Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senatorlar mediatsiya haqidagi qonunni ma’qulladilar

Senatorlar mediatsiya haqidagi qonunni ma’qulladilar

Foto: Yelena Lipovskaya

2018-yil 28-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi ish boshlagan edi. Yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar berdi.

Senatorlar ishni «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Qonun shaxs, jamiyat va davlatning ekstremizmdan xavfsizligini ta’minlashga, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini himoya qilishga, fuqarolar tinchligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlashga qaratilgan.

Qonunda ekstremizmga qarshi kurashishning asosiy tushunchalari, prinsiplari va yo‘nalishlari, bu sohada faoliyatni amalga oshiruvchi organlar doirasi va ularning vakolatlari, ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlari, shuningdek, ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirishga, ekstremizm sohasidagi huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yishga, shuningdek, javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashga, xalqaro umume’tirof etilgan normalar va standartlarni ijro etishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar «Mediatsiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan, mamlakatimiz sud tizimida ish hajmini kamaytirishdan iborat.

Ushbu Qonun fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga, shuningdek, yakka mehnat nizolariga, oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Shunisi e’tiborliki, ushbu Qonun mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl qilishi mumkin bo‘lgan nizolarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Qonunda mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Professional asosdagi mediator faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek, Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs amalga oshirishi mumkinligi Qonunda nazarda tutilgan.

Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini yigirma besh yoshga to‘lgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin. Qonunda mediatsiya tadbirkorlik faoliyati hisoblanmasligi, maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsiplari asosida amalga oshirilishi ham ko‘rsatilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring