Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Murod Jumayev: «Dividend solig‘ining 25 foiz qilinishi tadbirkor uchun katta zarba bo‘lishi mumkin»

Murod Jumayev: «Dividend solig‘ining 25 foiz qilinishi tadbirkor uchun katta zarba bo‘lishi mumkin»

Foto: «Xabar.uz»

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda. Keng qamrovli islohotlarda barcha soliq turlarini qaytadan ko‘rib chiqish nazarda tutilgan. Bu jarayonga, ayniqsa, tadbirkorlar befarq emas. «Express Mail Universal» (EMU) MChJ direktori Murod Jumayev muxbirimiz bilan suhbatda soliq konsepsiyasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

— Sizningcha, nega aynan hozir O‘zbekistonda yangi soliq konsepsiyasini joriy etishga zarurat paydo bo‘ldi?

— Bundan maqsad, avvalambor, iqtisodiyotda soliq yukini kamaytirish orqali raqobatbardoshlikni oshirish, soliq hisobotlarini soddalashtirish, mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investorlarni jalb qilishdir.

— O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasida ilgari surilayotgan yangiliklarga munosabatingiz qanday? Umuman, jarayonni kuzatib boryapsizmi, sizning nazaringizda, konsepsiya loyihasida e’tibordan chetda qolib ketayotgan omillar ham bormi?

— Albatta, har bir tadbirkor, har bir ishlab chiqaruvchi yo xizmat ko‘rsatuvchi bu jarayonni katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Voqealar rivojidan chetda qolib ketganlar ertaga raqobatchilaridan ham ortda qolishi tayin. Yangi soliq konsepsiyasi loyihasida o‘ziga yarasha imkoniyatlar taklif qilinmoqda, masalan, amaldagi soliq tizimida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar soni juda ko‘p. Yangi joriy qilinadigan konsepsiyada esa soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar soni kamaytirilib, soddalashtirilyapti. Shu bilan birga, menimcha, ayrim kamchiliklari ham bor.

Konsepsiya loyihasidan chetda qolib ketgan omillarni hozircha ko‘rmadim, lekin bir narsani aytishim kerakki, dividend solig‘ining 25 foiz qilinishi tadbirkor uchun katta zarba bo‘lishi mumkin. Ya’ni, agar dividend solig‘i kamaytirilmas ekan, investorlarni jalb qilish ham, yangi tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil qilish ham qiyin bo‘ladi. Agarda investor kichikroq stavkadagi soliq to‘lash orqali dividendni olsa, u yana boshqa bizneslarga pulini tikishi, yangidan-yangi ish joylari yaratishi mumkin. Agarda mahalliy investor dividend solig‘ini to‘lab, o‘z pulini qaytarib olsa, yangi biznesga qaytib pul tikmasligi aniq. Har bir investor va tadbirkorning maqsadi faqat foyda olish bo‘lsa, unda o‘z pullarini tijorat banklariga omonatga qo‘yishni afzal biladi.

Menimcha, konsepsiyada daromadi yiliga 1 000 000 000 (bir milliard) so‘mdan oshgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ham majburiy ravishda QQS to‘lashlari kerak. Bu xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar uchun biroz noqulaylik keltirib chiqarishi mumkin, chunki xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning asosiy resursi ish haqi ko‘rinishidagi xarajatlardir, ya’ni ular QQS bilan juda kam miqdordagi resurslarni qabul qiladilar.

— Soliq tizimi va sizning kompaniyangiz: eski soliq tizimida qanday ishlardingiz va o‘ylaysiz, bundan pochta-kurerlik bozorimiz qanday o‘zgarishga uchraydi: pochtaga ham sarmoya kiritilarmikan yoki chet eldagi yirik operatorlar bizda ko‘plab filiallarini ochsa, bizdagi pochta-kurerlik kompaniyalari raqobatga dosh bera oladimi?

— Siz aytganingizdek, chet ellik investorlar O‘zbekiston bozoriga kirib kela boshlasa, pochta-kurerlik kompaniyalariga ham sarmoyalar kiritiladi. Chunki O‘zbekiston bozorida bu soha hali rivojlanamagan. Raqobat bo‘lgan joyda rivojlanish, xizmat ko‘rsatish sifati oshadi. Mahalliy kompaniyalar ham hozirda chet el kompaniyalaridan qolishmagan holda xizmat ko‘rsatib kelmoqda, yangiliklar qilishmoqda. Mijozlarning talab va istaklariga binoan xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bilan birga, bizning kompaniyamizda ham chet el tajribalari o‘rganib kelinyapti. Yaqinda Turkiyada xizmat safarida bo‘lib, pochta-kurerlik kompaniyalarining ishini o‘rganib keldim. U yerda shunga amin bo‘ldimki, bizning kompaniyada tashkil qilingan xizmatlar Turkiyada joriy qilingan xizmatlardan hech ham qolishmaydi. Agarda chet ellik kompaniyalar mamlakatimiz bozoriga kirib kelsa, kompaniyamiz raqobatga bardosh berishiga, xizmatlari sifatini yanada yaxshilay olishiga ishonaman. Biznesda raqobatga qarab emas, mijozning xohishiga qarab harakat qilish kerak — bu kompaniyamizning shiori.

— Yangi soliq konsepsiyasi avvalo kim uchun foydali: yirik kompaniyalargami yoki kichik biznesgami? Umuman, kompaniyalarda ishlovchi oddiy xodimlarga ham soliq islohotlari yengillik beradimi?

— Yangi konsepsiya yirik kompaniyalar uchun ham, kichik biznes uchun ham soliqlarni soddalashtirish evaziga yengillik beradi. Korxonalar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat esa, albatta, iqtisodiyotning o‘sishiga olib keladi.

Xodimlarga keladigan bo‘lsak, fikrimcha, jismoniy shaxslarning daromad solig‘i stavkasi yetarli darajada baland (25 foiz) qilib belgilangan. Ushbu stavkani pasaytirish masalasi ham ko‘rib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Sobit Ahadov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring