Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Talash bo‘layotgan obihayot

Talash bo‘layotgan obihayot

Hozirda foydalanilayotgan motor.

Foto: «Xabar.uz»

Suv muammosi, ayniqsa ichimlik suvi masalasi yurtimizning ko‘plab hududlarida jiddiy muammo hisoblanadi. Uning yechimi har bir mutasaddidan, aholi vakillaridan jonbozlik talab qiladi. Lekin shunday holatlar ham kuzatiladiki, masalani hal qilish o‘rniga ziddiyatlarga kirishib ketiladi va oxir-oqibat bundan oddiy aholi jabr ko‘radi — suv zarur joylarga yetib bormaydi. Tahririyatimizga kelgan navbatdagi murojaatda ham shu haqda so‘z boradi.

«Assalomu alaykum! Men, Ayitqulov Ne’matilla, aholining noroziligiga sabab bo‘lgan vaziyat yuzasidan murojaat qilmoqdaman.

Biz yashaydigan Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Bog‘iston mahallasi Zulfiya ko‘chasida mahalliy aholisidan tashqari «Barkamol avlod» yoshlar ijodiyot markazi hamda 3-maktab joylashgan. Ta’lim dargohlarida yuzlab o‘g‘il-qizlarimiz ta’lim-tarbiya olish bilan birga ko‘plab to‘garaklarda qatnashib kerakli kasb-hunarlarga ega bo‘lmoqdalar.

Ko‘chamizda 1970-yillarda qurilgan eski suv ko‘tarish inshooti bo‘lib, vaqtida uch-to‘rtta qishloq aholisini toza suv bilan kecha-yu kunduz ta’minlab kelgan. Inshootning aynan shu joyga qurilishiga sabab bizning qishlog‘imiz boshqa qishloqlarga nisbatan tepalikda joylashgan bo‘lib, suv boshqa qishloqlarga ham muammosiz yetib borgan.

Keyingi vaqtlarda inshootning suv g‘amlaydigan idishi (bochkasi) zanglab chirib ketib, yer osti nasosi ishlamay qoldi. Bochkaning teshiklaridan suv muntazam oqaverganidan keyin uning poydevori yumshab qolib tasodifan yiqilish xavfi kuchaydi.

Shunday bo‘lsa-da, inshootning yer osti suv nasosi bir necha yillar avval kichikroq yer usti nasosiga almashtirildi. Natijada mahallaning besh-oltita ko‘chasigagina bir kunda 1 soat suv beriladigan bo‘ldi. Yer usti nasosi ham tez-tez buzilib qolib aholining suvdan qiynalishiga sabab bo‘lmoqda. Lekin qishlog‘imiz odamlari inoq bo‘lganligi va bir necha jonkuyarlarimiz borligi sababli o‘z mablag‘imiz hisobidan doimo ta’mirlab, bir kunda 1 soat bo‘lsa-da uzluksiz ravishda suv iste’mol qilib kelmoqdamiz. Doimiy ravishda ta’mirlashlardan charchab ikki-uch yil davomida hokimiyatga tinimsiz murojaat qilganimizdan keyin viloyat «Suvoqava» korxonasi rahbariyatidan tuman vakillari bilan birgalikda kelib ko‘rishib, suv ko‘tarish inshootini foydalanishga mutlaqo yaroqsiz deb topishgan bo‘lsa-da, hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi.

Nihoyat tuman prokurorining aralashuvidan keyin tuman suvoqava koxonasiga topshiriq berilib, yangi suv ko‘tarish inshootining qurilishi 2018-yil davlat dasturiga kiritildi. Mablag‘ ajratilganidan keyin suv va tuproq tahlillari olinib, loyiha-smeta hujjatlari tuzilib, joriy yilning may oyida Zulfiya ko‘chasidagi «Bog‘iston» MFYga tegishli bino yonida qurilish ishlari boshlandi. Loyiha-smeta hujjatlari bo‘yicha 1,5 kilometrga rejalashtirilgan quvvat bilan ishga tushirilsa, xuddi avvalgidek nafaqat «Barkamol avlod» yoshlar markazi va maktab o‘quvchilari, balki atrofdagi qishloqlar aholisining ham suv bilan bog‘liq muammosi shubhasiz hal bo‘lar edi.

Lekin o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir deganlaridek, bizning qishloqqa nisbatan pastda joylashgan qishloqning gapga usta oqsoqollari kelib, loyiha bo‘yicha boshlangan qurilish ishlarini to‘xtatib, burg‘uchilar qazigan chuqurni ko‘mdirib, texnikani qishlog‘iga olib ketishgan.

Sababi ular Prezidentga yozishgan ekan! Mazkur inshoot loyihaga zid bo‘lsa-da, ularning qishlog‘ida qurilishi kerak emish. Men yuqorida suvimizni xalqning kuchi bilan, har qanday qiyinchiliklarga chidab, bir kunda 1 soatgina ishlatib, amal-taqal qilib ichayotganimizni bayon qildim. Qolaversa tinimsiz yugur-yugurlardan keyin qonuniy ravishda 2018-yil davlat dasturiga kiritilgan qurilish ishlari boshlanganida zo‘ravonlarning bu qilig‘i ortiqcha bo‘ldi. Vaholanki, o‘sha qishloqning ham o‘zlarining suv inshooti mavjud, doimo suv iste’mol qilishadi. Agar uylaridan suv chiqmayotgan bo‘lsa, xarajat qilib quvur tortishsa bo‘ladi-ku, nega birovlarning ishlariga aralashishadi? Axir bu yerdagi maktablarda ularning ham o‘g‘il-qizlari va nevaralari tahsil olishadi-ku.

O‘rtada nizo chiqqanidan keyin hududga loyiha instituti rahbari kelib suv inshooti loyihadagi joyida, ya’ni Zulfiya ko‘chasida qurilishi kerak deb ketdi. Sirdaryo viloyati «Suvoqava» korxonasi bosh muhandisi Orzumurod aka va korxonaning tuman bo‘limi rahbari Sherzod bilan kelishib, dastlab qurilish loyiha bo‘yicha shu yerdan qurilishi kerak deyishdi.

Shunday bo‘lsa-da, mojaro qilayotgan qishloqni ham ko‘rib kelamiz deb o‘sha chollar bilan birga ketishdi. Bizlar esa ularning qaytib kelishini kutib turdik. Orzumurod aka Sherzod bilan qaytib kelganidan keyin ulardan qarorini aytmasdan oldin yana bir bor eski inshootimizni ko‘rishlarini so‘radik. Ular qurilmani ko‘zdan kechirib zudlik bilan almashtirish kerakligi va u qulab tushishi mumkinligini aytdi. Shunda biz ko‘z qorachig‘imizdek asrayotgan mo‘’jazgina suv nasosimizni ham ko‘rsatdik. Orzumurod aka uni ko‘rib nasoslaring ham yaroqsiz ekan-ku deb hayron qoldi. Endi qaroringizni ayting desak, u kishi «bilmayman» dedi-da mashinasiga o‘tirib jo‘nab ketdi.

Orzumurod akaning janjalli qishloqqa borib, u yerda nimalarni so‘zlashganlari, nimalarni va’da qilganlari bizga noma’lum. Lekin viloyat «Suvoqava» korxonasi bosh muhandisi Orzumurod akaning fikri tezda o‘zgarib qolganiga hayron qoldik. Suv inshooti esa loyihaga zid ravishda, suvdan va yerdan hech qanday tahlil olinmasdan, suvning yaroqli ekanligi o‘rganilmasdan, loyihaga zid ravishda pastki qishloqda, dalaning yonida qurilmoqda.

Bizlar 3 yil yugurib endi erishganimiz suv muammosini qonuniy hal qilish maqsadida Mirzaobod tumani xalq qabulxonasi mudiri Ulug‘bek Haydarovga murojaat qildik.

Ulug‘bek Haydarov nizoli joyga ishni joyida hal qilish uchun tuman hokimiyati va suvoqava korxonasi vakillarini taklif qilgach, bizning mahallamiz nuroniylari va boshqa aholisi ertalabdan to soat 12 largacha komissiyani kun issig‘ida, ro‘za paytida kutib turishdi.

Nihoyat komissiya a’zolari yetib kelishdi. Orzumurod aka suv inshooti pastki qishloqda qurilishini e’lon qildi. Shunda nega loyihaga zid ravishda, hech qanday tahlil olmasdan noqonuniy ish qilayotganining sababini so‘radik. «Pastdan tepaga suv chiqmaydi-ku» dedik. Shunda u kishi «Men «zakazchikman», xohlagan joyimda quraman, xohlamasam qurmayman, qonunni buzayotgan bo‘lsam qonun oldida javob beraman» deb javob qaytardi. Shunda men «Orzumurod aka, o‘zingiz inshootimizni yaroqsiz, avariya holatida deb aytdingiz-ku» dedim. «Qolaversa ishlarni dasturga kiritish, qurilishga mablag‘ ajratish tuman prokurorining ko‘magi bilan bo‘lgan» dedim. Ammo baribir rad javobini eshitib, hafsalamiz pir bo‘ldi. Mayli, pastdagi qishloqqa ham suv zarur deylik, lekin nega ularni suv bilan ta’minlash uchun biz shuncha yugurib yetay degan loyihamiz barbod bo‘lishi kerak? Agar qurish zarur bo‘lsa, har ikki joyga qurish maqsadga muvofiq bo‘lmasmidi?!

Belgilanmagan joyda va tahlil qilinmasdan, noqonuniy qurilayotgan suv ko‘tarish inshooti 2018 yil davlat dasturi asosida, belgilangan joyida qurilsagina xalqimiz rozi bo‘lar edi.

Mazkur murojaatnomaga yana 22 nafar fuqaroning imzolari va ism-familiyalari ilova qilinmoqda».

Biz bu maktubni deyarli o‘zgarishsiz chop etmoqdamiz. Bordi-yu mutasaddi tashkilotlar yoki maqoladagi shaxslar o‘z munosabatlarini bildirsa, mavzuga qaytishga tayyormiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring