Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sog‘-salomat vatanga yetib ol – «Turk havo yo‘llari»dan ibratga arzigulik ish

Sog‘-salomat vatanga yetib ol – «Turk havo yo‘llari»dan ibratga arzigulik ish

O‘tgan shanba kungi bir ishni aytgim keldi.

Peshindan keyin oilamizga og‘ir musibat tushdi. Tabiiy, Turkiyada o‘qib turgan o‘g‘lim Fayzulloxonga ham xabarni yetkazdim. Masofa uzoqligini hisobga olib, kelmay qo‘yaverishini, o‘sha yoqdan duo yo‘llashini tayinladim. Ammo o‘g‘lim yuragi chidamay, baribir yo‘lga otlanibdi. Internetni ochib chipta narxini o‘rgansa, shu bugun olinayotgani uchun bir tomonga 490 dollar ekan. Cho‘ntakda esa 200 dollarga teng lira bor.

Janozaga desam arzonlashtirib berar, degan umidda shosha-pisha tayyorlanib, tavakkaliga yo‘lga chiqibdi. Eng yaqinda uchadigan uchoqqa oz vaqt qolgan. Baxtiga Istanbul havolimoniga yetgunicha uchta ulov almashtirgan bo‘lsa, Olloh yo‘lini ochib, yarim daqiqa ham avtobus poylamagan!

To‘g‘ri borib kassaga yo‘liqqan. Xayriyat, chipta bor ekan. Lekin arzonlashtirishga chiptachilar ko‘nmabdi. «Musibatingizga hamdardmiz, ammo chiptani arzonlashtirish bizning qo‘limizda emas. Afsusdamiz...» – deyishibdi.

Vaqt esa ketyapti. O‘g‘lim umid bilan o‘zbek havo yo‘li kassasiga chopqillaydi. Kechroq uchsam ham mayli, arzonlashtirib berishsa bo‘ldi, deydi. Ammo, afsus, ular ham ko‘nmaydi.

O‘shga uchadigan uchoqqa chipta olmoqchi bo‘ladi. Yana omadi chopmaydi.

So‘ng oxirgi ilinj deb tag‘in turklarning kassasiga boradi. Bu orada tizim yopiladi. Endi bor chiptani o‘z narxida olishga ham imkon qolmaydi. Universitetda ishlaydigan bir tanishi esiga tushib, voqeani tushuntiradi. U «Turk havo yo‘llari» mudirligidan iltimos qilib ko‘rishga va’da beradi. «Kassa oldidan ketmay tur, hozir aniqlaymiz», – deydi.

Bir necha daqiqadan keyin birdan tizim qayta ishlab ketadi, kompyuter ochiladi, chipta yoziladi!

Bu orada o‘g‘limning yoniga bir yigit keladi va: «Men sizni kuzatib qo‘yishim kerak», – deydi.

Uchishga vaqt oz qolganini hisobga olib haligi yigit o‘g‘limni yugurtirib, xizmat yo‘laklaridan foydalangan holda to‘siqsiz olib o‘tadi, pasport nazoratidan ham osongina o‘tkazadi, so‘ng tashqariga chiqib, to uchoq zinasi tagigacha olib borib, uchoq xodimlarining qo‘liga topshiradi. O‘g‘lim oxirgi bo‘lib uchoqqa kiradi va borib joyiga o‘tiradiyu eshik yopilib motor gurillaydi.

Bular hammasi yaxshi, endi bu yog‘ini eshiting.

Chipta olingach, o‘g‘lim cho‘ntagidan bor pulini chiqarib chiptachiga uzatmoqchi bo‘lganida u nima debdi deng?!

«Chipta senga tekin bo‘ldi. Sog‘-salomat vatanga yetib ol! – debdi. Ketidan ko‘ngil ham so‘rab qo‘yibdi: – Boshing sog‘ bo‘lsin!»

Holbuki, arzonga chipta topib berganining o‘zi, uchayotgan uchoqqa o‘tirg‘izib yuborganining o‘zi katta mukofot edi! Bular yetmay, havo yo‘llari mudirligi chiptani tekin ham qilib beribdi!

Olloh rozi bo‘lsin sizlardan, qardoshlarim! Uchishlaringiz hamisha yengil, xatarsiz bo‘lsin!

Nurulloh Muhammad Raufxon

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring