Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda «Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o‘rni» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

Toshkentda «Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o‘rni» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

Joriy yilning 5-6-dekabr kunlari Turkiy davlatlar tashkiloti, O‘zJOKU va Turkiy davlatlar geografik kengashi hamkorligida «Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o‘rni» mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Xalqaro konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad Turkiy xalqlarning ming yillar avval shakllangan tarixini yanada chuqurroq o‘rganish, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, geografik o‘tmishini talqin qilish, milliy-madaniy o‘zligiga tayanib mushtarak tarixini, birlik va qardoshlik g‘oyasiga xizmat qiladigan manbalarni yaratish va kelajak avlod uchun yetkazib berishdan iborat.

Konferensiyada Turkiya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspert hamjamiyatlarining vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Tadbirda Turkiy davlatlar geografik kengashi bosh kotibi Oybek Norinboyev, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Mirvohid Azimov, Istanbul Ticaret Universiteti rektori Abdulhamid Avshar, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo xalqaro konferensiyaning bugungi kundagi tarixiy ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdilar.

Xalqaro konferensiya «Turkistonda siyosat va boshqaruv, Turkiy davlatchilik an’analarining asoslari», «Turkistonda ilm-fan va madaniyat yoxud O‘rta asr klassik Islom madaniyati timsolida Movarounnahr», «Turkistonning me’moriy obidalari va san’ati», «Turkistonning Turkiy va mintaqa xalqlari hayotidagi o‘rni va ahamiyati», «Turkiston va Turkiy dunyo» kabi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini olib bordi.

Shuningdek, turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning tilida o‘tkazilgan mazkur xalqaro konferensiyaning chuqur ilmiy izlanishlar uchun zamin yaratgani ta’kidlandi.

Xalqaro konferensiyaning ikkinchi kuni Turkiyaning Istanbul Ticaret Universiteti Inson va jamiyat fakulteti Ta’lim Bilimlari kafedrasi o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori Z.Kamalovaning «Turkiston va Turkiston kimlig‘i nuqtai nazaridan tarix va talqin» va O‘zbekiston Milliy universiteti Kartografiya kafedrasi tayanch doktoranti S.Uvrayimovning «Islom madaniy meros ob’yektlarining interaktiv veb xaritalarni yaratish masalalari» (O‘zbekiston misolida) kabi mavzulardagi ma’ruzalar bilan davom etadi.

Qayd etilishicha, xalqaro konferensiyaning amaliy natijasi sifatida ma’ruzachi olimlarning va ishtirokchilarning ilmiy maqolalari alohida to‘plam shaklida nashr etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring