Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qonli gullar vodiysi: Madaminbek» romani muallifi bilan suhbat

«Qonli gullar vodiysi: Madaminbek» romani muallifi bilan suhbat

Foto: «Xabar.uz»


Muallif haqida:

Baxtiyor Rasulov (Baxtiyor Abdug‘afur) 1980-yili Namangan viloyatining Uychi tumani Yorqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim. Ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti mikroorganizmlar biotexnologiyasi laboratoriyasi mudiri vazifasida ishlayapti.

B.Rasulov juda ko‘plab ilmiy ishlar, tadqiqotlar muallifi, xalqaro loyihalar faol qatnashchisi. Xitoy, Yaponiya, Shveysariya kabi mamlakatlarga ma’ruza o‘qishga chaqirilgan.

U 100 ga yaqin ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalar e’lon qilgan, 1 ta patent muallifi.

Endi Baxtiyor Rasulov faoliyatining ikkinchi — birinchisidan o‘tsa-o‘tadigan, aslo qolishmaydigan sahifasini ochamiz: badiiy ijod.

Shu kungacha «Qonli gullar vodiysi: Madaminbek», «Sulton Jaloliddin Manguberdi», «Uzbechka» tarixiy romanlari, bolalar va o‘smirlar uchun «Olamlar kurashi. Malikaning mash’um bitigi» ertak-qissasi, «Alkimyogarlar jangi», «Oltinchi yo‘lak», «Quyosh Mag‘ribga botadi» qissalari e’lon qilingan. «Sharq yulduzi»da bosilgan «Kibr minorasi» asari 2015-yilning eng yaxshi qissasi deya e’tirof etildi. Davriy nashrlar, jumladan «Sharq yulduzi», «Yoshlik» jurnallari, «Kitob dunyosi», «So‘g‘diyona», «Bekajon», «Darakchi» kabi gazetalarda nasriy asarlari berib borilmoqda.


— Roman yozilish tarixi qanday bo‘lgan?

— Romanni yozishdan avval uning taxminiy syujeti, ko‘rinishi, bo‘y-basti bor edi. Uni qanday badiiylashtirish, ramziy voqealar hammasi miyamda aylanardi. Jumladan, men aytmoqchi bo‘lgan asosiy g‘oyani kimga yuklash, uni tarixiy voqealar asosida berish xayolimda o‘z-o‘zidan rivojlanardi. Ko‘z o‘ngimda qo‘rboshilar gavdalanar, bir-birlari bilan suhbatlashishardi, jang sahnalari o‘tardi. Shu tariqa, Abdulla Qodiriy domla aytganlaridek, «havasimda jasoratlandim». 2003-yil yanvarida asarning dastlabli boblarini qog‘ozga tushira boshladim. Qo‘qondagi «Daxmai Shohon» qabristoni. Undagi yangi qabr. Romanning bosh qahramonlaridan biri Maqsudbek Ibrohimbek o‘g‘lining otasi qabri poyida ko‘z yoshlari. Qo‘qondagi qirg‘in, xunrezlik. Yaqinda madrasani tamomlab, otasining paxta zavodini qurish orzusida yurgan shoirtabiat yigitning qo‘liga qurol olishi va Farg‘onaning eng yirik qo‘rboshisi Muhammad Aminbek Ahmadbek o‘g‘li — Madaminbekning xizmatiga kirishi yozildi. U yog‘i endi tarixiy manbalar asosida yozish davom ettirildi.

Aslida, yurt va millat qayg‘usida maydonga chiqqan mard bek bobolar haqida so‘z aytayotganda doimo bir narsa istiholada ushlab turardi: ularning tarixini, kechmishini, orzu-armonlarini to‘g‘ri yetkazib bera olarmikanman? Shuncha vaqt yomonotliq qilingan asl fidoyilarni, millat jonkuyarlarining siymosini xolis yorita olamanmi-yo‘qmi? Buni qanchalik uddaladim, hurmatli o‘quvchilarning hukmiga havola.

— Roman bosh qahramoni, Farg‘ona qo‘rboshilarining sardori Madaminbekning boshqa buyuk ajdodlarimizga o‘xshash tomonlari bormi?

— Tariximiz buyuk ajdodlarga to‘la. Jahon tarixidagi siymolardan ko‘p jihatlaridan farq qilishadi. Masalan, Amir Temur bobomiz nafaqat mohir sarkarda, balki din himoyachisi, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida maydonga chiqadi. Buyuk Boburiylar saltanatini tuzgan Zahiriddin Muhammad Bobur jasur jangchi, zukko qo‘mondon va ayni vaqtda, nozikta’b shoir bo‘lgan. Men tarixini yozishgan bel bog‘lagan Madaminbek esa, istiqlol kurashchisi bo‘lish bilan bir qatorda, hassos she’r muxlisi va hofizi Qur’on bo‘lgan. Vaqti kelganda janglarda ayovsiz kurashgan, dushmanga nisbatan murosasiz bo‘lgan, vaqti kelganda Fuzuliyning devonini varaqlagan, qo‘rg‘ondagi xos hujrasiga chekinib Qur’on tilovat qilgan. U haqda xalq orasida she’rlar to‘qilgan. Shulardan birini e’tiboringizga havola qilsam:

Muhammad Aminbek salomat bo‘lsin,

Vujudi hamisha farog‘at bo‘lsin.

Xudoni habibi rafoqat bo‘lsin,

Tamomi ishi ham karomat bo‘lsin,

Qilgan kori-bori ibodat bo‘lsin.

Huruj ayladi Marg‘inon shahridin,

Hamma bo‘ldi hayron muning ahdidin.

Muborak otidir Muhammad Amin,

Anga der hamma ofarin, ofarin,

Bu kuffor eliga shijoat o‘lsin.

Aziz jonini beqaror ayladi,

G‘azotga o‘zini nisor ayladi,

Kishining ahdiga xo‘b vafo ayladi,

Nabiyu valilarni yor ayladi,

Qilgan kori-bori iborat bo‘lsin.

Asarda yana shunday epizod bor. Matnini keltiraman:

«...Amirlashkarning hamon mashvarat xonasidan chiqmayotganidan xavotirlangan Maqsudbek eshikning yoniga kelib, asta ochdi-yu chiroq qarshisida chuqur xayolga botgan, qoshlari uyulib, o‘rtasida tugunchak hosil bo‘lgan Madaminbekni ko‘rdi. U Maqsudbekning qarab turganini sezmadi. Sezadigan ahvolda ham emasdi. Maqsudbekning yodiga Madrasayi Mirda tolibi ilmligida xatm qilgan «Tarixi Alimquli amirilashkar»dagi voqea tushdi. Xonning otalig‘i Alimquli amirlashkar uch kecha-yu uch kunduz Toshkand o‘rdasidagi xonasidan chiqmay, Koshg‘arga kimni noib qilib tayinlash masalasida bosh qotiradi. Chiroq qarshisida o‘yga cho‘mgan Madaminbekning siymosida u Alimquli amirlashkarning qismatini o‘qigandek bo‘ldi. «Millat yuki yelkasiga tushgan sarkardalarning qismati ham o‘xshash ekan!» — tuyqus ko‘nglidan o‘y o‘tdi. U Madaminbekka halaqit bermaslik uchun eshikni asta yopdi. Amirlashkarni xayollari bilan yana yolg‘iz qoldirdi...»

Romanda yozilganidek, millat yuki yelkasiga tushgan sarkardalarning qismati ham o‘xshash, hayratlanarlisi, o‘sha ajdodlarimizning qismatiga Madaminbek ham sherik bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.

— Tarixiy asarlarni yozish mashaqqatli ish. Tarixiy manbalarni o‘rganish, ularni yagona tizimga solish og‘ir kechmaganmi?

— To‘g‘ri, tarixiy mavzuda yozish oson emas. Emin-erkin yoza olmaysiz, ma’lum tarixiy haqiqat asosida voqealarni tasvirlaysiz. Milliy-istiqlolchilik harakati nisbatan yaqin tarix. Birgina bolsheviklar va sho‘ro hukumatiga qarshi kurash 1917-1938-yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrni tadqiq etgan juda ko‘plab akademik nashrlar — monografiyalar, kitoblar, to‘plamlar, memuarlar e’lon qilindi. Arxivlarga o‘sha davr hujjatlari kiritildi. Mavzuni yoritilish nuqtayi-nazaridan bu nashrlarni ikkiga bo‘lsak bo‘ladi: sobiq sho‘ro va mustaqillik davri adabiyotlari. Shuningdek, horijga chiqib ketgan vatandoshlarimizning ham asarlari bo‘lgan. Aynan ular va mustaqillik davrida e’lon qilingan adabiyotlarni xolis desak bo‘ladi. Sababi, sho‘ro tarixchiligi qoralagan bu harakat va uning qahramonlari aynan mustaqillik davrida oqlandi. Imkon qadar barcha manbalarni, arxiv hujjatlarini o‘rganishga harakat qildim. Ular asosida istiqlolchilik kurashining asosiy qahramonlari va jarayonlarini o‘zimda tiklashga urindim. Romanning uzoq muddat yozilishi sababi ham shunda. Manbalarni o‘rganish va tahlil qilish ancha vaqt olgan. Odatda tarixiy asarlar shunday yoziladi. Jang bo‘lgan joylarni borib ko‘rdim, tarixiy joylarni o‘rgandim.

— Bu izlanishlarda baribir kimdandir yordam so‘ragansiz, maslahatlashgansiz. Shu haqda ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Albatta, tarixchilarning yordami katta bo‘lgan! Jumladan, O‘zR FA Tarix instituti professori Qahramon Rajabov, Andijon davlat universiteti professori Rustambek Shamsutdinovlarning maslahatlarini oldim. Men roman yozilishida Qahramon Rajabovning katta yordamini alohida e’tirof etishim kerak. Qahramon aka asar qo‘lyozmasini qayta-qayta o‘qib chiqdilar, maslahatlar berdilar. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi katta ilmiy xodimi Otabek Jo‘raboyev qo‘lyozmani o‘qib, tahrir masalalarida yordamlarini ayamadilar. Fursatdan foydalanib, bu insonlarga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

— O‘zaro suhbatlarda roman ancha yillar bosilmaganini aytib o‘tgan edingiz. Nega bunday bo‘ldi?

— Romanni 2003-2009 yillarda yozdim. 2009 yilda roman qo‘lyozmasini bir necha davlat va hususiy nashriyotlarga olib bordim. Hech qaysi nashriyot bosmadi. Davlat nashriyotidagilar ochig‘ini aytishdi: «Mavzu qaltis, mumkin emas!..» Hayron bo‘lardim, nimasi qaltis bo‘lishi mumkin?! Istiqlol uchun kurashgan bek yigitlar haqida bo‘lsa, bu dorilomon kunlarga xalqimiz osonlik bilan yetib kelmagan bo‘lsa! O‘sha nashriyot muharrirlari mensimay gaplashganini haliyam eslayman. Xususiy nashriyotlar nashrning pulini to‘lasam chiqarib beramiz, deyishgandi. O‘sha kezlari romanni chiqara olmasligimga ishongandim. Noshirlarning o‘z rejasi bor, menda esa pul yo‘q. Bundan tashqari, tirikchilik, ro‘zg‘or degan gaplar bor. Orada Isroilda Ben Gurion universitetida mikrobiologiya ixtisosligi bo‘yicha magistraturada o‘qidim, 2012 yildan Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar Akademiyasining fizika-kimyo institutida nanobiotexnologiya bo‘yicha ilmiy ishlar qildim. Orada nomzodlik dissertatsiyasini yoqladim. Baribir ko‘nglimning bir chetida romanni nashr qilish istagi cho‘g‘ bo‘lib turar, tinchlik bermasdi.

2015-yilda roman qo‘lyozmasini O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Nasr kengashiga topshirdim. Kengash raisi Abduqayum Yo‘ldoshev asarni maqtab, nashr uchun tavsiya berdilar. Qo‘lyozma va tavsiya xatini bir davlat nashriyotiga topshirdim. Bu yerda ham paysalga solinaverdi. «Akademnashr» nashriyoti rahbari Sanjar Nazar akaning yordamida 2018-yil boshida, yozilganidan salkam o‘n yil o‘tib roman dunyo yuzini ko‘rdi.

— Yana bir tarixiy asaringiz «Sulton Jaloliddin Manguberdi» romani «Sharq yulduzi» jurnalida nashr etilmoqda. Bu haqda ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Madaminbek haqidagi romanimni yakunlaganimdan so‘ng anushtegin Xorazmshohlar xonadonining buyuk vakili, mard ajdodimiz sulton Jaloliddin Manguberdi haqida asar yozishga kirishdim (2009-yil). O‘tgan yili romanning birinchi kitobini tugatdim va shu yilning boshidan «Sharq yulduzi» jurnalida e’lon qilina boshlandi. Nasib qilsa, tez orada kitobi ham nashr etiladi.

— Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat...

— Fursatdan foydalanib, sizga va «Xabar» ijodkorlariga minnatdorligimni bildiraman. Ishlaringizda omad, yutuq va muvaffaqiyatlar tilayman.

Shuhrat Sattorov suhbatlashdi

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring