Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mullo»ning folidan avval siri ochildi

«Mullo»ning folidan avval siri ochildi

Fotokollaj: «Xabar.uz»

G‘ijduvonlik Nasrullo Berdiyev (barcha ism-shariflar o‘zgartirildi) kim uchundir mullo, kimdir uchundir «kuf-suf»chi edi... Nima bo‘lgandayam,  tumanda «dong‘i» ketganlardan. Bir necha marotaba firibgarlikda ayblanib, sudda javob berganiga qaramay, «mullo»likdan voz kechmadi. Ajabki, uning «nafasi o‘tkirligiga» ishonadigan topilaveradi-da.

Shulardan bittasi Said Vohidov. U birorta «formali» ishga kirish niyatida edi. Kogon tumani IIB Yong‘in xavfsizligi bo‘linmasida ishlab kelgan vobkentlik Baxtiyor Ne’matov bajonidil yordam bermoqchi bo‘ldi. Tekinga emas, albatta. Viloyatdagi tanishlarini ishga solib, Saidni o‘zi kabi «pojarniy»chi bo‘lishni taklif etdi. Buning uchun bir yarim ming AQSh dollarini oldi ham. Biroq quvvati Saidni YoXBga shahodatlangan xodim sifatida emas, balki Vobkent tumanidagi erkin yollanib ishlovchilar otryadiga ilashtirib qo‘yishga yetdi, xolos.

Shuncha pul sarflab, murodi hosil bo‘lmagan Said Vohidov nima qildi deng? O‘ylab-o‘ylab... g‘ijduvonlik mullo Nurilloning huzuriga borsami?! EH, xom sut emgan banda!

Xullas, «mullo»ga borib, o‘zini «o‘qib» qo‘yishni so‘rash asnosida pul sarflab, «forma» kiya olmaganidan hasrat qildi. «Mullo» uni tinglar ekan, go‘yo yordam qilmoqchi ekanini aytdi. Avvaliga Saidni «o‘qib», yo‘lini «ochib» qo‘yishi uchun 400 ming so‘m miqdoridagi pulini oldi. So‘ng o‘zining tanishi, bir paytlar tergov organida ishlagan Shokir Dadashevni go‘yoki Saidning tog‘asi sifatida «yollab», uning bir yarim ming dollarini Baxtiyor Ne’matovdan undirib berishga ishontirdi.

Shunday bo‘ladi ham.

Qonunni ancha-muncha bilgan Shokir Dadashev «jiyani»ni chuv tushirgan Baxtiyor Ne’matov bilan uchrashib, uning ustidan «portal»ga murojaat qilishini bildirdi. Shundan so‘ng boshiga ne kunlar tushishini tasvirlab ham berdi.

Qisqasi, qo‘rqituv yo‘li bilan pulni undirib oldi.

Shu bilan Said Vohidovning mushkuli oson bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi? Qayoqda. Sho‘rlik yomg‘irdan qutilib, do‘lga duch kelganini qayerdan bilsin?!

Pulni qo‘lga kiritishgach, «Mullo» va sobiq tergovchi Saidni avrashga tushadi. «Men seni «o‘qib» qo‘ydim. Tez kunda «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat aksionerlik kompaniyasining Navoiy shahridagi bo‘limiga ishga kirasan... Buning uchun parilarim rozi bo‘lishi kerak», deydi «mullo».

Shu tariqa sodda va go‘l Saidning pullari «qulog‘ini» ushlab ketadi.

...Na puldan, na ishdan darak bo‘lavermagach, u tegishli organga ariza bitadi. Shundan keyingina «mullo» va uning sherigi qiyofasi yana bir karra fosh bo‘ladi.

Natijani bilib turgan bo‘lsangiz kerak: tergov, sud, jazo...

«Mullo»ning folidan avval ochilgan siri shu.

Laylo

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring