Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yana bir nashriyot «Shaytanat»ning so‘nggi to‘plamini chop etdi

Yana bir nashriyot «Shaytanat»ning so‘nggi to‘plamini chop etdi

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Shaytanat» asari o‘zining o‘tkir syujeti, g‘oyasi, voqealar rivoji hamda qahramonlarining jonliligi bilan o‘quvchini hamon mutolaaga chorlab kelmoqda. Turli davralarda muhokamaga sabab bo‘lib, keskin tanqid toshlariga uchragan asar bugun ham qayta-qayta nashr etilmoqda.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi «Shaytanat» muxlislari talabiga binoan, beshta qismni o‘zida jamlagan ikki jildlik mashhur detektiv janrdagi asarni to‘liq nashrdan chiqardi. Bu haqda nashriyot «Xabar.uz»ga xabar berdi.

Aytilishicha, «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi bu safar asarni yangi ko‘rinishda taqdim etishni lozim topgan. Shunga ko‘ra «Shaytanat» romanining birinchi, ikkinchi va uchinchi kitoblari bir jildga, to‘rtinchi va beshinchi kitoblari esa ikkinchi jildga jamlandi.

Birinchi jildga «Qasos», «Non bergan jon olmaydi», «Semirgan chumoli» nomli qismlar, ikkinchi jildga «Oqqush qo‘shig‘i», «Azozil do‘koni» nomli qismlar kiritilgan. Kitoblar sifatli, yangicha ko‘rinishda muqovalangan, asar voqealariga mos surat va illyustratsiyalar bilan boyitilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring