Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

Ovqatxo‘rlik — kamchiligimizmi yoki ustunligimiz?

Ovqatxo‘rlik — kamchiligimizmi yoki ustunligimiz?

Foto: «Darakchi.uz»

Hamma gap-so‘z rekord palov tayyorlangandan keyin boshlandi. Kuni kecha Namanganda Navro‘z tarixidagi eng katta – 5 tonnalik sumalak tayyorlanganidan so‘ng yanada avj oldi. Kelib-kelib ovqat tayyorlash bo‘yicha rekordlar kitobiga kiramizmi, ilm-fan, ishlab chiqarish va boshqa sohalar qolib ovqatxo‘rlikka o‘ralashib qoldik, endi hovuzda eng katta choyni qaynatamiz, g‘orda eng katta somsani yopamiz qabilidagi iddao va kinoyalar ko‘paydi. Bir tomondan qaraganda ovqat borasida rekord o‘rnatib, boshqa sohalarda ortda qolayotganimiz, dardimiz yeb-ichishu maishatbozlik bo‘lib borayotgani juda yomon. Qorin dardida o‘nlab kilometrlarni bosib o‘tib hali u, hali bu yangi ochilgan oshxonadagi antiqa taomni tatib ko‘rishga qancha vaqt va mablag‘ sarflayotganimiz haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Qolaversa, doimo to‘q qorin bilan yurish odamni dangasalikka, ham jismoniy, ham ruhiy, ham aqliy lanjlikka, uyquchilik, semizlik, fikrsizlikka olib borishi isbot talab qilinmaydigan haqiqat.

Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Ovqat borasida katta yutuqlarga erishish, taomni san’at darajasida tayyorlash, bu borada ketma-ket rekordlarni o‘rnatish bizning yutug‘imiz, ustunligimiz bo‘lishi ham mumkin. Boshqalarni bilmadimu, O‘zbekistonda bo‘lib qaytgan qaysi bir chet ellikdan yurtimizning qay jihatlari sizga eng ko‘p yoqdi deb so‘rasam, albatta «odamlari va taomlari» degan javobni olganman. Dunyo bugun shu darajada taraqqiy etdiki, rivojlangan yurt odamlarini osmono‘par binolar, zamonaviy va hashamatli inshootlar, infratuzilmalar bilan hayratlantirish juda qiyin. Buning uchun juda ko‘p mablag‘, resurs, tajriba kerak. «Qudratimizni bilmoqchi bo‘lsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing» deb baralla aytishimiz uchun endi balandligi kamida 1,5 kilometrlik bino yoki havoda muallaq turuvchi uy qurishimiz shart. Bizning davlat hozircha u darajada rivojlangani yo‘q. Lekin taomlarni mazali tayyorlash masalasida dunyoda bizga yetadigani kam, juda sanoqli.

Gastronomik turizm bo‘yicha katta salohiyatga ega ekanimiz, milliy taomlarning xilma-xil, rang-barangligi, yangidan-yangi ta’m va mazalarni kashf qilayotganimizni to‘g‘ri baholab, buni illat yoki nuqson emas, balki imkoniyat deb qabul qilishimiz kerak. Mayli, yana eng katta somsa, eng katta shilpildoq, eng ulkan kabob tayyorlansin, pazandalik universiteti, oshpazlik markazlari ochilsin, biz bu borada nodir qobiliyatga ega ekanimizni turli yo‘llar bilan dunyoga jar solaylik. Chet elliklar o‘zbek milliy taomlarini iste’mol qilayotganda rohatlanib, uni butun umr yoddan chiqarmasin, gap taom mazasi haqida ketganida albatta O‘zbekistonni esga olsin. O‘zbek taomlarining mazasi butun dunyoda o‘zgarmas etalonga aylanishi kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring