Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident O‘zbekiston yoshlariga tabrik yo‘lladi

Prezident O‘zbekiston yoshlariga tabrik yo‘lladi

Foto:Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigi yo‘lladi. Tabrik matni «O‘zA»da e’lon qilindi.

«Qadrli yoshlar, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Sizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni mamlakatimizda birinchi marta nishonlanayotgan qutlug‘ ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mana shunday quvonchli kunda, avvalo, yurtimizda keyingi paytda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani, o‘g‘il-qizlarimizning ijtimoiy faolligi, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik hissi kuchayib borayotganini, zamonaviy, demokratik O‘zbekiston davlatini barpo etishda navqiron avlodimizning munosib ishtirok etayotganini barchamiz minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.

Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish biz olib borayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, bu yo‘lda ulkan ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

O‘tgan bir yilning o‘zida yoshlar hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan 20 dan ziyod qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Ayniqsa, sizlarning tashabbusingiz bilan bundan bir yil muqaddam O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgani yoshlarimiz, butun el-yurtimiz hayotidagi muhim voqea bo‘ldi.

Albatta, bir yil – tarix uchun juda qisqa fursat. Shunga qaramasdan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘tgan qisqa davrda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yo‘lida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik qiladigan muhim ijtimoiy tuzilmaga aylandi.

Shu asosda yosh avlodimizning grajdanlik pozitsiyasi va faolligini kuchaytirish, uni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallab, xalqaro maydonda raqobatga kirisha oladigan barkamol shaxslar etib tarbiyalash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, yoshlar bilan doimiy muloqot olib borish, ularning bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, jamiyatning munosib a’zolariga aylanishi, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash vazifasi barchamizning kundalik faoliyatimiz mezoniga aylanib bormoqda.

Buning amaliy tasdig‘ini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin. Xususan, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, yosh tadbirkorlarga, ayniqsa, qizlarimizga hunarmandlik bilan shug‘ullanishlari uchun kreditlar ajratish, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish, fermerlikni qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasi, ularni sog‘lomlashtirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Faqat bir yil davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan 4 ming 300 ga yaqin yigit-qizlarimizga banklar tomonidan 216 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berilgani, 184 ming 300 dan ziyod farzandlarimiz ish bilan ta’minlangani e’tiborga loyiq.

Mamlakatimizda markaziy va mahalliy hokimlik idoralari, deputatlar korpusi, sud-huquq sohasi rahbarlarining yoshlar bilan ochiq muloqotlar olib borishi ijobiy an’anaga aylanib bormoqda. Bunday muloqot va uchrashuvlarda yoshlarni qiynayotgan ko‘pgina muammolar joyida hal etilmoqda, ularga amaliy yordam, malakali maslahat va yo‘llanmalar berilmoqda»,—deya ta’kidlangan bayram tabrigida.

Shuningdek, prezident yoshlar erishayotgan yutuqlar xususida ham to‘xtalgan. 

«O‘tgan bir yil mobaynida o‘g‘il-qizlarimizdan 266 nafari respublika, 80 nafari xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari bo‘lgani, sportchilarimizdan 12 nafari jahon, 93 nafari Osiyo chempionatlarida, 150 nafardan ziyodi xalqaro musobaqalarda yuksak shohsupalarga ko‘tarilganini ana shunday ezgu ishlarimizning dastlabki natijalari sifatida qabul qilamiz.

Yoshlarimizning milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida, har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun ta’lim-tarbiya sohasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalarining zamonaviy tizimi yaratilmoqda, umumta’lim maktablarida 11 yillik ta’lim joriy etilmoqda. Oliy ta’lim tizimida yangi, zamonaviy bilim maskanlari, jumladan, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, soha faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda.

Yurtimizda Temurbeklar harbiy litseylari, Muhammad Xorazmiy va Mirzo Ulug‘bek maktablari, atoqli adiblarimiz nomidagi ijod maktablari tashkil etilgani unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib avlod etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Biz bu boradagi ishlarni kelgusida ham albatta izchil davom ettiramiz. Xususan, iqtidorli yoshlarimizni dunyoning eng yetakchi universitetlari, ilmiy markazlarida davlat homiyligida o‘qitish, malakasini oshirish bo‘yicha samarali tizim yaratish – oldimizda turgan muhim vazifadir.

Yoshlarni, yosh oilalarni ijtimoiy himoya qilish masalasi ham biz uchun eng muhim va ustuvor yo‘nalishga aylanib bormoqda. Bu borada mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Yoshlar uylarini barpo etish dasturi hayotga izchil joriy etilayotganini ta’kidlash lozim»,— deydi prezident.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring