Shuhrat Abbosov Charli Chaplin mukofoti bilan taqdirlandi
Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarining kino hamda televideniye sohasidagi yuksak ijodiy yutuqlarini e’tirof etishga qaratilgan «Oltin globus» xalqaro tadbiri doirasida nufuzli Charli Chaplin mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir dasturi Charli Chaplin mukofotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bilan boshlandi. Unda kino sohasidagi xalqaro hamkorlik, Toshkentning mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy muloqot maydoni sifatidagi o‘rni hamda mintaqaviy kinematografiya an’analarining o‘zaro bog‘liqligi muhokama qilindi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov hamda aktrisa va tadbirkor, afsonaviy aktyor va rejissyor Charli Chaplinning nabirasi Kiara Chaplin ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berdi.
Dasturning keyingi qismida Charli Chaplin nomidagi Chaplin Awards mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbek kinosi afsonasi, taniqli kinorejissyor Shuhrat Abbosov milliy kinematografiya rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun vafotidan so‘ng mukofotga munosib deb topildi. Mukofotni marhum ijodkorning o‘g‘li, rejissyor Eljon Abbosov Kiara Chaplinning o‘z qo‘lidan qabul qilib oldi.
Shuningdek, Kiara Chaplin rossiyalik aktrisa Leonela Manturovaga tarixiy filmlarda kuchli ayol obrazlarini mahorat bilan gavdalantirgani uchun «Oltin hassa» (Golden Cane) mukofotini topshirdi.
The Hollywood Reporter nashri kino sanoati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Boris Xanchalyanni Featured Producer maqomi bilan e’tirof etdi.
Bundan tashqari, «Chempionlar vatani: Islom Maxachev» filmining bosh prodyuserlaridan biri, rossiyalik mediamenejer Alina Zinnatullina ham taqdirlandi. U tadbir davomida mazkur filmni taqdim etdi.
Mintaqa kinematografiyasini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan tadbirning yakunida bolalar huquqlari va jamiyatdagi dolzarb muammolarni ta’sirchan tarzda yoritgan «Haqqim bor» (Weight of Pain) qisqa metrajli filmi namoyish etildi. Kinoasar tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.
E’zoza Turg‘unova tayyorladi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter