Endi hokimlar xorijga chiqadi, elchilar esa kunini hokimga qo‘ng‘iroq qilishdan boshlaydi

Endi hokimlar xorijga chiqadi, elchilar esa kunini hokimga qo‘ng‘iroq qilishdan boshlaydi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 11-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Unda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni vakillari, hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar hokimlari, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vazirlik hamda idoralar rahbar xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligi, uning muassasalari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining 2017-yildagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, 2018-yil va yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalari belgilab olindi.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlardagi elchilar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish, vazirlik va unga qarashli muassasalar tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov boshchiligidagi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari faoliyatini tanqidiy o‘rganish hamda tubdan takomillashtirish bo‘yicha komissiya Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi har bir xodimning ishiga xolis baho berishi, mavjud kamchiliklarni tahlil qilib, ularni bartaraf etishga oid aniq takliflar kiritishi lozim bo‘ladi.

Mamlakatimizning xorijdagi har bir diplomatik muassasasi amaliy faoliyati atroflicha ko‘rib chiqildi va tanqidiy baholandi, yaqin istiqbolda tashqi siyosiy faoliyat yuritishning aniq yo‘nalishlari belgilab berildi.

Prezidentimiz har bir elchixonaga mamlakatimizning muayyan hududi va iqtisodiyot tarmog‘ini biriktirish taklifini bildirdi. Endi har bir elchi ish kunini o‘ziga biriktirilgan hudud hokimi va tarmoq rahbari bilan telefon orqali muloqot qilishdan boshlaydi. Eksport va turizmni rivojlantirish, biznes kooperatsiyasini kuchaytirish bo‘yicha aniq investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar tezkor hal qilinadi.

O‘z navbatida, viloyat hokimlari bir yilda kamida ikki marta tegishli mamlakatlarga xizmat safariga shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalari, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida borishi shart.

Yig‘ilishda, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va uning diplomatik missiyalarining daxldor vazirlik hamda idoralar, mahalliy ijro organlari bilan o‘zaro idoralararo munosabatlarining aniq va samarali tizimini shakllantirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.