Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yakkabog‘da zotdor otlar boqiladigan zamonaviy majmua ochiladi

Yakkabog‘da zotdor otlar boqiladigan zamonaviy majmua ochiladi

Foto: «Xabar.uz»

Nafaqat tashqi tomondan har qanday kishining ko‘zini quvnatadigan, balki eng zamonaviy talablar asosida jihozlangan ushbu majmua ertaga, 19-may kuni tantanali ravishda ochilishi rejalashtirilgan.

Vohamizda yangidan qad rostlagan «Qorabayir otchilik majmuasi» unitar korxonasiga qarashli zotdor otlarni parvarishlash va ot sporti bilan bog‘liq turli musobaqalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan yirik majmua o‘tgan yilning 23-24-fevral kunlari Prezidentimiz viloyatimizga qilgan tashrifi davomida bildirgan takliflari asosida, «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MChJ tashabbuskorligida Yakkabog‘ tumani Beshqo‘ton qishlog‘ida yirik zamonaviy majmua qurib bitkazildi.

Foto: «Xabar.uz»

Ta’kidlab o‘tish joiz, azal-azaldan yurtimizda ot choptirish, uloq-ko‘pkari kabi musobaqalar xalq orasida keng ommalashgan. Jismoniy kuch, epchillik bilan birgalikda halollik, mardlik, dovyuraklik kabi jihatlarga asoslangan bu o‘yinlar yoshlarni ana shu fazilatlar asosida tarbiyalash, salomatlikni mustahkamlash vositasi bo‘lib xizmat qilgan. Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz otchilik va ot sporti borasida juda katta tajribaga ega. Biroq bu ishlar xalqaro darajada tashkil etilmagani ham bor gap. Chunki shu vaqtga qadar zotdor otlarni parvarishlash, ot sportini rivojlantirish borasidagi ishlar yaxlit tizimga solinmagan edi.

— Majmua 10,24 gektar maydonni o‘z ichiga oladi, — deydi «Qorabayir otchilik majmuasi» unitar korxonasi tarmoq boshlig‘i Davron Musayev. — Bu yerda ot sporti musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan bitta ochiq va bitta yopiq manej barpo etildi. Bu esa qish va yoz fasllarida ham musobaqalar o‘tkazish, mashg‘ulotlar olib borish imkonini beradi. Shuningdek, majmua hududida har biriga 50 tadan ot sig‘adigan 4 ta otxona qurildi. Bu otxonalarda 100 bosh sport otlari alohida parvarishlansa, yana 100 bosh 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan otlar doimiy ravishda boqilib, kelgusi sport musobaqalariga tayyorlab boriladi.

Xullas, 44 milliard mablag‘ evaziga barpo etilgan mazkur majmuada zotdor qorabayir otlari to‘liq zamonaviy usulda parvarishlanadi. Shuningdek, bu yerda mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalar o‘tkazila boshlanadi.

Ahror Sodiqov
«Xabar.uz» uchun maxsus

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring