Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Murojaatchi har doim ham haqmi?

Murojaatchi har doim ham haqmi?

Keyingi paytlarda xalq so‘zlashuv iste’molida «murojaatchi» so‘zi tez-tez ishlatiladigan bo‘ldi. Eng qizig‘i, bunday fuqarolarni jamoatchilik negadir uncha xushlamaydi. 

Navoiy shahrining «Yangiariq» mahallasida yashovchi fuqaro M. Sh. ham shunday qildi. Ostona hatlab chiqishiga esa 1 ming 441 so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligi sabab bo‘ldi. Navoiy shahar davlat xizmatlari markazi orqali soliqdan qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olmoqchi bo‘lgan fuqaroga tegishli idora vakillaridan fuqaroning soliqlar va majburiy to‘lovlardan qarzi mavjudligi to‘g‘risidagi xabar keladi. 2018-yilning 8-may kuni M.Sh. soliqdan hech qanday qarzi yo‘qligini ta’kidlab, Navoiy shahar Davlat soliq inspeksiyasiga ariza bilan murojaat ham qiladi. Ammo, natijasi bo‘lmaganidan so‘ng 2018-yilning 20 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezdentiga veb-sayt orqali murojaat yo‘llaydi.

1 ming 441 so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligining mojarosi qariyb  5 oy o‘tganda ham hal bo‘lmadi. Bo‘lmaydi-da... Davlatga undiriladigan soliqning bir so‘mi ham davlatniki. Buni ko‘pchilik bilsada, fakat M. Sh. tushunishni istamadi. Aslida fuqaro molu mulk, yer solig‘ini vaqtida to‘lamagan. O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 120-moddasiga muvofiq muddatiga to‘lanmagan soliq summasiga, har bir kechiktirilgan kun uchun 0,033 foiz miqdorida penya hisoblanadi. Mana 1 ming 441 so‘m miqdoridagi qarzdorlik qayerdan kelib chiqqan.

Bir yarim ming so‘m pul uchun vaqti, asabini ayamagan fuqaro ikki idora vakillarini ovora qilganiga achinarmidi?... Ha, oramizda bunday murojaatchilar ham topiladi. To‘g‘ri,  haqlimi,  haqsizmi tegishli idoralarga murojaat qilish fuqaroning huquqi. Shunga aytishadida, burchini unutgan odam haqqini yaxshi biladi, deb.

Yana bir murojaat hikoyasiga e’tibor qaratmoqchi edik. Navoiy viloyati Xatirchi tumani Mirzo Ulug‘bek nomidagi MFY da yashovchi D.A ijtimoiy ahvoli yomonligi, ikki nafar farzandi borligi, turmush o‘rtog‘ining ishsizligi, yangi imoratga sharoiti bo‘lmasada ko‘chib o‘tganligi, uyida  elektr energiyasi o‘tkazish uchun mablag‘i yo‘qligi, shuningdek, tomini ta’mirlab berishlarini istab 2018-yil 12-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga pochta orqali murojaat qilgan.

Davlat xizmatlari Agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi mutaxassislari 15-noyabr kuni tashkil etilgan sayyor xizmat tadbiri jarayonida fuqarodan elektr energiyasiga ulanish bo‘yicha joyida murojaat qabul qilib, shu kunning o‘zida Xatirchi tumani Elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari hamkorligida muammoga yechim topdilar. Bir oilaning turmush sharoitini yaxshilash uchun mahalla hamda tadbirkorlar ham birlashdilar. Mazkur murojaatni bekorga misol qilib keltirmadik. Xalqimiz mehr-muruvatli, biri birining og‘ir kunida yelkadosh bo‘ladigan millat. Bunday murojaatlarga kun ora duch kelamiz. Davlat xizmatlari Agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan 2018-yil davomida jami kelib tushgan murojaatlar soni 140 ta, shundan davlatimiz rahbarining virtual qabulxonasi orqali 91 ta, bevosita boshqarmaga kelib tushgan murojaatlar 49 tani tashkil etdi. Mazkur murojaatlarning 45 tasi qanoatlantirilgan 83 tasiga tushuntirishlar berish bilan fuqarolarning murojaatlariga ijobiy yechim topishda amaliy ko‘mak berildi.

So‘nggi so‘z o‘rnida aytadiganimiz yuqorida misol keltirgan ikki murojaatchining hohish istaklariga guvoh bo‘ldingiz. Xulosa chiqarish esa sizdan.

Asliddin Orziyev,
DXA Navoiy viloyati boshqarmasi
Tashkiliy-tahlil bo‘limi
bosh maslahatchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring