Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Jahon adolat loyihasida nega eng quyi o‘rinlarda?

O‘zbekiston Jahon adolat loyihasida nega eng quyi o‘rinlarda?

Jahon adolat loyihasi (World Justice Project) tashkilotining 2017–2018-yillardagi Huquq ustuvorligi indeksining (WJP Rule of Law Index) Davlat idoralari shaffofligi (Open Government) yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston 113 mamlakat orasida 108-o‘rinni egalladi.

Olamshumul o‘zgarishlar yuz berayotgan O‘zbekistonga nisbatan bunday baho berilishi afsuslanarli hol, albatta.

Ma’lumki, keyingi paytda mamlakatimizdagi aksariyat davlat tashkilotlari faoliyatining shaffofligi sezilarli darajada yaxshilandi. Ko‘plab idoralar tegishli saytlarga ega bo‘lib, yurtdoshlarimizni o‘z faoliyati bilan tanishtira boshladi. Bas, shunday ekan, nega Jahon adolat loyihasi reytingida eng quyi o‘rinlardan birini egalladik? Keling, ushbu holat sabablarini bir tahlil qilib ko‘raylik.

Hisobotda Davlat idoralari shaffofligi xususidagi mezonga quyidagicha ta’rif berilgan: «Asosiy qonunlar va ularga oid ma’lumotlarning omma uchun ochiqligi, tushunarli tilda yozilgani va o‘sha davlatda so‘zlashiladigan barcha tillarda chop etilganligi. Hukumat tomonidan bosma yoki onlayn tarzda chop etiladigan ma’lumotlar sifati va ulardan foydalanishning osonligi, qonunlar loyihasi, ma’muriy qoidalar va yuqori sud idoralari qarorlarining ommaga kechikmasdan e’lon qilinishi».

Tan olishimiz kerak, mamlakatimizda aynan so‘nggi jumla bilan bog‘liq muammo hamon saqlanib qolmoqda. Shuning uchun ham xalqaro tashkilot loyihasi hisobotida aholining, ommaning sud qarorlari bilan tanishishi uchun imkoniyatlar cheklangani, sud organlari faoliyatida shaffoflikning yetarli darajada emasligiga ishora qilinmoqda.

To‘g‘ri, davlatimiz rahbari tashabbusi va qat’iyati bilan keyingi 2 yilda sud-huquq sohasida ham tub islohotlar amalga oshirildi. Sudyalar o‘z lavozimiga ilk bor 5 yil, ikkinchi marta 10, uchinchi bora esa pensiyaga chiqqunchalik muddatga tayinlanadigan bo‘ldi. Sudyalar oliy Kengashi tashkil etilib, sudlarning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi, sudyalarning ish haqi oshirilmoqda. Elektron-sud tizimining ishga tushirilayotgani esa fuqarolarga masofadan turib, murojaat qilish imkonini bermoqda.

Bularning barchasi xalqning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini oshirayapti, albatta. Ammo sudlar tomonidan chiqarilayotgan buyruq va qarorlarni tezdan e’lon qilish, onlayn tarzda aholiga yetkazish borasidagi kamchiliklar sud hokimiyati faoliyatining maksimal shaffofligini taminlashga imkon bermayapti. Aksincha, sud hokimiyatining huquqiy nufuzini oshirishda katta to‘siq bo‘lib turibdi.

Shu o‘rinda xaqli bir savol tug‘iladi: sud qarorlari nega endi omma e’tiboriga havola qilinishi kerak?

Birinchidan, sudyalar qanday ish yuritayapti, ularning qarorlari adolat va holislik mezoniga to‘gri kelayaptimi-yo‘qmi, sudyalar o‘z qarorlarini yetarli darajada asoslab bera olishayaptimi?

Ta’kidlash joizki, agar sud qarorlari va buyruqlari belgilangan muddatlarda e’lon qilinsa, sudlar ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Ammo sohada ochiqlik va shaffoflikka erishilmas ekan, sudyalarning xolisligi, sohada korrupsiyaning oldini olish haqida gapirish befoyda bo‘lib qolaveradi. Aslida esa sudlar faoliyatining shaffofligini ta’minlash juda ko‘p muammolarni bartaraf etish, ayniqsa korrupsiyaning oldini olishning eng kam xarajat talab etadigan va jahon tajribasida sinovdan o‘tgan usullaridan biridir. Ushbu tartib-tamoyil sudyalar faoliyatini sifatli yo‘lga qo‘yish, asosli va adolatli qarorlar chiqarishga xizmat qilishi shubhasiz.

Ikkinchidan, sud qarorlarining shaffofligini ta’minlash uchun yetarlicha huquqiy asoslar mavjud. Zero, bu eng avvalo, Konstitutsiya talabidir. Jumladan, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 30-moddasida shunday deyiladi: «O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim».

Qolaversa mamlakatimizdagi eng yirik siyosiy partiya – «O‘zLiDeP» ning saylovoldi dasturida ham «sud qarorlarini ularning rasmiy veb-saytlarida elektron shaklda e’lon qilish tizimini yo‘lga qo‘yish» degan band mavjud. Yirik huquqshunos olimlar o‘z chiqishlarida bu masalani bot-bot takrorlayotganlari ham bejiz emas.

Uchinchidan, Jahon tajribasi ham sud qarorlarining shaffofligini ta’minlash sud-huquq tizimini rivojlantirishdagi eng to‘g‘ri usullardan biri ekanini isbotlaydi.

Yevropa va Amerika qit’asidagi barcha sanoatlashgan davlatlarda ham sud qarorlari doimo ochiq saqlanishi belgilab qo‘yilgan. To‘plangan tajribaga ko‘ra, sudya muayyan ish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilgandan keyin ushbu qaror sud saytidagi qarorlar ro‘yxatiga kiritiladi va har qanday fuqaro u bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Bu ayniqsa, huquq sohasida ta’lim olayotgan talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun qator qulayliklar yaratadi.

Osiyo «yo‘lbarslari» va Yaponiyada sud ishini tashkil etish amaliyoti ham ushbu tajribaning to‘g‘ri ekanini tasdiqlamoqda. MDH davlatlarining aksariyati, xususan, Rossiya va yaqin qo‘shnilarimiz Qozog‘iston hamda Qirg‘izistonda ham sud qarorlari Oliy sud portalida doimiy tarzda e’lon qilib beriladi. Masalan, Qozog‘istonda sudlar 2009 yildan buyon barcha turdagi qarorlarni o‘z saytlarida e’lon qilib kelmoqdalar. Qirg‘izistonda esa bunday amaliyotga 5 yil avval qo‘l urilgan.

Biz ko‘pincha «O‘quv dargohlari nega huquq bo‘yicha sifatsiz kadrlar yetishtirayapti? Nima uchun yurtimiz manfaatini mahalliy va xalqaro arbitraj sudlarida yetarlicha himoya qila oladigan mutaxassislarimiz kam», degan ta’nalarni eshitamiz.

Yurtimizda amalda bo‘lgan huquqiy ta’limning eng og‘riqli jihati shundaki, huquqshunoslik sohasida yetakchi ta’lim maskanlari hisoblangan Toshkent davlat yuridik univeristeti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti talabalari ham ayni paytda o‘zlari o‘rganayotgan qonunlar va nazariy ko‘nikmalarning amaliyotga qanday tatbiq etilayotgani haqida yetarlicha tushunchaga ega emaslar. Boshqacha aytganda, ular qonunlar amaliyotini o‘zlari ishlab chiqqan xayoliy misollar orqali o‘rganmoqdalar, xolos. Bu, shubhasiz huquqiy ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etayapti. Xorijda ta’lim olgan huquqshunoslar esa nafaqat qonunlar va ularning nazariy asoslarini, balki mazkur qonunlar amaliyotda qanday qo‘llanilayotgani, sud nizolari qay tartibda hal etilayotganini ham o‘rganib, o‘quv yurtini puxta va mustahkam bilim bilan tamomlamoqdalar.

Shu o‘rinda sud qarorlarining shaffofligini ta’minlash mamlakatda investitsion muhitning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yuksaltirishiga ham xizmat qilishini alohida ta’kidlash joiz. Boshqacha aytganda, yurtimizga sarmoya kiritayotgan investor yoki uning advokatlari amaliyotdagi muammolarga sudyalar qanday javob berayotganini shu paytgacha hal qilingan sud qarorlari orqali bilishga va ulardan o‘z biznes rejalarini tuzishda foydalanishga intilishadi. Bunday holat esa huquqiy barqarorlik(legal stability)ka olib keladi, albatta.

Jahon tajribasidan ayonki, biron-bir davlat investitsiya iqlimi jozibadorligining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri nafaqat puxta qonunlar, balki o‘z ishini yaxshi biladigan, qobiliyatli, mustaqil sudyalardan iborat sudlov tizimining mavjudligida hamdir. Bunga esa asosan sudlar tomonidan qabul qilingan qarorlarning sifatiga qarab ishonch hosil qilish mumkin. Investorlar esa sud qarorlari shaffofligi taminlanmagan davlatga sarmoya kiritishga ikkilanishlari bor gap.

Xo‘sh, sud qarorlarining xolisligi yurtimiz va xalqimiz ravnaqi uchun zarur ekan, nega bu masalaga hamon e’tiborsizlik qilinayapti?

Ta’kidlash joizki, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda AKTni joriy etish va undan keng foydalanish maqsadida 2013-yili O‘zbekiston Oliy sudi va BMTning Taraqqiyot dasturi hamkorligida e-sud elektron sudlov axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan edi. Shuningdek, Milliy elektron sudlov axborot tizimi ishlab chiqilganligi, Oliy sudning rasmiy saytida uning alohida sahifasi ochilganligini ham bilamiz. O‘sha sahifada «Sud qarorlari banki» mavjud bo‘lib, tegishli tugmachani bossangiz, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar chiqargan va kuchga kirgan sud qarorlari bilan fuqarolar bemalol tanishish imkoniga ega bo‘lishlari kerak edi.

Biroq mana, besh yildirki, haligacha «Sud qarorlari banki» foydalanishga yaroqsizligicha qolmoqda. Oliy sud axborotnomasi va uning saytida bir necha sud qaroriga sharhlar va plenum qarorlari joylashtirilgan, xolos. Ba’zan esa ularni o‘qishning ham iloji yo‘q. Saytga qo‘yilgan fayllarning ko‘pchiligi hatto ochilmaydi yoki «error» (xato) chiqaradi. Qonun hujjatlari respublika milliy bazasida ham «Sud amaliyoti» nomli chiroyli rukn mavjud bo‘lsa-da, biroq unga ham juda oz qarorlar joylashtirilgan. Afsuski, u ham deyarli ishlamaydi.

O‘z tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim lozimki, xorijda yashab qiyosiy huquqshunoslik bo‘yicha tadqiqot o‘tkazar ekanman, yaponiyalik professorlar yurtimizdagi so‘nggi sud amaliyoti va ularga oid akademik bahs-munozaralar haqida fikr so‘rashadi. Shunda mavjud holatni qanday tushuntirishni bilmay qolamiz. Chunki bizda turli sohalarda yuz berayotgan nizolar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari va ularning statistikasiga oid ma’lumotlarni olish imkoniyati yo‘q. Bu esa o‘z navbatida huquqiy tadqiqot olib borish va ta’lim nazariyasini rivojlantirish uchun juda jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.

Kezi kelganda ko‘pdan-ko‘p sud qarorlarini qanday qilib elektronlashtirish mumkin, bu ko‘p vaqt talab etmaydimi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Avvalambor, sudlarimizda allaqachon ichki elektron tizim mavjudligini va chiqarilgan har qanday qarorni tezlik bilan o‘sha tizimga qo‘shib qo‘yish imkoniyati mavjudligini ta’kidlash lozim. Muammo shundaki, ichki elektron tizimdagi qarorlarni oddiy xalqimiz o‘qiy olmaydi. Garchi viloyatdagi sudlar tomonidan ko‘rilgan nizolar tizimlashtirilmagan bo‘lsa-da, ular hamon sudya va sud kotibi kompyuterida saqlanayotganini qayd etish joiz. Kezi kelganda Adliya vazirligi qoshidagi Milliy qonunchilik bazasi (Lex.uz) 10 yildan beri muvaffaqiyatli tarzda ish yuritayotganini, har bir yangi qonun hujjatini aholi e’tiboriga havola qilib kelayotganini qayd etish joiz. Bu esa aynan «Lex.uz» tajribasini sud amaliyoti shaffofligiga erishish uchun ham tatbiq etish mumkinligini ko‘rsatadi.

To‘g‘ri, avvalgi ishlarni e’lon qilish yoki ularni elektronlashtirishda ayrim muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Bunday holatda esa endi chiqariladigan sud qarorlari va buyruqlari e’lon qilinishi, omma e’tiboriga havola etilishiga erishish zarur.

Shu o‘rinda ba’zi ishlardagi sud qarorlarining maxfiyligi ta’minlanishi kerak emasmi, degan savol ham paydo bo‘lishi mumkin. Albatta, kerak. Xalqaro amaliyotda davlat xavfsizligi, voyaga yetmagan va jinsiy tajovuzga uchragan yakka shaxs yoki biron-bir oila sha’nini omma oldida himoya qilish maqsadida bunday sud amaliyotining yopiq holda o‘tkazilishi ko‘p uchraydi.

Milliy qonunchiligimizda ham yuqoridagi kabi holatlarga nisbatan istisnolar ko‘zda tutilgan. Agar ushbu ishlarning bosma holda yoki sudlarning internet bazalarida onlayn tarzda chop etilishi davlat sirining fosh bo‘lishiga olib kelsa, shu orqali ommaviy tartibga daxl qilsa, voyaga yetmagan shaxs yoxud jinsiy tajovuzga uchragan inson obro‘siga putur etkazsa, bunday qarorlarni e’lon qilmaslik uchun hech qanday muammo bo‘lmasligi kerak.

Rivojlangan davlatlarda bu kabi qarorlar ba’zan omma etiboriga havola etilmasa-da, ularning ba’zi qismlari qisqartiriladi yoki tilga olingan shaxslarning nomi umuman ko‘rsatilmaydi. Bunday amaliyot, ayniqsa xalqaro tijorat va investitsiya arbitraji faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Umid qilamizki, tegishli davlat organlari, xususan Oliy sud va Adliya vazirligi yuqoridagi dolzarb masala bo‘yicha amaliy qadamlar tashlab, sud qarorlarining shaffofligini ta’minlashadi va yurtimizning Jahon adolat loyihasi indeksidagi mavqei yuksaltirish yo‘lida barcha imkoniyatlardan foydalanishadi.

Alisher Umirdinov,
Nagoya iqtisodiyot universiteti (Yaponiya)
Biznes huquqi fakulteti professori, PhD,
«Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring