Senatning 19-yalpi majlisida nimalar ko‘rilishi ma’lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi majlisida Senatning o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisini chaqirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Kengash qaroriga muvofiq Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi 2026-yil 10-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Majlisda yalpi majlis kun tartibiga kiritiladigan masalalar muhokama qilindi. Xususan, Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirish, Milliy gvardiya faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bog‘liq bayonnomalarni ratifikatsiya qilishga oid qonun muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirishga doir masalalar ham kun tartibidan o‘rin olgan.
Yalpi majlisda yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi hamda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar Oliy Majlis Senati Kengashi qarorlarini tasdiqlash masalasini ham ko‘rib chiqadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter