Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘quvchilarga talabgorlar ko‘paydi

O‘quvchilarga talabgorlar ko‘paydi

Foto:Baxtiyor Mustanov

Janubiy Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi(KOICA)ning Samarqand shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazining uchinchi bitiruvchilariga diplomlar topshirildi. Shu munosabat bilan «Koreys tili va madaniyati kuni» o‘tkazildi.

Foto:Baxtiyor Mustanov

Markaz direktori, fan doktori, professor Ismoil Ergashev bizni bitiruv kechasiga taklif qilganida, ochig‘i, buncha ko‘p taassurot olamiz deb o‘ylamagan edim. Bitiruvchilarga diplomlarni topshirib, xayrlashishadi deb o‘ylagan edim. Tadbir juda katta bo‘ldi. Unda «KOICA»ning Toshkentdagi ofisi direktori Son Sung Il, Koreyaning Bucheon universiteti professori Kim Dak Yong va shu universitet talabalari, Koreyadan kelib Samarqanddagi o‘quv yurtlarida faoliyat yuritayotgan ko‘ngilli o‘qituvchilar, O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlari, korxona-tashkilotlardan kelgan mehmonlar hamda markazni bitirayotgan o‘quvchilar ishtirok etdi.

Foto:Baxtiyor Mustanov

Dastlab markaz o‘quvchilarining bitiruv ishlari ko‘rgazmasi bilan tanishdik. Ochig‘i, 10 oy markazda o‘qigan bolalarning shunday mukammal ishlanmalarni tayyorlashganiga lol qoldim. Bugungi kun talabi bo‘lgan issiqxonalarni tejamkor sug‘orish moslamalari, tejamkor mashinalar, bolalar ko‘nglini shod qiluvchi «o‘ziyurar» o‘yinchoqlar, elektron cholg‘u asboblari va boshqalar hammada katta qiziqish uyg‘otdi. Mehmonlar orasida o‘quvchilarning ayrim kashfiyotlariga xaridorlar chiqib qoldi.

Shaxsan o‘zim ikki talaba yaratgan internet saytlariga qiziqib qoldim. Ular boshqarishning soddaligi va sayt sahifalarining yorqinligi bilan e’tiborimni tortdi va o‘zimning shaxsiy saytimni yaratishlarini iltimos qildim. Yigitlar bilan kelishib oldik.

O‘zbek va koreys xalqlarining madaniyati va urf-odatlaridagi o‘xshashliklar  sport, milliy o‘yinlar va taomlar namoyishida ochib berildi. Tadbirda markaz o‘quvchilari tayyorlagan badiiy chiqishlar, o‘zbekcha, koreyscha kuy-qo‘shiq va raqslar barchaga manzur bo‘ldi.  

Mehmonlar markazda yangi tashkil etilgan «Avtomaktab»ning ochilish marosimida ham ishtirok etib, u yerdagi sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Endi bitiruvchilar kasbiga oid diplomdan tashqari haydovchilik guvohnomasiga ham ega bo‘lishar ekan.

Foto:Baxtiyor Mustanov

– Markazimizda o‘qish muddati o‘n oy etib belgilangan, – deydi markaz direktori Ismoil Ergashev. – Shu yerning o‘zida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, nazariy bilimlar beriladi. Bugun o‘qishga qabul qilingan 240 nafar talabaning 225 nafariga diplom berildi.

Aslida markaz bitiruvchilari uch tomonlama shartnoma asosida o‘qitiladi. Ya’ni ular o‘qishga kirayotgan paytidayoq uni ish bilan ta’minlovchi korxona buning kafolatini bergan bo‘ladi. Ammo, eng qizig‘i, shartnomalarida ko‘rsatilgan, o‘zlari tomondagi korxonalarga ketishi kerak bo‘lgan yoshlarga bugun boshqa xaridorlar ham chiqib qoldi. Masalan, yonilg‘ini iqtisod qiladigan mashina motorini ixtiro qilgan xorazmlik yigitchani «Samavto» korxonasi kattagina maosh evaziga ishda olib qoladigan bo‘ldi. Uni zavodning ratsionalizatorlik bo‘limiga oladigan, kelajakda yangi kashfiyotlar yaratishiga sharoit yaratib beradigan, oliy o‘quv yurtida ham o‘qitadigan bo‘lishdi.

Yana boshqa korxonalar vakillari ham bitiruvchilarni o‘z korxonalariga taklif qilishdi.

O‘quv markazi yangi o‘quv yiliga ham qabul e’lon qildi. To‘rtinchi avlod vakillari uchun o‘quv mashg‘ulotlari oktyabr oyidan boshlanadi.

Ma’lumotlar mana bu yerda: http://samarkand-vtc.uz/

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz» muxbiri 

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring