Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent shahar IIBBga zamonaviy vertolyotlar ajratiladi

Toshkent shahar IIBBga zamonaviy vertolyotlar ajratiladi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-yanvar kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo‘limiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.


O‘qing: Shavkat Mirziyoyev: «IIV, DXX, Milliy gvardiya, prokuratura – hammasi xalqqa xizmat qilishi kerak»


Davlatimiz rahbari ichki ishlar bo‘limidagi yangi mutaxassislar — psixolog, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha profilaktika inspektorlari bilan suhbatlashdi.

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

– Xalq bilan ishlaydigan xodimlar psixologiyani chuqur bilishi, odamlarga ko‘mak, mehr berishi kerak. Jinoyatga qo‘l urgan yoshlar, xotin-qizlarning avvalo muammolarini o‘rganish, maishiy muammolari bo‘lsa, mas’ul tashkilotlar orqali yordam berish, ruhan qo‘llab-quvvatlash zarur. Shundagina ularning dunyoqarashi o‘zgaradi, natija bo‘ladi, – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev mazkur ichki ishlar bo‘limidagi pasport xizmati xonasida bo‘lib, biometrik pasportlarni rasmiylashtirish jarayonini kuzatdi. Jahon standartlari asosida tashkil etilgan tergov xonasini ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Ichki ishlar bo‘limi bazasida joylashgan favqulodda xizmatlarni tezkor boshqarishning yagona tizimi faoliyati amaliy ko‘rsatib berildi. Bunga «Qutqarish xizmati – 1050», «Yong‘in xavfsizligi – 101», «Tez yordam – 103», «Qo‘riqlash – 102» ekipaji, shtatdagi texnika va anjomlari bilan namoyish etildi. Bu favqulodda holatlarni tezkor bartaraf etishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz jamoat xavfsizligini ta’minlashning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga zamonaviy vertolyotlar ajratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xalqimiz tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring