Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent va Samarqand «FAO»ning Yashil shaharlar tarmog‘iga qo‘shildi

Toshkent va Samarqand «FAO»ning Yashil shaharlar tarmog‘iga qo‘shildi

Foto: Shutterstock

Toshkent va Samarqand shaharlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Yashil shaharlar tarmog‘iga a’zo bo‘ldi.

FAO‘ning Rimdagi bosh qarorgohi huzuridagi Yashil shaharlar tashabbusi kotibiyati tomonidan 2026 yil 20 avgustda berilgan sertifikatlarda Toshkent va Samarqand FAO Yashil shaharlar tarmog‘iga a’zo shaharlar sifatida rasman qayd etilgan.

Tarmoqqa qo‘shilish orqali bu ikki shahar yashilroq, sog‘lomroq, bardoshli va inklyuziv shahar muhitini rivojlantirish yo‘lida hamkorlik qilayotgan global shaharlar hamjamiyatiga kirdi. Mazkur tarmoq kompleks shahar ko‘kalamzorlashtirish yondashuvlari orqali barqaror shahar rivojlanishini ilgari surish hamda a’zo shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ushbu tarmoq uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha yechimlar va strategiyalarni ilgari suradi: shahar va shahar atrofi o‘rmon xo‘jaligi, shahar va shahar atrofi qishloq xo‘jaligi hamda barqaror bioiktisodiyot.

FAO Yashil shaharlar tarmog‘iga a’zolik Toshkent va Samarqand shaharlariga texnik ko‘mak olish va salohiyatni rivojlantirish, bilim va tajriba almashish, shaharlararo hamkorlik platformalarida ishtirok etish, tegishli global asoslar va ekologik kun tartiblariga muvofiqlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘mak olish, sheriklik aloqalarini rivojlantirish, resurslarni safarbar etish va investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, barqaror shahar yechimlarini ilgari surayotgan yetakchi shaharlar sifatida xalqaro maqomini oshirish imkonini beradi.

2020 yilda boshlangan GCI (Yashil shaharlar tashabbusi) loyihasining maqsadi 2030 yilga kelib 1000 ta shaharda istiqomat qiluvchi aholining salomatligi va farovonligi, shuningdek, atrof-muhit holatini sezilarli darajada yaxshilashga ko‘maklashishdan iborat. Tarmoq doirasidagi hamkorlik FAO Yashil shaharlar kommyunikesi hamda FAOning Yashil shahar tamoyillari va mezonlariga asoslanadi.

2025 yilda bo‘lib o‘tgan Birinchi xalqaro Yashil shaharlar konferensiyasida taqdim etilgan Yashil shaharlar kommyunikesi yashil shaharlar global harakatini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qarashlar va jamoaviy majburiyatlarni ifodalaydi. FAOning Yashil shahar tamoyillari va mezonlari esa Yashil shaharlar tashabbusining konseptual asoslari va yo‘naltiruvchi tamoyillarini belgilaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring