Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident aytdimi – bo‘ladi!

Prezident aytdimi – bo‘ladi!

Foto: «kun.uz»

«Majburiy mehnatga jalb qilganingni ayamay jazolayman!».

Shunday dedimi Prezident?

Dedi.

Ana endi ayniqsa maorif va tibbiyot sohasi rahbarlari ko‘zini katta ochib olishlari, «hashar»larga ehtiyot bo‘lishlari kerak edi. Hatto senator opa «O‘z uyingni o‘zing tozala!» degan bo‘lsa ham.

Azamat Umarov yaxshi olim

Azamat Umarov mening eski tanishim. Ustazoda pedagog, yaxshi mutaxassis. Akademik litsey direktorligidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mudirligiga, undan Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari darajasigacha o‘z mehnati bilan ko‘tarilib kelgan siyosiy hushyor kadr edi.

Oxirgi lavozimini ko‘tarish og‘irlik qildi, shekilli. Ana shu lavozimda doimo kamtar, samimiy bo‘lgan Azamat aka o‘zgardi. Endi bu tabiiy hol, hokimlarga yaqin yurgan har qanday odamning dimog‘i havo oladi. Oldin men bilan bir tovoqdan osh yegan Azamat aka u yer-bu yerda ko‘rishsak, qo‘l berib so‘rashishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan bo‘ldi. Bunisi mayliga...

Eng yomoni, Diana fojiasini matbuotda yoritganimda maqolamga qarshi yozilgan birinchi raddiyaning ijodkori, ilhomchisi, ta’bir joiz bo‘lsa, «aytib turib» yozdiruvchisi ham aynan Azamat Umarov bo‘ldi. Raddiyani imzolaganlar «kattakonlar» emas, ularning «zamlari» bo‘ldi: «zamoblONO» va Kattaqo‘rg‘on tumani «zamhokimi».

Ammo «Kim qilmag‘ay, kim topmag‘ay» deganlaridek, eng avval kaltakning to‘qmoqli uchi aynan Azamat Umarovning boshiga tushdi. Hali Diana fojiasiga Prezident aralashmagan, fojiaga xolis baho berilmagan, aybdorlarni qanday jazolash masalasi ko‘tarilmay turib, eng avval Azamat Umarovga chora ko‘rildi: u Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan chetlashtirilib, Samarqand shahridagi 62-maxsus maktab-internat direktori lavozimiga «tushirildi».

 «OblONO» mudiri maktabda

«Kattakon»likka o‘rganib bo‘lgan Azamat Umarov bu maktabda ham hokimiyatchasiga ish boshladi. Hovlilarni aylangan Azamat Umarov hamma yoqning betartib ekanini ko‘rib, darrov hammani hasharga chiqardi. Albatta, «ixtiyoriy». Ammo orada ko‘p ishlar bo‘lib o‘tgan edi. Prezident majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslikni hukumat rahbarlaridan talab qilgan, bu borada Vazirlar Mahkamasi dasturxoncha keladigan qaror ham e’lon qilgan edi. Zamon ham o‘zgarib, o‘qituvchilar ham bir-ikki joyda haqini talab qila boshlagan edi. Xullas, o‘qituvchilar «isyon» ko‘tarishdi. «Beting, ko‘zing» deyishmadi. Shikoyat qilishdi.

Ushbu vaziyatni o‘rganib chiqqan Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi huzuridagi O‘qituvchilarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash hamda majburiy mehnatga jalb etishga qarshi kurashish komissiyasi bo‘lib o‘tgan voqeani tasdiqladi.

O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, «Samarqand shahridagi 62-maktab-internat direktori obodonlashtirish ishlarini noto‘g‘ri targ‘ib qilgan, pedagogik jamoada norozilik kayfiyatini uyg‘otgan va muassasada sog‘lom muhitni o‘rnatolmagan».

Shunday qilib, komissiya tavsiyasiga ko‘ra maktab-internat direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Prezident so‘zlarini pisand qilmaslik viloyat miqyosidagi yetuk bir rahbarning oddiy maktab direktorligidan ham sharafsiz chetlatilishiga sabab bo‘ldi.

Qolgan «kattakonlar»ga eslatma

Unutmang, o‘qimagan bo‘lsangiz, o‘qib oling, tushunmagan bo‘lsangiz, tushunib oling: 2018-yilning 10-may kuni Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-qarori qabul qilingan va unga ko‘ra har qanday ixtiyoriy-majburiy hashar tashkil qilish taqiqlanadi!

E’tibor bering: xoh ixtiyoriy bo‘lsin, xoh majburiy bo‘lsin, endi hashar tashkil qilish taqiqlanadi!

O, otini «hashar» qo‘yib, ne-ne ishlarni qildirar edilar sho‘rlik muallimlar, do‘xturlar va talabalar, hatto o‘quvchilarga! Shu yilginaning boshida ham 5-sinf o‘quvchilari temir-tersak, karton qog‘oz izlab yurishgandi, yashirmaylik! Baraka topsin, Prezident hammasiga bitta amr bilan chek qo‘ydi!

Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq hokimlar, barcha darajadagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga fuqarolarni, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini, ta’lim muassasasi o‘qituvchilari va talabalarini majburiy mehnatga, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilar va makulatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va chek qo‘yishga, bunday holat ro‘y berganda esa huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish vazifalari yuklatilgan!

Ogoh bo‘ling, «kattakon»lar, arzimagan bir «hashar» uyushtiraman deb issiqqina o‘rningizni muzdekkina qilib sovutib qo‘ymang!

Yana bitta gap

Hademay sentyabr keladi. Qancha «kattakon» paxta kampaniyasini kutib yotibdi. Endi hammasi boshqacha bo‘ladi.

29-may kuni videoselektorda O‘zbekiston Prezidenti mana bunday dedi: «Budjet tashkiloti hech qachon paxtaga tegmaydi, dalada paxta yonib ketsa ham tekkizdirmayman. Kimga kerak paxta? Korxonaga kerak. Qaysi korxona? Qayta ishlaydigan. O‘zining odamlari, o‘zi borib, pul to‘lasin, o‘zi yig‘sin. ...Qayerga borsak, bolalar mehnati. Undan 2-3 milliard foydami yoki undan ko‘ra obro‘ni, siyosatimizni joyiga qo‘yish kerakmi? Hech qanday, bironta bolalar mehnati, majburiy mehnat kerak emas. Mana qancha to‘qimachilik kombinatlarimiz bor, o‘zlari borib, o‘zining paxtasini o‘zi terib olaversin!».

Muhtaram «kattakon»lar, Prezident majburiy mehnatning hech qanaqasi kerak emas deyapti. Ana shuni yaxshi bilib oling. «Muallimlarning o‘zlari tashabbus bilan chiqdi» demang, «Do‘xturlarning o‘zlari otilib chiqdi» demang. O‘tgan chorak asrdagidek «To‘qson yoshli onaxonlar, yuz yoshli otaxonlar, masjid imomlari beliga etak tutib, o‘zlari paxtazorga chiqib ketdi» demang. Ularni paxtazordan quving! Bo‘lmasa, sizning sho‘ringiz qurib qoladi.

Qaytarib aytaman, «kattakon»lar, ogoh bo‘ling! Hech qanaqa «ixtiyoriy-majburiy» hashar ham uyushtirmang, oldingi yillardagidek o‘zingiz o‘quvchi, talaba, domla, muallim, do‘xtur, imomlarning, mahalla nuroniylarining, ziyolilar, san’atkorlarning tashabbuslarini ham tashkil qilmang! Yetar shuncha yil o‘zingizni aldab, o‘zingiz ishonganingiz. Prezident aytganidek, yetar «o‘zimizni o‘zimiz ahmoq qilib yurganimiz».

Endi kresloga qo‘shib, obro‘ngizni ham yo‘qotib qo‘yishingiz hech gap emas!

Bu gapni sizlarga men emas, yurtning egasi, Prezident aytdi!

Men eslatib qo‘ydim, xolos.

Karimberdi To‘ramurod, «Xabar.uz» muxbiri 

 

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring