Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

 «Ochiqchasiga qaroqchilik» – Putinning so‘nggi qarori tanqidlarga sabab bo‘ldi

 «Ochiqchasiga qaroqchilik» – Putinning so‘nggi qarori tanqidlarga sabab bo‘ldi

Kecha tunda Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra Ukrainaga tegishli bo‘lgan Donetsk va Lugansk viloyatlarining mustaqil respubikalar sifatida tan olingani xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, Rossiya rahbarining munozarali bu qaroriga dunyo hamjamiyati qanday munosabat bildirdi?

Ukraina rasmiy Moskvaning bu xatti-harakatini xalqaro huquq me’yorlarini ochiqdan-ochiq buzish deb atadi.

«Bosib olingan Donetsk va Lugansk viloyatlari mustaqilligining tan olinishi Rossiyaning Minsk bitimlaridan bir tomonlama chiqqani va Normandiya formatidagi qarorlarni pisand qilmasligini anglatadi. Bu esa tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarga barham berib, muzokaralar formatlarini yo‘qqa chiqaradi», – dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.

Rasmiy Kiyev, garchi Rossiya ikki hudud suverenitetini tan olgan bo‘lsa-da, ularni o‘ziga tegishli deb hisoblaydi.

«Biz hech kimdan qo‘rqmaymiz. Hech kimdan qarzdor emasmiz. Hech kimga hech narsa bermaymiz ham. Bunga ishonchimiz komil», – dedi Vladimir Zelenskiy.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyaning bu qarorini Ukraina hududiy yaxlitligi va suvereniteti, shuningdek, BMT Nizomi tamoyillarining buzilishi deya malakaladi.

AQSh prezidenti Jo Bayden rossiyalik hamkasbi qarorini keskin qoralab, zudlik bilan ayirmachilik respublikalarga nisbatan sanksiya joriy etdi.

Yevropa Ittifoqi rahbariyati Donetsk va Lugansk suverenitetining tan olinishini xalqaro huquqning poymol etilishi deb hisoblaydi. Rasmiy Bryussel ham ushbu noqonuniy xatti-harakat yuzasidan sanksiyalar kiritmoqda.

Qolaversa, Fransiya prezidenti Fransii Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson rasmiy Moskvaning nizoli qarorini tanqid qilib chiqdi.

Rossiya bilan yaqin hamkorlik munosabatlariga ega Turkiya, Qozog‘iston kabi davlatlar ham ayirmachi respublikalar mustaqilligi tan olinmasligini ma’lum qildi.

Qayd etish joizki, ijtimoiy tarmoqning o‘zbekzabon segmenti Ukraina hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi hodisalarni og‘riqli qabul qildi.

«XXI asr. Birodar xalqiga ochiqchasiga urush bilan tahdid qilish, tarixni qayta yozishga urinish, mustaqil va suveren davlatni parokanda qilish, chegarasini o‘zgartirish – Putin Rossiyasining haqiqiy basharasi», – deb yozdi Telegramdagi Davletov.uz kanali.

«Putin Rossiyasi ochiqchasiga qaroqchilik qilyapti: xalqaro huquqqa ham, davlatlarning suverenitetiga ham tupurib qo‘yganini baralla aytyapti. Ukrainaning yana ikki hududini deyarli «ayirib oldi» va ochiqchasiga urush tahdidi qilyapti. Dunyo esa bu surbetlikka nima deyishini bilmay, so‘z topolmay turibdi. Aql chegarasidan tashqaridagi ishlar va bu hali boshlanishi. Qo‘rqinchli!« – deya ehtirosli mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi bloger Shahnoza Soatova.

«1945 yildan keyin shakllangan Xalqaro huquq va muvozanat arxitekturasi butkul yakson bo‘ldi. Endi hammasini Kuch hal etadi», – deb yozdi tahlilchi va bloger Otabek Bakirov.

«Men uchun hammasidan qo‘rqinchlisi, Putin Rossiyasi propagandasida «miyasi yuvilgan» millionlab odamlar yashaydi yer yuzida. Ichimizda ham. Uning hamma harakatini qahramonlik, hayot adolati deb baholaydiganlar ko‘p. Adashmasam, «iqtisodchi kundaligi»da o‘qigandim, oddiy odamlar va ziyolilar o‘rtasida Rossiyaning bugungi tajovuzkor, bosqinchi siyosatiga munosabat ikki xil. Oddiy odamlar nima voqea sodir bo‘lmasin Putin Rossiyasini oqlash va hazm qilish uchun sabab topadi (erta-indin RF tarkibiga qo‘shilish uchun referendumgayam imzo chekib beraveradi); ziyolilar esa buni qo‘llamaydi, xalqaro huquqqa amal qilsin, muayyan davlatning suverenitetiga hech kim hech qaysi sabab bilan daxl qilmasligi kerak, deydi. Ammo shu paytgacha ziyolilar bir ishni qotirgani, biror muqarrar urushning oldini ololganini ko‘rmadim...

Bunday vaziyatda «xalq» kim o‘zi? Axborot urushlarida boy berilgan millionlab odamlarmi yoki tahliliy-tanqidiy fikrlay oladigan, ammo vaziyatlarni boshqarishga iroda topolmaydigan bir hovuchgina ziyolilarmi?

Mana shu mulohaza meni ko‘p o‘ylantirdi», — qayd etadi jurnalist Aziza Qurbonova.

«Rossiya bu ikki hududni alohida respublikalar deb tan olishi Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida urush boshlanishini anglatadi. Chunki bu safar Ukraina Qrimdagi kabi vaziyatni tinch kuzatib turish ehtimoli kam. Demak, haqiqatda AQShning «yaqin vaqtlar ichida Rossiya Ukrainaga yoki uning hududlariga qarshi, urush/diversiya boshlaydi» degani to‘g‘ri bo‘lib chiqmoqda», – deya xulosa qildi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring