Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ustozga maktub: «Gazetalar o‘ladimi?»

Ustozga maktub: «Gazetalar o‘ladimi?»

Foto: O‘zA

Yaxshi bilasiz, sevimli shoirimiz Rauf Parfi biror kishi bilan ko‘rishib qolsa, «Dunyoqarashingiz yaxshimi?», deb so‘rashar edi. Hozir gazeta va jurnallarda ishlaydigan jurnalistlar bir-biri bilan «Obunangiz yaxshimi?» deb omonlashadigan bo‘lgan.

Men ham yaqinda ustoz Farmon Toshevga yozgan maktubimni «Assalomu alaykum, obunangiz yaxshimi, ustoz?», deya boshladim.

«Bilaman, maktub yozish allaqachon urfdan qolgan. Samarqand bilan Toshkent orasini hushtak tezligida bosib o‘tish mumkin bo‘lgan, telefon orqali nafaqat gaplashish, balki ko‘zni ko‘zga qadab ko‘rishish imkoni mavjud bir zamonda va, ayniqsa, «Feysbuk» degich ijtimoiy tarmoqda anchayin faol sizdek inson bilan suhbatlashish usullari bisyor paytda maktub bitishim kimlargadir erish tuyulishi tayin. Ammo bu borada ham o‘zingiz ustozsiz. Qolaversa, adashmasam G‘afur G‘ulom aytgan bo‘lsa kerak, «Bir-birlaringga xat yozinglar yo‘qsa, saylanmalaringning oxirgi tomi bo‘lmaydi», qabilidagi hazilomuz nasihatga amal qilyapman.

Obunangiz yaxshimi, ustoz!?

Esingizda bo‘lsa, 80-yillar oxirida «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida Shukur Xolmirzayev katta bir bahsni boshlab bergan edi. «Adabiyot o‘ladimi?» degan savol ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lgandi. Ochig‘i, u paytlari o‘spirin bola edim, bildirilgan fikr-mulohazalar, xulosalar mohiyatini yaxshi tushunmaganim tayin. Biroq biz «Adabiyot yashasa – millat yashaydi», deya hayqirgan Cho‘lpon singari ma’rifatparvarlar ijodi bilan tanishishni boshlagan edik. «Qayta qurish va oshkoralik» atalmish epkinlar tafakkurimizni shamollatayotgan paytlar edi. «Adabiyot o‘ladimi?» degan savol o‘ta mantiqsizdek tuyulgan o‘shanda menga: axir bola edim.

Shu yilning 9 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligining uza.uz saytida yana bir shogirdingiz (u ham bosh muharrir va obunasi yaxshi emas) Isomiddin Po‘latovning «Majburiy obuna qildirishsa, menga ayt. O‘zim ta’zirini beraman, qahramon bo‘laman...» sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Uning kesatiqli iztiroblarini tushunish mumkin.

«Xulosa qilganlar ham bor: gazeta-dinozavr, – bu qandaydir noma’lum tur. Qachon paydo bo‘lganiyam noma’lum va u albatta, yo‘qolishi kerak! U sog‘ib bo‘lingan sigir. Ikki asr sut berdi axir, qaridi-da! Axborotni endi TV, radio, internet ham bera oladi», deb yozibdi Isomiddin. Albatta, bu zarda bejizga emas. So‘nggi paytda internet nashrlarda, ijtimoiy tarmoqlarda «Gazetaning o‘limi» (jurnallar o‘lmas ekan, ustoz) xususidagi bashoratlar urchiy boshladi. Jamiyatda muayyan fikrni shakllantirishda internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni qay darajada ekanini «Arab bahori» orqali yaxshi bilamiz. Tan olish kerak, omma orasida, Isomiddin Po‘latov aytganidek, «Gazetafobiya» shakllanib ulgurdi. Tez orada «obuna» so‘zini ishlatgan odam jazolansa, hayron ham qolmasam kerak.

Shunday xastalik borki, unga chalingan inson hayoti muqarrar o‘lim bilan tugaydi. Xastalikning nomidanoq o‘lim isi keladi. Uni ijtimoiy kasallik deyishadi. Jamiyatdagi tubanlik, axloqsizlik, kaltabinlik, ma’naviy qashshoqlik, e’tiqodsizlik tufayli paydo bo‘ladi bu kasallik. Gazetaning muqarrar o‘limini bashorat qilayotganlar ehtimol uni ham ana shunday bedavo dardga chalingan deb o‘ylar (Chunki boshqa xastaliklarni davolasa bo‘ladi-da). Agar ular bashorat qilayotgandek «gazeta o‘lsa», demak uni xarob qilgan kasallikning nomi – ijtimoiy dard. O‘lmasa, bashoratchilar oddiy lo‘ttibozlardir.

Ustoz, ota-onam o‘qituvchi bo‘lgani bois, pochtachi uyimizga mahalliy va respublika nashrlaridan tashqari, «Krestyanka», «Biologiya v shkole», «Ximiya v shkole», «Chelovek i priroda», «Ogonyok» singari jurnallarni ham olib kelar edi. O‘zgacha bir havas bilan qarab turgan tengdoshlarimning ko‘z o‘ngida bir dasta gazeta va jurnallarni quchoqlab uyga kirib ketardim. Kimning uyiga nechta gazeta-jurnal kelishini sanab chug‘urlashardik. Bola tasavvurimizda xonadonlarga kirayotgan gazeta va jurnallar o‘sha oilaning nufuzini, obro‘yini belgilab beradigan mezon edi. Ota-onamni kimdir obuna bo‘lishga majbur qilganmi, yo‘qmi bilmayman ammo bir gal «Nega qo‘shnimiz «Mushtum» oladi-yu, biz olmaymiz», deb janjal qilganim, ularni «Mushtum» jurnaliga obuna bo‘lishga majbur qilganim esimda.

Besh olti nafar o‘qituvchi, ikki-uch nafar vrach demasa, qishloqdoshlarimning ko‘pchiligi kolxozchi edi. Umri dalada o‘tardi. Biroq 70 so‘m maosh oladigan Sayfulla boboning o‘g‘li – tengqurim Yunus ham har gal to‘rt-beshta gazeta olardi. Sindor bobo oddiy suvchi bo‘lsa ham doim etigiga gazeta qistirib yurardi. Quvur qilib o‘ralgan gazeta ko‘targan, mayda qadamlab shitob bilan ketayotgan odamni orqasidan ko‘rganlar ham darrov tanirdi – Iris aka.

2017 yil boshidan buyon xonadonlardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tarkibida Kosonsoy, Uchqo‘rg‘on, Norin, Xo‘jaobod, Buloqboshi, Oltinko‘l, Jalaquduq, Boyovut tumanlarida bo‘ldim. Uyma-uy, xonadonma-xonadon yurib odamlar bilan suhbatlashdik. Minglab muammolar joyida hal etildi. Biroq qaysi tumanga bormay, meni bir savol o‘ylantiraverdi: nega odamlar bu qadar o‘zgarib ketdi?!

Nega bir qorindan talashib tushgan aka-uka meros talashib qirpichoq? Nega bir devor qo‘shnilar bir-birining ustidan yozib, turli idoralar eshigida sarson? Nega axloqsizlik urchib boryapti? Nega oilalar parokanda, bolalar tirik yetim? Nega ayrim erkaklar bunchalik subutsiz? Nega ba’zi ayollar bu qadar yuzsiz? Nega?

Ishchi guruh faoliyati davomida ayrim mahallalarda kutubxonalar tashkil etildi. Toshkentdan kelganlar talabini qondirish uchun, xo‘jako‘rsinga taxlab qo‘yilgan besh-o‘nta kitob bilan sizloviqdek maddalab borayotgan bu illatlarga qarshi kurashib bo‘larmikan!?

Yurishlarimiz chog‘ida falon gazetaga obuna bo‘lganman, xonadonimga falon jurnal keladi, degan birorta odamni uchratmadim. Biz – ishchi guruh a’zolari ham biror bir kishidan nega gazeta-jurnal o‘qimaysiz, deb so‘ramadik. Vaholanki, vazifamiz faqat ko‘chaga shag‘al yotqizish, simyog‘och o‘rnatish, suv quvurlari tortish, kredit undirish kabi muammolarni hal qilish emas, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish ham edi. Ma’naviy muhit qandayligini esa ko‘rib turibmiz: kundan-kunga ko‘payayotgan oilaviy ajrashishlar, o‘z farzandining qotiliga aylanayotgan onalar, nomusini arzon garovga pullayotgan qizlar, bir-birini pichoqlayotgan yoshlar...

«Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida Navoiy viloyatidagi nufuzli bir kasb-hunar kollejida ishlaydigan o‘qituvchi bilan do‘stlashdik. She’riyatga qiziqar ekan. «Oila va jamiyat»da ishlashimni bilib, gazeta o‘qimasligidan xijolat bo‘ldi. Ertasiga «Gazetangiz menga juda yoqdi. Jiddiy muammolarni ko‘tarar ekansizlar. Yoshlar tarbiyasi borasida mening ham o‘z fikr-mulohazalarim bor, sizlarga yozib tursam bo‘ladimi?» – dedi. Kollej gazetaga obuna bo‘lgan, kutubxonada taxlami ham bor ekan.

Ustoz, men «Gazeta o‘ladimi, qoladimi...» degan bahsga qo‘shilmayman. Bu esli-hushli odamning gapi, deb ham bilmayman. O‘sha, o‘smirlikdagi xulosam – xulosa: «Oilaning ma’naviyati unga kirib borayotgan gazeta va jurnallar, bu xonadonda o‘qilayotgan kitoblar bilan o‘lchanadi. Ma’naviy tanazzuldan qutilishning yo‘li – o‘qish. Matbuotning vazifasi esa jamiyatdagi taloto‘plar, urho-ur, sola-sollardan xabardor qilish emas, illatning ildizini aniqlash, unga qarshi kurashish, millatning ma’naviyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlarni sof holda asrab qolishdan iborat. Bu mening gapim emas. Buni sizlar – ustozlar o‘rgatgansiz bizga.

Vohid Luqmonov,
jurnalist»

O‘zAdan olindi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring