Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Neftyuan – kimga foyda, kimga zarar?

Neftyuan – kimga foyda, kimga zarar?

Foto: «OverTheDoors.it»

Xalqaro savdoda tovarlar bahosi odatda ularning fyuchers baholariga bog‘liq holda belgilanadi, shu bois fyuchers bahoni o‘rnatuvchilar asosiy (yirik — ulgurji) tovarlarning spot-baholarini ham aniqlaydilar.

Misol tariqasida neft savdosini oladigan bo‘lsak, uning asosiy sortlarining bahosi Londonning «Brent» hamda Nyu-York WTI (West Texas Intermediate) etalon markalari bahosidan kelib chiqib hisoblanadi, ular yordamida har kuni yuzlab million dollarga bitimlar tuziladi.

«Neftdollar» atamasi AQShning sobiq prezidenti Jimmi Karterning maslahatchisi, Jorjtaun universiteti professsori Ibrohim Oveysiss tomonidan o‘ylab topilgan, aftidan u «neft dollarga, dollar esa neftga ayirboshlanuvchi» energetika va moliyaviy resurslar sirkulyasiyasi tizimini tashkil etishni istagan. Shunday qilib, neftdollar — AQSh qudrati va dollar hukmronligining tarkibiy, tengi yo‘q qismi hisoblanadi.

Shubha yo‘qki, neft bahosini shakllantirishga bo‘lgan «huquq» Xitoyga juda ham yetishmaydi. Vaziyatning bundayligi Xitoyning neft xomashyosiga bo‘lgan qaramligini yanada kuchaytiradi va unga juda ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, XXR neft import qilishda faqat bitta (aksariyat holatlarda dengiz bo‘yicha yaxlit tashuvlar) yo‘nalishdan foydalanadi, bu esa juda xatarlidir, yuqorida aytib o‘tilgan «huquq»ning mavjud emasligi bois mamlakatning tashabbus imkoniyati yo‘qqa chiqadi, bundan boshqa mamlakatlar osonlik bilan foydalanishi mumkin.

Boshqa mamlakatlardan farqli ravishda Xitoyda qiziq holatni kuzatish mumkin — neft bahosi ko‘tarilgani sayin uni qo‘proq sotib ola boshlaydilar yoki aksincha. Bunday vaziyat Xitoyda neft bahosini aniqlashga bo‘lgan huquqning mavjud emasligi bilan uzviy bog‘liqdir — u haqiqatan ham xalqaro baholarning tebranishidan foydalana olmaydi, qaram holatda bo‘lishga majbur, bozor to‘g‘risida axborotga ega emas va shu sababli holatga bog‘liq ravishda harakat qila olmaydi, tashabbusni o‘z qo‘liga ola olmaydi hamda neft importida ziyon ko‘rishga majbur bo‘ladi.

O‘tgan yili AQShda neft importi to‘g‘risida «Bloomberg» agentligi tomonidan qilingan hisob-kitoblardan ko‘rinib turibdiki (kuniga 7,9 mln. barreldan ortiq), XXR Qo‘shma Shtatlarni ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha quvib o‘tdi va jahonda eng yirik neft importchisiga aylandi. Xitoy bojxonasining yangi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning neft yetkazib berishga qaramligi darajasi tarixiy maksimumga yetdi (2017 yilda XXRga import qilingan neft hajmi kuniga 8,43 mln. barrelga yetdi, solishtirma o‘sish 10 foizni tashkil etdi). Mana shular inobatga olinsa, Xitoy abadiy qaramlikda qolishi mumkin.

Rossiya o‘zining qimmat nefti bilan Xitoyning ushbu energiya manbaiga qaramligini aniq ko‘rib turgani bois yanada jiddiyroq bo‘la boshladi va mazkur bozorni egallashni mo‘ljallamoqda. Xalqaro neft ishlab chiqaruvchi kompaniyalar neft bahosini boshqara boshladilar, bu esa Xitoyni tobora ularga tobe qilib qo‘ymoqda.

AQSh ham o‘zining slanetsli nefti bilan «hirs»li nigohini Xitoydan uzolmayapti. Ushbu yoqilg‘i bilan bog‘liq tarmoqlardagi ishlab chiqarish zanjirlari to‘g‘risida so‘z yuritadigan bo‘lsak, xalqaro baholar ushbu holatda eng avvalo mamlakat ichidagi baholarga, undan keyin ishlab chiqarish jarayonining har bir bo‘g‘iniga, hayotning barcha jabhalariga ta’sir ko‘rsatadi va yakunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xitoylik iste’molchiga yetib boradi.

Masalan, neft, tabiiy gaz va boshqa energiya manbalari iste’mol baholari indeksiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi: xalqaro baholar neftga — u esa neft mahsulotlari va mamlakat ichidagi tabiiy gaz bahosiga — bu mahsulotlarning xarid bahosiga — bunisi transport xarajatlariga — unisi neft yordamida ishlab chiqarilgan sanoat mollari bahosiga — maishiy gaz bahosiga — ishlab chiqaruvchilar bahosi indeksiga — yakunda barchasi iste’mol baholari indeksi ortishiga olib keladi.

Neft fyucherslarini yuanga sotish neft bahosini belgilashda Yevropadagi mamlakatlar va AQShni taraddudlantirib qo‘yishi shubhasiz, yangi mexanizm ko‘magida AQSh moliya tizimini butkul chetlab o‘tish mumkin, bu esa dollarni samarasiz iqtisodiy qurolga aylantiradi, chunki dollar yetishmovchiligidan jabr ko‘rayotgan neft qazib oluvchi mamlakatlar nuqtai nazari bilan qaraganda, neftyuan eski neftdollar tizimidan jozibali hisoblanadi.

Shu bilan bir vaqtda Xitoy to‘satdan Saudiya Arabistoniga bosimni kuchaytirdi, chunki saudiyaliklarning yuanni neft savdosida hisob-kitob vositasi sifatida qabul qilishi barchasini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Saudiya Arabistoni — nafaqat yirik neft qazib oluvchi davlat, balki OPEKning yetakchi a’zosi hamdir (bu unga boshqalarga ta’sir o‘tkazish imkonini berishi mumkin). Agar «Saudi Aramko» kompaniyasi Xitoyga hissadorlardan biri bo‘lish imkoniyatini bersa, bu boshqalar uchun «ogohlik» ishorasi bo‘ladi.

Boshqa tomondan hozir aksariyat mamlakatlar XXR timsolida homiyni ko‘rmoqdalar, shu tufayli unga o‘zlarining neft va tabiiy gazlarini taklif etmoqdalar. Hozir Rossiya neftini Xitoyga import qilish hajmi ozroq kamaydi, lekin Xitoy-Myanma gaz quvuri dengiz yo‘li va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan o‘tuvchi neft hamda gaz quvurlaridan keyin energiya resurslarini yetkazib beruvchi uchinchi strategik yo‘nalish bo‘lib qolishi mumkin.

Shunday bo‘lsa-da, neftdollarning mohiyati «dollar bo‘lmasa, neft ham bo‘lmaydi»dan iborat. AQSh dollar hukmronligini himoya qilish uchun neftdollar tizimini yo‘q qilish payiga tushgan neft qazib oluvchi mamlakatlarga to‘sqinlik qilishi mumkin. Masalan, ilgari Iroq va Liviya tashqi savdo va neft bitimlari bo‘yicha hisob-kitoblarda ochiq-oydin dollar o‘rniga oltin bilan ta’minlangan afrika valyutasi va yevroni ishlatish to‘g‘risida bayonot bergan edilar. Ular SWIFT (Jahon banklararo moliyaviy kanallar aloqasi hamjamiyati) yordamida neft qazib oluvchi mamlakatlar banklarida AQSh valyutasida hisob-kitob qilishni to‘xtatishga urindilar.

AQSh aksiyalar nazorat paketi egasi yoki oddiy aksiyador sifatida Xitoy va Qozog‘iston, Tojikiston o‘rtasidagi neftgaz loyihalariga aralashmoqda hamda xalqaro loyihalarga rahna solmoqda, shu orqali Xitoy uchun o‘ta zarur bo‘lgan Markaziy Osiyodagi neft va tabiiy gaz manbalarini nazoratda ushlashga harakat qilmoqda.

Istiqbolda yirik geosiyosiy inqiroz ro‘y berish ehtimoli g‘oyat yuqoriligini ham istisno etmaslik kerak, neft ushbu kurashda juda muhim «qurol» bo‘la oladi. Fors ko‘rfazidan neft yetkazib berishning to‘xtatilishi Xitoy va Yevropa ittifoqi iqtisodiyotiga jiddiy zarba beradi. Lekin AQSh neftdollardan yana unumli foydalanishi mumkin.

Xitoy Markaziy Osiyo neft resurslarini ishlatishda geosiyosiy ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay, strategik zaxiralarning yetishmovchiligi endilikda mamlakat iqtisodiyoti uchun tahdidga aylandi. XXR neftning bahosi nisbatan pastligi va yuan kursidan unumli foydalanishi, strategik zaxiralarini oshirishi hamda oltin bahosiga asoslangan yangi jahon tizimini qurishga avvaldan tayyorgarlik qilishi lozim.

Botirxo‘ja Jo‘rayev tayyorladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring