Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

«Meni quchoqlang, onajon, hech bo‘lmasa yuragim isisin...»

«Meni quchoqlang, onajon, hech bo‘lmasa yuragim isisin...»

Bolajon, uy shunchalik zaxlab ketdiki, quchoqlashim befoyda...

Foto: «vpravda.ru»

Ertalab internetga kirib xat-xabarlarni ko‘zdan kechirayotsam, tungi uchlarda yuborilgan bir maktub e’tiborimni tortdi. Sirdaryo viloyati Xovos qo‘rg‘onidan bir o‘qituvchi ayol yuborgan ekan. Xatni o‘qib yuragimga og‘riq kirdi, nima deyish, qanday maslahat berishni ham bilmay qoldim. Beixtiyor aybdorlarni izlayman, masalaga yechim topish, chorasiz qolgan ayolga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, hech bo‘lmasa dalda berishni istayman. Mushtipar onalar, kasalmand bolalarning sovuqda qolishini qanday oqlash mumkin, deya dunyoga jar solgim keladi. Oilasini qiyin ahvolga solib, shikoyat qilish, muammoga yechim topish yo‘lini bog‘lab qo‘ygan erkakka ta’na-malomatlar yog‘dirgim keladi. Ushbu maktubni imlosi tahrir qilingan holda e’tiboringizga havola etar ekanman, sizda ham shunday o‘y-xayollar tug‘ilishi, ilojsiz qolayotgan onaning nolalari, murg‘ak bolaning dardi yuragingizga ko‘chishiga shubha qilmayman. Ammo miltillab turgan bir umid, ishonchsizgina ishonch ham borki, zora o‘zbek onasining bu so‘zlarini o‘qigan mutasaddilar Xovos qo‘rg‘oniga uzatilayotgan gaz miqdorini oshirsa...

«Assalomu alaykum. Sirdaryo viloyatida tug‘ilganingiz uchun bir yaqinlik sezgan holda sizga yozayapman. Uzr, yarim tun bo‘lsa-da. Sovuq jonimdan o‘tib (ko‘rpamni aytmasam ham bo‘ladi) uxlolmay, buning ham yechimi bo‘lishi kerakku, deb internetni titkilab, sizni topdim.

Avvalo o‘zimni tanishtirsam. Sirdaryo viloyati Yangiyer akademik litseyida o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Xovos qo‘rg‘onida yashayman. Bu yerga kelin bo‘lib tushganimga 23 yil bo‘ldi. Kelganimdan buyon na tabiiy gaz, na ichimlik suviga yolchiymiz. Suvni uzoqdan tashib kelamiz. U ham bo‘lsa sho‘r va taxir, yaxshilab qarasangiz, mayda suv o‘tlari ko‘rinadi. Ammo bizni eng ko‘p tabiiy gaz muammosi qiynab kelmoqda.

Boshim qotgan. Kimga nima deb murojaat qilishni bilmay hayronman. Turmush o‘rtog‘im: «Agar biror joyga arz qilsang, sen bilan xayrlashamiz, menga shikoyatchining keragi yo‘q», — deb po‘pisa qilgani uchun qo‘l-oyog‘im bog‘langan. Ammo nima qilay, dardimga nimadir chora topishim kerak-ku. O‘g‘lim 3-sinfda o‘qiydi. «Sovuqqa allergiya» degan dard yopishdi shu bolamga. Yuragim tilka-pora. Tibbiyotda bu yangi dard ekan, davo hali topilmagan, birdan-bir chorasi sovuqdan ehtiyot qilish.

Qishdan esa choy qaynaydi-yu, osh pishmaydigan gaz bilan chiqdik. Oshxona gazini yoqsak, uynikini o‘chirib qo‘yishimiz kerak. Uyni yoqsak – oshxona gazini o‘chirmasa bo‘lmaydi. Har ikkisini yoqsak gazning hidi boru olov yonmaydi.

1-mart kuni gaz o‘chdi. Kuz-qish mavsumi yakuniga yetibdi-da, degan xayolga bordik (odatda negadir bizda to‘lovlarni vaqtida to‘lasak ham 1-noyabr yoki 1-dekabrdan gaz berilib, 1-martda o‘chiriladi).

«3 kunda gaz kelar ekan. Bu yil boshqacha bo‘lar ekan, yozda ham, bahorda ham, kuzda ham gaz berilarkan», — deyishdi. Xursandligimizning cheki yo‘q! Ammo 3 kundan keyin kelgan gazning ahvolini ko‘rib kulishni ham, yig‘lashniyam bilmay qoldik: lipillagan gazda choy ham qaynamaydi! Oshxona eshigini qattiqroq yopsangiz shamoliga o‘chib qoladi. Uylar zax tortib ketgan, xalq qabulxonasiga boraman, gaz boshqarmasiga boraman, desam xo‘jayinimning malomatidan qo‘rqaman.

8-mart bayrami kuni kechasi ko‘rpaga o‘ranib ertangi darsga tayyorgarlik ko‘rayotsam, o‘g‘ilcham yonimga kelib: «Ayajon, yotaylik, yuzim shishib borayapti sovuqqa, allergiyam qo‘zidi shekilli», — dedi. Qavat-qavat ko‘rpani yopib, bolamni quchib, qachon kunlar isirkan degan o‘y bilan yotsam o‘g‘ilcham: «Aya, meni quchoqlang, sovuq qotayapman», — deydi. Bolajon, uy shunchalik zaxlab ketdiki, quchoqlashim befoyda, desam: «Quchog‘ingizda tanam isimasayam qalbim isisin», — deydi! Ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi, yoshimni ichimga yutib, endi nima qilsam ekan, degan o‘yda yotib, uyqum o‘chdi. Qayga boray? Kimga murojaat qilay? Bu yog‘i turmush o‘rtog‘imning qarshiligi…

Xullas, shunaqa gaplar. Bir maslahat bering. Nima qilish kerak? To‘g‘risi, hech qachon hech qayerga shikoyat qilib bormaganman, shikoyat qilish tartiblarini ham bilmayman. O‘zimdan uyalib ketayapman…

M.E, Xovos qo‘rg‘oni Chamanzor mahallasi».

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring