Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorijga chiqish pasporti bilan bog‘liq muammo ko‘tarildi. Bu bo‘yicha Bosh vazirga parlament so‘rovi yuboriladi

Xorijga chiqish pasporti bilan bog‘liq muammo ko‘tarildi. Bu bo‘yicha Bosh vazirga parlament so‘rovi yuboriladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish bilan bog‘liq qonun hujjatlari ijrosi holati hamda ushbu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament so‘rovi yuborishga oid masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

2019-yil 1-yanvardan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish, ya’ni 2 yilda bir marta beriladigan ruxsatnoma bekor qilinib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti joriy etildi.

– Biroq, aholi bilan muloqotlar, joylardagi o‘rganishlar, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar va saytlarda fuqarolar tomonidan xorijga chiqish pasportini olish bilan bog‘liq qator muammolar ko‘tarilmoqda, – dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi F.Dadaxo‘jayev. – Shu munosabat bilan qo‘mitamiz tomonidan xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish va berish bilan bog‘liq qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda ushbu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilganda qator muammo va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

Biometrik ma’lumotlarni yig‘ish qurilmalariga bo‘lgan minimal ehtiyoj Ichki ishlar vazirligi organlarida 213 ta va Tashqi ishlar vazirligi organlarida 51 ta bo‘lgani holda, 2019-yil 5-fevral holatiga mazkur qurilmalar ichki ishlar vazirligi organlarida 34 va Tashqi ishlar vazirligida 1 ta o‘rnatilgan xolos.

2018-yilda 14 millionga yaqin fuqaro xorijga chiqqan. Bu esa har oyda mamlakatimiz bo‘yicha 500 mingga yaqin fuqaroga xorijiy biometrik pasport berish kerak, deganidir.

Ko‘rinib turibdiki, mavjud texnik imkoniyatlar bu talablarga mutlaqo javob bermaydi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish bilan bog‘liq qonun hujjatlari ijrosi holati hamda ushbu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament so‘rovi yuborish yuborilmoqda.

Bosh vazirga parlament so‘rovida quyidagi talablar qo‘yilgan:

  • Fuqarolarga xorijga chiqish pasportini doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turadigan joylarida berish uchun ichki ishlar organlarining tuman (shahar) tarmoqlarida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarining ma’lumotlarni yig‘ish punktlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi va kerakli jihozlar bilan ta’minlanishi;
  • vakolatli organlarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatda ta’sis etilgan diplomatik vakolatxonasining konsullik bo‘limlarida biometrik ma’lumotlarni yig‘ish qurilmalari, shu jumladan, mobil qurilmalar bilan to‘liq ta’minlanishi;
  • ichki ishlar organlari va konsullik muassasalariga kelish imkoniyati yo‘q, ya’ni jismoniy imkoniyati cheklangan, nogiron yoki kasalligi tufayli bir joyda qolgan yoxud tibbiy muassasalarda statsionar sharoitda davolanayotib, zudlik bilan chet davlatlarga chiqish zarurati tug‘ilgan fuqarolarga pasport berilishining tartibga solinishi;
  • xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish va berish jarayonida ishtirok etayotgan organlar o‘rtasida ishlarni to‘g‘ri va samarali tashkil etish, tushunmovchilik va sansalorliklarning oldini olish, har bir idoraga tegishli jarayon muddatini va mas’uliyatni belgilash borasida idoralararo hamkorlik to‘g‘risida normativ-huquqiy hujjatning ishlab chiqilishi;
  • ichki ishlar organlarining ma’lumotlarni yig‘ish punktlarida yuzaga kelgan bir-necha kunlik navbatlarni bartaraf etish, fuqarolarning noroziliklari, mansab suiiste’molchiligi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarni bayon qilish talabi qo‘yilgan.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring