Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Sog‘lom turmush tarzi qandli diabetning oldini oladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Sog‘lom turmush tarzi qandli diabetning oldini oladi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Milliy matbuot markazida «Aholini, ayniqsa, yoshlarni qandli diabet kasalligidan himoya qilish chora-tadbirlari: natijalar, muammolar va yechimlar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda ta’kidlanishicha, endokrin kasalliklar orasida qandli diabetga qarshi kurashish endokrinologiyaning dolzarb vazifasidir. Hozirda dunyo bo‘ylab 425 million qandli diabet holati qayd etilgan bo‘lsa-da, ammo amalda kasallangan bemorlar ikki barobar ko‘p. Shu bois, so‘nggi yillarda yurtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlarning milliy registri olib borilmokda. Natijada, erta tashxis qo‘yish va o‘rin bosuvchi dori-darmon bilan ta’minlash, o‘zini o‘zi nazorat qilish usullari yordamida bemorlarni kuzatish va o‘qitishni optimallashtirish, bu sohada joylarda endokrinologlarni qayta o‘qitish yaxshilandi. Kelgusida kadrlar yetishmovchiligining bartaraf etish, ya’ni 30 ming aholini 1 nafar endokrinolog shifokor bilan ta’minlash, shu bilan birga, ularning bilim va malakasini oshirishga ham alohida ahamiyat beriladi.

«Aholining reproduktiv salomatligi, onalar, bolalar va o‘smirlarning sog‘lig‘ini saqlashni yanada kuchaytirish borasida tasdiqlangan Davlat dasturi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida hududlar kesimida 42 nafar 1-tur qandli diabet bilan og‘rigan bemor bolalar «Medtronik», «Minimed-715» insulin pompalari va uning anjomlari bilan ta’minlandi. Natijada bolalarning sog‘lom hayotga qaytishiga erishildi. Joriy yilda ham markaz tomonidan o‘tgan yil dekabr oyidagi dastur doirasida xarid qilingan 50 dona insulin pompalari yil davomida 50 nafar qandli diabetning 1-turi bilan og‘rigan bemor bolalar va o‘smirlarga, 5 nafar homiladorlikni rejalashtirgan, qandli diabetning 1- yoki 2-turi bilan kasallangan ayollarda qo‘llanilishi rejalashtirilgan. – Qandli diabet bilan og‘rigan bolalar, o‘smirlar va ushbu kasallikning 1-turiga chalingan katta yoshlilar hamda insulin bilan muolaja qilinadigan 2-tur bemorlar ko‘proq e’tiborga muhtoj bo‘lishadi. Ushbu guruh bemorlar yuz foiz davlat tomonidan insulin bilan ta’minlanmoqda, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Feruza Haydarova. – Qandli diabetni o‘z vaqtida aniqlanish va samarali davolash asoratlar yuzaga kelishini kamaytiradi, bemorlar hayotini uzaytirib, asoratlarni davolashda ketadigan sarf-xarajatlarni kamaytiradi. Kasallikni davolash barobarida, uning oldini olish eng muhim vazifadir. Ayniqsa, 2-tur qandli diabetning oldini olish sog‘lom turmush tarzi va tibbiy madaniyatga bog‘liq. Ya’ni, ovqatlanish tartibiga rioya etmaslik, kamharakatlilik, semizlik va qon bosimining yuqori bo‘lishi ushbu xastalikning asosiy sabablaridir. Yana bir e’tiborli jihati, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan yurtimizning ayrim viloyatlarida 45 yoshdan oshgan aholi orasida qandli diabetning skriningi o‘tkazilmoqda. Barcha viloyat endokrinologik dispanserlarini esa o‘z vaqtida uzluksiz ravishda zarur reaktivlar, xususan, glikirlangan gemoglobin va qalqonsimon bez gormonlari reaktivlari bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, 1-tur qandli diabet bolalar va o‘smirlarni analog insulinlar, insulin yuborish uchun maxsus moslamalar (insulin shprits-ruchkalari) va o‘z-o‘zini nazorat qilish vositalari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring