdi. Avstraliya hukumati har safar lotereyani o‘tkazish tartibini isloh qilar, biroq Mandel aylanma yo‘llarni topib, jek-potni o‘ziniki qilib ketardi.

Matematik bo‘lsang o‘zingga, ammo...

Besh qo‘lni baravar og‘izga tiqish yaxshi emas: Mandelning ishtahasi ochilib ketib AQShni ko‘zlab qoldi.

Unga sarmoyadorlari ham ergashishdi. Ular Virjiniya shtati lotereyasida qatnashib, naq 27 million dollar yutib olishdi (Bunga ular olgan minglab yutuqlarni kiritmayapmiz, axir ular sotib olgan juda ko‘plab chiptalarga ham yutuq chiqqan). Matematikning xatti-harakatlarida qonun buzilishi alomatlari aniqlanmaganidan so‘ng, unga yutuqning oxirgi sentigacha to‘lab berishdi.

Boshqa odam bo‘lganida to‘xtarmidi-yo‘qmi — dargumon. Ammo Mandel o‘ziga, foormulasiga haddan ziyod ishonib yuborgan ko‘rinadi.

Keyin u Isroil davlat lotereyasida qatnashishni istab qoldi, sarmoyadorlarni chaqirdi, ammo chuchvarani xom sanagan ekan: formula shu yerda pand berdi, jek-pot tugul qarzga olingan pullarni ham qaytara olmadi. Oqibatda firibgarlikda ayblanib 20 oy o‘tirib chiqdi.

Panjara ortidan chiqqanidan so‘ng matematik olis orol-davlat Vanuatuga ketib, o‘sha yerda yashayapti.

Darvoqe, Stefan Mandelning formulasidan foydalanish endi mumkin emas. Matematik foydalangan usullar hozir noqonuniy hisoblanadi. Shunday ekan formulaning yangisini (agar oramizda matematiklar bo‘lsa) o‘ylab topishga yoki pul ishlashning boshqa yo‘llarini (albatta, qonuniy) qidirishga to‘g‘ri keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring