Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Slovakiyada er-xotin XVI asr xazinasini topdi

Slovakiyada er-xotin XVI asr xazinasini topdi

Foto: Peter Ledaj / Regional Monuments Board Zilina

Slovakiyaning Liptov viloyatida o‘rmonda sayr qilib yurgan er-xotin yovvoyi to‘ng‘izlar «shudgorlab tashlagan» maydonda yer yuzasiga chiqib qolgan xazinaga duch kelishdi. Bu haqda «The Slovak Spectator» xabar berdi.

Er-xotin oltin va kumush tangalarga qo‘l urishmadi va mahalliy muzeyga qo‘ng‘iroq qilishdi. Arxeologlar yetib kelgunicha esa uch soat mobaynida xazinani qo‘riqlab o‘tirishdi.

Mutaxassislar kelib, qazish ishlarini o‘tkazganidan so‘ng sopol xumcha qoldiqlari topildi. Tangalar xumga solinishidan oldin matoga o‘ralgan ekan. Xumning og‘zi yopiq bo‘lib, uncha chuqur qilib ko‘milmagan ekan.

Aftidan xazinani yashirgan odam juda shoshilayotgan bo‘lgan. Xazinani kim va nima maqsadda ko‘mganiga aniqlik kiritish qoldi. Arxeologlarda hozircha aniq javob yo‘q.

«Bunga bir nechta sabablar bo‘lishi mumkin, — dedi Jilina yodgorliklarni qo‘riqlash hududiy kengashi a’zosi Martin Furman. — Xazina taxminan 1527-yili yoki sal keyinroq ko‘mib qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Ehtimolimizcha, bu vengr taxti uchun Ferdinand Gabsburg va Yanosh Zapolyai o‘rtasida qattiq kurash ketgan fuqarolik urushi bilan bog‘liq».

Ma’lumot berilishicha, xumchada XV asr oxiriga mansub ikki dona oltin tanga va XVI asr boshlarida zarb etilgan 1 600 dona kumush vengr dinoriylari topilgan. Darvoqe, mahalliy qonunchilikka ko‘ra, xazinani topgan oila uning 100 foizi qiymatida mukofot puli olish huquqiga ega.

Endi masala ekspertlar xazinani qanchaga baholashida qoldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring