Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rasman ochildi

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rasman ochildi

Foto: O‘zA

Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilingan edi. Qarorda Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti negizida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etilib, institut va uning qoshidagi akademik litsey Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazilishi belgilangan edi. O‘zA xabar berishicha, Samarqandda Veterinariya meditsinasi instituti rasman ochildi.

Foto: O‘zA

Ushbu institutning oldida qanday vazifalar turibdi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 9-dekabr kuni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida agrar sohada zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan kadrlar yetishmayotgani, ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida veterinar mutaxassislarga ehtiyoj katta ekanligini alohida ta’kidlagan edi.

Ma’ruzada chorva mollarining zotini yaxshilash, parrandalarda kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha ilmiy izlanishlar deyarli olib borilmayotganligi, chorvachilik sohasida yetakchi bo‘lib kelgan yurtimizda bugun zotdor mollarni faqat chetdan olib kelish bilan cheklanib qolinayotgani keskin tanqid qilingandi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qat’iy topshirig‘i asosida jahonning ilg‘or tajribalari o‘rganilgan holda takliflar tayyorlanib, sohaning zamon talablari asosida rivojlanishini hamda malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2018-yil 8-mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Institut oldiga soha uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, rivojlangan xorijiy davlatlarning veterinariya va chorvachilik sohasi bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganish asosida ta’lim jarayonlariga tatbiq etish, ta’lim berish jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash kabi bir qator vazifalar belgilab berildi.

Kelgusida yurtimizda chorvachilik tarmoqlarining rivojlanishida mazkur ta’lim dargohi muhim vazifalarni bajaradi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat veterinariya qo‘mitasi raisi B.Norqobilov, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari R. Qobilov, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori X.Yunusovlar institut ochilish marosimining ramziy tasmasini kesish jarayonida ishtirok etishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring