Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pashinyan Armaniston va YeOII munosabatlarini «muammoli» deb atadi

Pashinyan Armaniston va YeOII munosabatlarini «muammoli» deb atadi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan munosabatlarida muayyan muammolar paydo bo‘layotganini ma’lum qildi.

«Yuzaga kelayotgan muammolardan biri YeOII bilan munosabatlarimizga taalluqli. Yaqin kelajakda bu yo‘nalishda ish olib boramiz», — degan Pashinyan hukumat yig‘ilishida.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, Armanistonda iqtisodiy faollik yuqori bo‘lib qolayotganiga qaramay, mamlakat qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Hukumat siyosati iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi.

Avvalroq Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Armanistonga nisbatan YeOII to‘g‘risidagi shartnoma amal qilishini to‘xtatib turishning ehtimoliy oqibatlari haqida ma’ruza tayyorlagani ma’lum bo‘lgan edi.

Hujjatda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi harakatlari, ikki integratsion tuzilma doirasidagi majburiyatlarning o‘zaro muvofiqligi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy xavflar ko‘rib chiqilgan.

Mazkur ma’ruzani tayyorlash to‘g‘risidagi qaror may oyida Ostonada o‘tkazilgan YeOII sammitida qabul qilingan. O‘shanda ittifoqqa a’zo to‘rt davlat rahbarlari Armanistonni referendum o‘tkazib, Yevropa Ittifoqi va YeOII o‘rtasidagi tanlovini aniqlashtirishga chaqirgan.

Pashinyan avval ham Yevropa Ittifoqi va YeOIIga bir vaqtning o‘zida a’zo bo‘lish mumkin emasligini tan olgan. Biroq u dastlab Yevropa Ittifoqiga rasmiy ariza topshirish va nomzod maqomini olish, shundan keyingina masalani referendumga qo‘yish zarurligini ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa 1-sentyabr kuni Pashinyan bilan uchrashuvda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagini mamlakatning qonuniy huquqi deb atagan. Shu bilan birga, bu qaror YeOIIdagi ishtirokni davom ettirishda qiyinchiliklar tug‘dirishini bildirgan.

Hozircha Armaniston YeOII a’zosi bo‘lib qolmoqda. Mamlakatning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvi esa uning kelgusidagi iqtisodiy va siyosiy yo‘nalishiga oid asosiy masalalardan biriga aylangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring