Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sodda tilda aytganda. Yangi virtual qabulxona oldingisidan qanday farqlanadi?

Sodda tilda aytganda. Yangi virtual qabulxona oldingisidan qanday farqlanadi?

Skrin: Prezident virtual qabulxonasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi dasturiy tizimining yangi talqini ishlab chiqilib, bugun, 1-fevral kuni test rejimida ishga tushirilishi haqida xabar bergan edik.

Prezident virtual qabulxonasining yangi talqinida murojaatchi o‘z xohishiga ko‘ra, shaxsiy kabinet ochishi mumkin. Buning uchun jismoniy shaxs ro‘yxatdan o‘tish jarayonida fuqarolik pasportida ko‘rsatilgan shaxsiy identifikatsiya raqamini ham kiritishi kerak. Bu — murojaat qiluvchi uchun identifikatsiyalash (elektron guvohnoma) imkoniyati bo‘lib, katta qulaylik yaratadi.

«Fuqarolarning shaxsiy kabineti» modulidan ko‘zlangan maqsad — fuqarolarga virtual qabulxona tizimida ishlashda maksimal qulaylik yaratish, muayyan shaxsning murojaati bilan bog‘liq barcha yozishmalarni bir joyda jamlashdan iborat.

Virtual qabulxona tizimida fuqarolar kiritgan ma’lumotlarda (ism-familiya, tug‘ilgan yili, yashash manzili va hokazo) turli xatoliklar uchrab turardi. Natijada, deylik, ayni bir shaxs yuborgan bir nechta murojaatlar tarixini o‘zaro bog‘liqlikda o‘rganishda qiyinliklarga duch kelinardi. Murojaatchi bilib-bilmay o‘zi haqidagi ma’lumotlarni kiritishda xatoga yo‘l qo‘ysa, tizimda buni aniqlash mexanizmi mavjud emas edi.

Shu paytgacha har bir murojaatni topish uchun uning raqami, murojaatchining to‘liq ism-sharifi, manzili, mobil telefon raqamini bazaga kiritib, izlash kerak edi. Murojaatchi uchun o‘zining barcha murojaatlari harakatini bir joyda ko‘rishning iloji yo‘q edi. Murojaatchilar esa bir masaladagi turli murojaatlari va ularga yo‘llangan javoblarni, odatda qog‘ozga chop etilgan holatda saqlaydi. Bularning barchasi murojaatchilar uchun ham, murojaatlar bilan ishlashda ham noqulaylik, ortiqcha vaqt va kuch sarflashni taqozo qilib kelayotgan edi.

Skrin: Prezident virtual qabulxonasi

Shu paytgacha murojaatchilar yangi murojaat yuborishda personal ma’lumotlarni takroran kiritishi lozim edi. Endi murojaatchi o‘z shaxsiy kabinetiga kirib, personal ma’lumotlarni bir marta kiritsa, bo‘ldi — keyingi barcha amallarni bajarishda shu ma’lumotlar tizimga avtomatik yuklanib boraveradi. Murojaat yuborish uchun har safar personal ma’lumotlarni yangidan kiritishga zarurat qolmaydi.

O‘z navbatida, ariza, shikoyat va takliflarning fuqarolar shaxsiy pasport ma’lumotlari bilan tasdiqlanishi murojaatchilar shaxsini aniqlash ishonchliligini ta’minlaydi. Shaxsiy kabinet orqali shaxsning davlat organlari bilan bo‘lib o‘tgan barcha yozishmalari (barcha murojaatlar va javob xatlari) bir joyda, qulay tartibda jamlanadi va kerakli murojaat javobini izlab topish osonlashadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring