Olimp chempionidan changalzor qiroligacha – Tarzanning g‘aroyib taqdiri
Jonni Vaysmyuller dunyodagi eng mashhur Tarzanlardan biri edi. Ammo uning haqiqiy hayoti kino ssenariysidan ham qiziqroq: go‘dakligida poliomiyelit bilan og‘rigan zaif bola – besh karra Olimpiada chempioni – Hollivud yulduzi – besh marta uylangan erkak – hayotining oxirida esa boyligidan ayrilgan va og‘ir sinovlarga giriftor bo‘lgan afsonaviy aktyor...
Tarzan emas, avval olimp chempioni edi
Jonni Vaysmyuller 1904-yil 2 iyunda Avstro-Vengriyaning Freydorf qishlog‘ida, hozirgi Ruminiya hududida tug‘ilgan. Uning chaqaloqligida oilasi AQShga ko‘chib keladi. Bolaligida poliomiyelit bilan kasallangach, bolaga jismoniy mashq qilish tavsiya etiladi. U suzishni tanlaydi va bu qaror butun hayotini o‘zgartirib yuboradi.
Vaysmyuller suvda shunday tezkor suzardiki, qisqa fursatda oddiy sportchi emas, dunyo rekordchisiga aylandi. Uning 50 dan ortiq jahon rekordini o‘rnatgani qayd etilgan.
1924-yili Jonni Parij Olimpiadasida 100 va 400 metr erkin usulda hamda 4×200 metr estafetada oltin medalni qo‘lga kiritdi. Suv polosi bo‘yicha AQSh terma jamoasi bilan bronza medalga ham ega chiqdi.
1928-yili Amsterdam Olimpiadasida esa yana ikki oltin medal qo‘shildi. Natijada uning Olimpiadadagi hisobi 5 ta oltin va 1 ta bronza medalni tashkil etdi.
Lekin chempion bo‘lish uchun o‘z shaxsini yashirgan
Vaysmyullerning fuqaroligi masalasi Olimpiadaga saralash paytida muammo tug‘dirgan. U AQSh pasportini olish uchun ukasiga tegishli tug‘ilganlik haqidagi hujjatlardan foydalangani haqida ma’lumotlar bor. Shu bois Jonnining 1924-yilgi Olimpiadada AQSh nomidan qatnashishi atrofida keyinchalik ham bahslar paydo bo‘lgan. Qizig‘i, bu sir uning sportdagi ulkan shuhrati ortida yillar davomida sirligicha qolgan.
Vaysmyullerning sportdagi eng katta yutuqlaridan biri – 100 metrli erkin suzishni bir daqiqadan kam vaqtda bosib o‘tgan birinchi inson sifatida tilga olinishidir.
Jonni professional sportdan mag‘lubiyatsiz ketdi. Lekin uning oldida hali dunyodagi eng mashhur o‘rmon qahramoni – Tarzan bor edi.
«Qizni ko‘tara olasanmi?»
1930-yillarning boshida Hollivud yangi Tarzanni qidirayotgan edi. Bo‘y-basti kelishgan, baquvvat, sportchi va kamera oldida tabiiy ko‘rinadigan Vaysmyuller ideal nomzod edi. Uning o‘zi keyinchalik ekran sinovini eslab, studiya oddiygina topshiriq berganini aytdi: daraxtga chiqa olasanmi, qizni ko‘tara olasanmi? Uning javobi amalda isbotlandi: «Uddalayman».
1932-yilda Jonni Veysmyuller bosh rolni o‘ynagan «Maymun odam Tarzan» filmi ekranga chiqdi. Va shu zahoti uning ikkinchi hayoti boshlandi.
Sobiq sportchi Tarzanni shunchalik mahorat bilan yaratdiki, odamlar Jonnini unutdi. 1932–1948-yillar mobaynida Vaysmyuller Tarzan timsolidagi 12 ta filmda rol o‘ynadi. Uning Tarzani avvalgi ekran talqinlaridan ko‘ra jismonan ancha kuchli va kamgap qahramon edi. Mashhur «Tarzan hayqirig‘i» esa kino tarixida alohida hodisaga aylandi. Ammo bu qichqiriq to‘liq tabiiy holda yozib olinmagan. Ovoz rejissurasida Vaysmyullerning ovozi maxsus qayta ishlangan va kino tarixida qolgan mashhur hayqiriq paydo bo‘lgan.
Uning eng mashhur hamkori Jeyn rolini ijro etgan Morin O‘Sallivan edi. Mazkur juftlikning ekrandagi munosabati shu qadar mashhur bo‘ldiki, obrazlari bir-biridan ajralmas darajaga yetdi.
Tarzanning o‘g‘li Boy rolini esa Jonni Sheffild ijro etgan. Vaysmyuller uning suvdan qo‘rqmasligini ko‘rib, suzishni shaxsan o‘rgatgan. Ular bir necha yil davomida juda yaqin munosabatda bo‘lishgan.
Ekranda Tarzan, hayotda esa...
Tarzan rolidan keyin Vaysmyuller yana bir mashhur qahramon – Jangli Jimni o‘ynadi. U 16 ta «Jungle Jim» filmida va keyin televizion serialning 26 ta qismida ishtirok etdi.
Ammo Tarzanning shuhratini qaytarish oson emas edi. 1950-yillarda u aktyorlikdan asta-sekin chetlashdi va biznes bilan shug‘ullanishga kirishdi. Ammo tadbirkorlik ishlari muvaffaqiyatli kechmadi.
Vaysmyuller o‘zining filmlaridan taxminan 2 million dollar ishlaganini aytgan. Ammo bu boylikning katta qismidan judo bo‘lgan. U, hatto tadbirkor sifatida o‘zini omadsiz hisoblab, kino biznesida qolgani yaxshiroq bo‘lishini aytgan.
Gap shundaki, Vaysmyuller o‘z boyligini dabdabali hayot, kemalar va boshqa xarajatlarga sarflab yuborgan edi. Keyinchalik basseyn qurilishi kompaniyasi, sog‘lom oziq-ovqat do‘konlari va boshqa bizneslar bilan shug‘ullandi, ammo ular katta muvaffaqiyat keltirmagan.
Shaxsiy hayoti ham kinodan qolishmasdi
Jonni Vaysmyuller besh marta uylangan. Ikkinchi rafiqasi meksikalik mashhur aktrisa Lupe Veles edi. Ularning nikohi janjallar, ajrashishlar va yarashishlar bilan kechgan va 1939-yilda rasman tugagan.
Uchinchi rafiqasi Beril Skottdan uch farzandi – Jon Skott, Vendi Enn va Xaydi Elizabet tug‘ilgan. Xaydi 1962- yildagi avtomobil halokatida vafot etgan. Bu fojia Vaysmyuller hayotidagi eng og‘ir zarbalardan biri bo‘ldi.
Tarzanning oxirgi yillari
Hayotining so‘nggi yillarida Vaysmyuller avvalgi shuhratidan ancha uzoqda edi. U 1970-yillar boshida Las-Vegasdagi “Caesars Palace” mehmonxonasida mehmonlarni kutib oluvchi oddiy vakil sifatida ishlagan.
Jonni Vaysmyullerning hayotida g‘alati bir qarama-qarshilik bor edi: millionlab odamlar uni ekranda o‘lmas Tarzan sifatida eslashardi, ammo haqiqiy hayoti juda murakkab edi – kasallik, Olimpiadadagi ulkan g‘alaba, Hollivuddagi shon-shuhrat, muvaffaqiyatsiz biznes, oilaviy fojialar va keksalikdagi og‘ir kunlar...
Ammo 1920-yillarda basseynda rekord o‘rnatgan yigit ham, 1930–40-yillarda daraxtdan daraxtga sakragan Tarzan ham bitta odam edi. Vaysmyuller Olimpni, Hollivudni zabt etdi. Tarzanga aylandi. Ammo hayotiy kurashlarda boshqa barcha insonlar kabi oddiy odam edi. Va ehtimol, uning eng katta merosi ham shu: Olimpiada chempionining nomi sport tarixida qoldi, Tarzanning hayqirig‘i esa kino tarixida abadiy yashadi.
Jonni Vaysmyuller 80 yoshga ham yetmadi, u 1984-yil 20 yanvarda Meksikaning Akapulko shahrida 79 yoshida vafot etdi.
Akbar Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter