Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT dunyoning yangi dunyo xaritasini ma’qulladi

BMT dunyoning yangi dunyo xaritasini ma’qulladi

Afrika Merkator chizmasiga asoslangan an’anaviy dunyo xaritasida (chapda) va 2018-yilgi Equal Earth xaritasida.

Foto. Equal-earth.com, Getty Images

Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohda o‘tgan yig‘ilishda BMT Bosh Assambleyasi XVI asrga mansub Merkator proyeksiyasidan rasman voz kechib, 2018-yilda yaratilgan aniqroq «Teng Yer» (Equal Earth) loyihasini ma’qulladi.

Togo davlati tashabbusi bilan ishlab chiqilgan rezolyusiyada qit’ani Grenlandiya bilan deyarli bir xil hajmda ko‘rsatuvchi an’anaviy xaritalardan bosqichma-bosqich voz kechish so‘raladi. Afrikaning asl o‘lchamlari aks etgan yangi dunyo xaritasi qabul qilinishi natijasida nafaqat ushbu qit’a, balki yer yuzidagi deyarli barcha qit’alar, orollar va mamlakatlarning xaritadagi qiyofasi o‘zgaradi.

Sessiyada 164 ta davlat rezolyusiyani yoqlab ovoz berdi. Faqat AQSh unga qarshi chiqib, o‘z vakili orqali bu hujjatni «ortiqcha» deb baholadi. Olti mamlakat esa betaraf qoldi.

BMT rezolyusiyalari majburiy huquqiy kuchga ega bo‘lmagani bois, davlatlar yoki tashkilotlar yangi proyeksiyadan foydalanishga majburlanmaydi, shuningdek, eskisidan foydalanish ham taqiqlanmaydi. Shunga qaramay, ta’lim, texnologiya va davlat boshqaruvida Merkator proyeksiyasi keng o‘rin olganini hisobga olsak, ushbu qaror o‘quv dasturlari hamda kundalik texnologiyalarning yangilanishiga turtki berishi kutilmoqda.

Gerardus Merkator (1512-1594) tomonidan 1569-yilda yaratilgan xarita hamon jahon etaloni hisoblanadi.
Foto: Stock Montage/Getty Images

Afrika ittifoqi nomidan ushbu kampaniyaga boshchilik qilgan Togo davlati quyidagicha bayonot berdi: «Bu rezolyusiya xaritalardagi nomutanosib tasvirlar, ayniqsa, Merkator proyeksiyasidan qolgan xatoliklar odamlarning dunyoqarashi, ta’lim, madaniyat, geosiyosat va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga uzoq vaqt salbiy ta’sir ko‘rsatganini tan oladi. Bunday tasvirlar oqibatida umuminsoniy ongda Afrika va boshqa mintaqalarning asl hajmi sun’iy ravishda kichraytirib kelingan».

Togo tashqi ishlar vaziri Robert Dyusse: «Bu siyosiy bahs emas, balki ilmiy muhokamadir. Ilmiy dalillar ko‘rsatib turibdiki, barchamiz haqiqatni tan olishimiz kerak», dedi.

Merkator xaritasini 1569-yilda flamand kartografi Gerardus Merkator dengizchilarga yo‘l topishda qulay bo‘lishi uchun yaratgan edi. Oradan qariyb besh asr o‘tgan bo‘lsa-da, u hali ham jahon standarti bo‘lib kelmoqda. Biroq Merkator proyeksiyasining o‘ziga xos nuqsonlari sababli ekvator atrofidagi hududlar asl hajmidan ancha kichik, qutblarga yaqin o‘lkalar esa juda katta bo‘lib ko‘rinadi. Masalan, xaritada Afrika Grenlandiya oroli bilan tengdek tuyuladi, aslida esa bu qit’a mazkur oroldan 14 baravar katta.

«Afrika bag‘riga AQSh, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Meksika va Yevropaning katta qismini bemalol joylashtirish mumkin va shunda ham sezilarli joy qoladi», — deyiladi Change.org saytida 11 mingdan ziyod imzo to‘plagan #CorrectTheMap (#XaritaniTo‘g‘rilang) kampaniyasi petitsiyasida. Afrika ittifoqi ushbu tashabbusni 2025-yilning avgustida ma’qullab, uni hayotga tatbiq etishni Togo davlatiga topshirgan edi.

O‘tgan juma kuni ovoz berishdan oldin Fransiya tashqi ishlar vaziri ham rezolyusiyani qo‘llab-quvvatladi. Jan-Noel Barro Parijdagi Sorbonna universitetida qilgan chiqishida: «Biz Merkator proyeksiyasidan voz kechib, muayyan vazifalarga moslashgan, yer yuzi maydonlarini aniq ko‘rsatuvchi hamda kartograflar va olimlarning tavsiyalariga mos keladigan xarita tasvirlariga o‘tamiz», — deya bayonot berdi. Bu qadam Fransiyaning o‘z sobiq mustamlakalari bilan aloqalarni tiklashga qaratilgan harakati sifatida baholanmoqda. Endilikda Fransiya «Teng Yer» loyihasiga juda yaqin bo‘lgan Ekkert IV proyeksiyasidan foydalanadi.

Merkator va Ekkert IV xaritalarining qiyoslanishi.
Illyustratsiya: Fransiya tashqi ishlar vazirligi

Tarixchi va geograflar ko‘p yillardan buyon Merkator proyeksiyasi G‘arb dunyoqarashi asosida shakllanganini ta’kidlab kelishadi. Ijtimoiy faollar ham bu fikrga qo‘shiladi, hatto ayrimlari «kartografik mustamlakachilik» atamasini ishlatmoqda. Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu xarita xalqaro kuchlar muvozanatiga sezilmasdan ta’sir o‘tkazib, Global Janub davlatlarining hajmini kichraytirgan va Shimoliy yarimshar mamlakatlarining mavqeini bo‘rttirib ko‘rsatgan. Bu holat xalqaro savdo, rivojlanish ustuvorliklari va ta’lim tizimlarida biryoqlamalikni kuchaytirgan deb hisoblanadi.

Merkator proyeksiyasining eng taniqli tanqidchilaridan biri nemis tarixchisi Arno Petersdir. U 1973-yilda Gall-Peters loyihasiga asoslangan dunyo xaritasini ishlab chiqqan va bu chizma Merkatorga asosiy muqobil sifatida ishlatib kelinadi.

Equal Earth xaritasi (2018-yil).
Foto: Equal-earth

Togoning #CorrectTheMap kampaniyasi xalqaro kartograflar jamoasi tomonidan 2018-yilda yaratilgan «Teng Yer» (Equal Earth) loyihasini ommalashtirdi. Tarafdorlarning fikricha, bu tashabbus Afrika haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirishga va ta’lim tizimini mustamlakachilik qarashlaridan tozalashga yordam beradi.

Geosiyosiy xavf-xatarlar bo‘yicha maslahat beruvchi «JS Held» firmasining London ofisi katta xodimi Jey Jey Enox ham bu fikrga qo‘shiladi. Uning aytishicha, Merkator proyeksiyasi Afrikaning asl ko‘lamini ko‘zdan yashiradi. Eksport tahlilchisi bu harakatni Afrika davlatlarining «xalqaro tashkilotlarda ko‘proq ta’sirga ega bo‘lish va qit’aning dunyoda qanday tasvirlanishini o‘z nazoratiga olish» istagi bilan bog‘ladi. «Teng maydonli xaritaning joriy etilishi ta’lim tizimi va jamiyat uchun to‘g‘ri tushuncha beradi. Shuningdek, Afrikaning demografik, iqtisodiy va geosiyosiy o‘rnini o‘tmishdan qolgan soxta qarashlar orqali baholamaslik kerakligini ko‘rsatadi», deb ta’kidladi u.

1595-1602-yillardagi Merkator atlasidan olingan Afrika xaritasi.
Foto: Qirollik geografiya jamiyati/Getty Images

Togo hukumati rezolyusiyani hayotga tatbiq etish rejasini ishlab chiqish maqsadida kelasi yilning birinchi choragida mamlakat poytaxti Lomeda yirik tadbir o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Unda UNESCO, Afrika ittifoqi hamda Google Maps kabi texnologik kompaniyalar ishtirok etadi.

Ovoz berish jarayonidan avval so‘zga chiqqan Dyusse shunday dedi: «Nima uchun aynan hozir?» deb so‘rayotganlarga javobim bitta: «Nima uchun aynan hozir emas? Dunyo xaritasiga boqib... vaziyatni o‘zgartirish vaqti kelganini anglash lozim».

U so‘zini shunday yakunladi: «Biz, afrikaliklar, kuchimiz yetadigan narsalarni o‘zgartirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmamizga oladigan payt keldi».

Manba: The Guardian

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring