Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek matematigi Butunjahon fanlar akademiyasi a’zosi bo‘ldi

O‘zbek matematigi Butunjahon fanlar akademiyasi a’zosi bo‘ldi

Foto: TWAS

Joriy yilning 26-yanvar kuni Butunjahon fanlar akademiyasi («The World Academy of Sciences» — TWAS)ning 35 nafar yangi a’zosi ma’lum bo‘ldi. Ularning orasida O‘zbekiston fanlar akademiyasining matematika instituti olimi O‘tkir Roziqov ham bor, deyiladi «Uzbekistan Today» xabarida.

Texnika fanlari nomzodi O‘tkir Roziqov matematik biologiyaga termodinamikani kiritish maqsadida balog‘atga yetgan populyasiyalarning statistik mexanikasida hamda evolyusion algebralarida Gibbs holatlari nazariyasiga salmoqli hissa qo‘shgan. U r-adik dinamik tizimlarni va r-adik taqsimotlarni o‘rganish g‘oyasini ilgari surgan

O‘tkir Roziqov
Foto: «Xalq so‘zi online»

Butunjahon fanlar akademiyasida yoshlar uchun alohida bo‘lim tashkil etilgan bo‘lib, unga har yili haqiqiy a’zolarni saralab olishda bo‘lgani kabi saylov o‘tkaziladi va nomzodlar 5 yilga saylanishadi. Akademiyaning haqiqiy a’zoligiga saylov o‘tkazilsa-da, yoshlardan farqli o‘laroq bu yerda nomzodlar umrbod saylanishadi.

O‘.Roziqov 2007—2012-yillarda Butunjahon fanlar akademiyasiga yosh hamkor sifatida tayyorlangandi. Mazkur tashkilotning «Young Alumnus» dasturi bitiruvchisi va yosh olimga taqdim etiladigan sovrini hamda “O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sohibi hamdir.

Ma’lumot uchun: Butunjahon fanlar akademiyasi Italiyaning Triyeste shahrida joylashgan bo‘lib, global fanlar akademiyasi sifatida tavsiflanadi. Uning tashkilotchisi BMTning YuNESKO tuzilmasi hisoblanadi.

Mazkur ilm maskaniga Nobel mukofoti laureati, pokistonlik Abdus Salom boshchiligidagi olimlar guruhi tomonidan 1983-yilda asos solingan. Bugungi kunda TWASning haqiqiy a’zolari soni 1228 nafar bo‘lib, ular 90 dan ortiq davlatlar vakillaridir. 1984-yildan ilm-fan bo‘yicha Xalqaro kengash tarkibiga kiritilgan.

Shu tariqa Butunjahon fanlar akademiyasidagi o‘zbekistonlik akademiklar soni 4 nafarga yetdi. Unga ayni paytda O‘.Roziqovdan tashqari yana uch nafar o‘zbekistonlik olim — Sh.Ayupov, R.G‘aniyev va I.Abdurahmonov a’zo hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘tkir Roziqov 2017-yili Shavkat Ayupov, Karimbergen Kudaybergenov, Bahrom Omirovlar bilan birgalikda «Noassotsiativ algebralar, differensiallash va nochiziqli dinamik sistemalar nazariyalarini rivojlantirish» fundamental tadqiqoti uchun fan va texnika sohasida Birinchi darajali davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring