Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiya 2023-yilgacha AQShning kimyoviy qurol zaxiralarini yo‘q qilishiga umid qilmoqda

Rossiya 2023-yilgacha AQShning kimyoviy qurol zaxiralarini yo‘q qilishiga umid qilmoqda

Foto: «ria.ru»

«Moskva AQShning e’lon qilingan muddat, ya’ni 2023-yilgacha o‘z kimyoviy qurollari zaxirasini yo‘q qilishga erishishiga umid qilmoqda», — dedi 4-aprel kuni Rossiya sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Georgiy Kalamanov. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bermoqda.

«Tabiiyki, biz 2023-yilni, ya’ni ikkita ob’yektda AQShning kimyoviy qurollari yo‘q qilishining tugashini kutmoqdamiz. Umid qilamanki, AQShdagi hamkasblarimiz bu vazifani bajara olishadi», — dedi Kalamanov Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (OPCW —organisation for the prohibition of chemical weapons​)  maxsus majlisidan keyin o‘tkazilgan brifingda. 

U AQShdagi kimyoviy qurollarning zaxirasi Rossiyaga nisbatan kamroq ekanini ta’kidladi. «Umid qilamizki, hamkasblarimiz, hech bo‘lmaganda, o‘zlari aytgan vaqtda bu vazifani bajara oladilar», — dedi Kalamanov.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh kimyoviy qurollarni yo‘qotish bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarmayotganini va bu turdagi ommaviy qirg‘in qurollarining yagona va eng qudratli egasi bo‘lib qolayotganini aytgan edi. Bundan tashqari Putin AQSh kimyoviy qurollarni yo‘q qilish muddatini 2007-yildan 2023-yilgacha uzaytirganini, qurollarni tarqatmaslik va ularni nazorat qilish bo‘yicha o‘zini yetakchi deb hisoblaydigan davlat uchun bu yaxshi emasligini aytgan. Rossiya esa 2017-yilda o‘zining oxirgi kimyoviy qurollar zaxiralarini yo‘q qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1993-yil 13-yanvar kuni Parijda BMTga a’zo davlatlar kimyoviy qurollarni ishlab chiqarmaslik va mavjud zaxiralarni yo‘q qilish bo‘yicha konvensiyani imzolagan edi. Ushbu konvensiya 1997-yil 29-apreldan kuchga kirgan. Jenevada ishlab chiqilgani uchun Jeneva konvensiyasi deyiladi. Shu yili «OPCW»ga asos solinadi. Tashkilot 2013-yilda tinchlik sohasida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring