Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

13-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi

Ta’kidlanishicha, suhbatda davlat rahbarlari keng ko‘lamli ikki tomonlama hamkorlikning holati va uni oliy darajada erishilgan kelishuvlar doirasida rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining muntazam uchrashuv va muloqotlari ikki tomonlama do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Prezidentlar o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani kuchaytirish, samarali transport yo‘laklarini shakllantirish, hududlararo va gumanitar almashuvni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Tomonlar hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlari, jumladan, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetik salohiyatni samarali rivojlantirish borasidagi yondashuv va pozitsiyalari mushtarak ekanini qayd etdilar.

Ikki va ko‘p tomonlama keng ko‘lamli hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, xalqaro maydonda tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va mintaqada yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari qardosh O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarining farovonligi yo‘lida ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali munosabatlarni izchil kengaytirish va mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring