Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Musiqa inson faoliyati va his-tuyg‘ulariga ta’siri

Musiqa inson faoliyati va his-tuyg‘ulariga ta’siri

Musiqa mutolaada foyda beradi

Foto: «Wallpaperpond.com»

Musiqa sadolarining inson organizmiga ta’siri haqida Gippokrat ham gapirib o‘tgan. Maxsus kuylar yordamida qadim zamonlarda tabiblar tutqanoq va bosh og‘rig‘ini davolashgan. Aytishlaricha, kor qilgan ekan. Umuman, hozir ham odamlarga musiqa yetarlicha ta’sir o‘tkazadi. Muhimi — to‘g‘ri tanlov qilishda.

Oshxonada

Parhez tutadigan insonlar sokin holatda ovqatlanganlari durust. Ma’lum bo‘lishicha, musiqa tovushi ishtahani qitiqlaydi. Ayniqsa, jaz va xip-xop ko‘proq taom yeyishga undaydi. Bu musiqa janri miyaning kerakli nuqtalariga ta’sir o‘tkazib, taomning yanada mazali tuyulishiga sabab bo‘ladi, bu esa ortiqcha kaloriyalar qabul qilinishiga olib keladi.

Klassik musiqa yeguliklar borasida u qadar «mazali» taassurot qoldirmaydi, ammo cho‘ntagingizga zarar keltirishi hech gap emas, ayniqsa, siz restoran va tamaddixonaga kirgan bo‘lsangiz. Gap shundaki, klassik qo‘shiqlar sizni qimmatroq taomni buyurtma qilishga undaydi. AQSh olimlari o‘tkazgan tajribalar shunday kechdi: qahvaxonaga kirgan xo‘randalarning bir qismi sokinlikda, bir qismi estrada qo‘shiqlari, bir qismi esa klassik qo‘shiqlar tinglab ovqatlanishdi. Oxirgi guruh vakillari qimmatga tushdilar. Ayniqsa, Motsart, Shubert, Betxovenning kuylari yanada ko‘proq xarj qilishga undaydi.

Xullas, kim tushlikni tejash, qomatini saqlashni istasa, musiqa tanlashda ehtiyot bo‘lishi kerak. Bunday vaziyatda sizga Vivaldining kuylari qo‘l keladi. Bu musiqa ochlik hissini kamaytiradi.

Yotoqxonada

Uxlay olmayapsizmi? Unda uyqudan oldin jaz yoki folk tinglang. Britan olimlari uyqusizlikdan qiynaladigan qariyalar o‘rtasida tajriba o‘tkazishdi. Ma’lum bo‘lishicha, sukunatda yotish tezroq uxlashning eng maqbul yo‘li emas ekan. Agar xonada past tovushda qo‘yilgan jaz kuylari taralab tursa sizni uyqu elita boshlaydi.

Kanadalik olimlar britaniyalik hamkasblarini to‘la quvvatlaydi. Bundan tashqari, ularning fikricha, inson uyquga ketgandan so‘ng ham musiqani o‘chirmaslik kerak. Sababi, past musiqa sadolari odamning xotirasini mustahkamlaydi. Mutaxassislar shunday test o‘tkazishdi: uyqu vaqtida odamlarga bir necha xorijiy kuylar qo‘yib berildi. Tun bo‘yi musiqa tinglab uxlagan odamlarning jimjitlikda uxlaydigan odamlarga nisbatan so‘zlarni eslab qolish qobiliyati oshgani ma’lum bo‘ldi.

Sport zalida

Sport bilan shug‘ullanish paytida ham albatta musiqa tinglaysiz. Professional sportchilar musobaqalardan oldin atayin maxsus musiqalarni tinglashadi. Izlanishlarga ko‘ra, bu sportdagi natijalarni 12 foizga oshirar ekan. Startdan oldin past notalarda yozilgan kuyni eshitish ayni muddao. Bas kompozitsiyalar iroda kuchiga ishonch bag‘ishlaydi.

Mashg‘ulotlar davomida esa daqiqasiga 100-120 zarbli tempdagi shoshqin musiqalarga e’tibor qaratish kerak. Bunday chastota yurak dukuri bilan uyg‘un bo‘lib, mashg‘ulotlarning yanada samarali o‘tishiga yordam beradi, charchoqni chiqaradi.

Avtomobilda

Mutaxassislar mashina haydash chog‘ida musiqani pasaytirishni maslahat berishadi. Bu tushunarli albatta: baland musiqa boshqa ulovlarning signallarini eshitishga xalal beradi. Salondagi shovqin avtomobilni boshqarishda yanglishishlar yuz berishiga sabab bo‘ladi. Mashinadagi musiqa ritmi va janri haydovchilik qobiliyati kuchayishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi qo‘shiq kuylasa, uning tezligi pasayadi va e’tibori bo‘linadi.

Ishxonada

Olimlar past tovushda qo‘yilgan musiqa ishchanlikni o‘rtacha 10 foizga oshiradi va hamkasblarga nisbatan xato qilish darajasini kamaytiradi, deyishmoqda. Barchasiga ulgurish uchun klassik kuylar tavsiya etiladi. Mantiqan fikrlashda Betxoven kuylari yordam beradi. Muhim ma’lumotlarni eslab qolishda esa Motsart asqotadi. Charchoqdan xalos bo‘lish uchun Chaykovskiy va Bax, ijodiy ishlarda Shopen va Ravel musiqiy asarlari tavsiya etiladi. Agar ishingiz doimiy stresslarga sabab bo‘lsa, sizga Shtraus valslari yoki Shostakovich musiqalari yordam beradi. Ular asab tizimini tinchlantiradi.

Yolg‘izlikda

Derazadan tashqarini kuzatar ekansiz, pleyerni olib yolg‘iz musiqa tinglashga qaror qilsangiz, g‘amgin qo‘shiqlarni tanlang. Ma’lum bo‘lishicha, g‘amgin sadolar sho‘x qo‘shiqlarga nisbatan g‘am-anduhni yengishga ko‘proq yordam beradi. Ruhshunoslarning aytishicha, g‘amgin qo‘shiqlar odamni tinchlantiradi, ruhini yengil qiladi. Ma’yus kuylar negativ tuyg‘ulardan xalos bo‘lishga ko‘mak beradi. Ular odamning xavotiri, xayollari va tuyg‘ularini baholash va tahlil qilishda qo‘l keladi.

Yodda tuting!

Germaniyalik olimlar izlanishlaridan ma’lum bo‘ldiki, turli musiqa asboblaridan taraladigan kuylar inson organizmiga turlicha ta’sir etarkan. Masalan:

  • arfa yurak faoliyatini yaxshilaydi;
  • baraban qon aylanishini yaxshilaydi;
  • saksofon ishtiyoqni kuchaytiradi;
  • skripka kayfiyatni ko‘taradi;
  • organ osteoxondrozdagi og‘riq hissini kamaytiradi;
  • fortepiano moddalar almashinuvini yaxshilaydi.

Ko‘rib turganingizdek, inson hayotida musiqaning o‘rni nihoyatda kuchli. Faqat tanlovda adashmasangiz bas. Go‘zal musiqa tinglang va hayotingiz ham chiroyli bo‘lsin.

Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring