Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezidentning o‘rinli tanqidi: tibbiyot OTM bitiruvchilari ishga qabul qilinish uchun attestatsiyadan o‘tkazilyapti

Prezidentning o‘rinli tanqidi: tibbiyot OTM bitiruvchilari ishga qabul qilinish uchun attestatsiyadan o‘tkazilyapti

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

2017-yil 12-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasi vakillari bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi. Davlat rahbari sog‘liqni saqlash tizimidagi hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarni hududlar kesimida tahlil qilib, joylardagi tibbiyot muassasalarining kadrlar ta’minoti va salohiyati yetarli emasligi, ya’ni bugungi kunda mamlakatda 11 mingdan ziyod shifokor yetishmasligi sababli yangidan tashkil etilayotgan tibbiyot muassasalari tomonidan aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsata olinmayotgani, buning sabablari, oqibat va yechimlariga alohida e’tibor qaratgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining tahririyatimizga xabar berishicha, Prezidentning o‘rinli tanqidi va topshiriqlaridan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyoj hududlar, tumanlar va muassasalar kesimida o‘rganib chiqildi.

O‘rganish natijasida bugungi kunda davolash-profilaktika muassasalari tizimida 11 mingdan ziyod vakant o‘rinlar mavjudligi, shundan 3462 ta shtat umumiy amaliyot shifokorlari, 8217 ta tor mutaxassisliklarga tegishli ekani aniqlandi.

Ushbu o‘rinlarni yuqori bilim-saviyaga ega kadrlar bilan to‘ldirish uchun tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari maqsadli yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Shu maqsadda tibbiyot oliy ta’limi muassasalarining bitiruvchilari va klinik ordinatorlarining hududlar kesimida manzilli ro‘yxati shakllantirildi. 2018-yil yanvar oyining birinchi o‘n kunligi davomida barcha ishga yo‘llanishi lozim bo‘lgan bitiruvchilar o‘rtasida yakuniy davlat attestatsiyalari o‘tkazildi.

Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining «Davolash ishi», «Kasbiy ta’lim (davolash ishi)», «Pediatriya ishi» VII kurs va tibbiy profilaktika ta’lim yo‘nalishining VI kurs talabalari hamda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy tekshirish institutlari, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti II kurs klinik ordinatura bitiruvchilarini mutaxassisligiga mos ravishda ishga joylashtirish bo‘yicha shartnomalar tuzildi. Yosh mutaxassislar 2018 yilning 8-yanvaridan boshlab o‘z ish joylarida faoliyat boshlashi uchun ularni uy-joy bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha zaruriy ishlar amalga oshirildi.

O‘tkazilayotgan ushbu amaliy sa’y-harakatlar natijasida 2018-yil oxirigacha umumiy amaliyot shifokorligi bo‘yicha bo‘sh o‘rinlar 88 foiz, tor mutaxassisliklar bo‘yicha esa 55 foiz qoplanishi kutilmoqda.

Ayni kunlarda tibbiyot kadrlariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan  hududlarga ishga yo‘llanuvchi bitiruvchilar, klinik  ordinator mutaxassislarga  tibbiyot ta’limini tugatganligi to‘g‘risidagi hujjatlar topshirilishi va joylarga kuzatish marosimlariga katta tayyorgarliklar ko‘rilmoqda. Bitiruvchilarning joriy yil 20-yanvarga qadar ish boshlashlari uchun barcha sharoitlar tayyorlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring