Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlat stipendiyasini soxta imtiyozga aylantirmang!

Davlat stipendiyasini soxta imtiyozga aylantirmang!

Foto: «fapa.bu.edu.eg»

Yaqinda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi joriy yilda davlat stipendiyasi g‘olibi bo‘lgan talabalar ro‘yxatini e’lon qildi. Shu kunlarda internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda jarayon bilan bog‘liq bahs-munozaralar davom etyapti. Ayrim hollarda komissiya a’zolarini noxolislikda ayblab, nomunosib nomzodlar taqdirlangani iddao qilinmoqda. Xo‘sh, e’tirozlar o‘rinlimi? Bizningcha, muammoning ildizini ancha quyiroqdan izlash kerak. Keling, mavzuning ayrim jihatlariga e’tibor qaratamiz.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2008-yil 13-oktyabrda tasdiqlangan «Davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomga asosan, bakalavriatning oxirgi ikki bosqichida tahsil olayotgan talabalar davlat stipendiyasiga nomzod sifatida ko‘rsatilishi mumkin. Bunda a’lo o‘qish va ilmiy-ijodiy ishlarda ishtirok etish, davlat tiliga qo‘shimcha xorijiy tillardan birini o‘zlashtirish mezon qilib olinadi.

Hujjatning ayni shu bandiga oliy ta’lim muassasalarida yetarli e’tibor qaratilmayapti. Birgina misol. Nomzodlar faqat yuqori bosqich talabalaridan saralab olinadi. Chunki, ularning bilimi va ilmiy salohiyatini aniqlash, rahbar biriktirish, izlanishlarida ko‘maklashish, maromiga yetkazish uchun ketadigan fursat shuni taqozo etadi. Bu kabi ishlar 1-2 semestr davrida tegishli kafedralar tomonidan bajarilishi, 5-semestrda arzirli nomzodni ular ko‘rsatishi kerak. Ammo achchiq haqiqat shuki, amalda bu jarayon ikkinchi bosqichga kelib, ya’ni, talaba o‘zini o‘zi (!) nomzod qilib ko‘rsatganidan so‘ng boshlanadi. Xo‘sh, buning nimasi yomon, dersiz?

Birinchidan, dastlabki semestrlarda a’lo baho olishga intilish (aksariyat holatda) sun’iy raqobatga aylanib ulgurgan bo‘ladi. Ilmiy salohiyati bor, ammo qishki imtihonlarni «yetarlicha o‘zlashtirolmagan» talaba e’tibordan chetda qoladi. Natijada, nomzodlarni saralab olish qiyinlashadi. Kafedraning imkoniyat doirasi cheklanadi. Chunki nizom talabiga ko‘ra, faqat a’lo bahoga o‘zlashtirganlargina davlat stipendiyasiga nomzod sifatida ko‘rsatilishi mumkin. Agar salohiyatlilar o‘z vaqtida aniqlanib, ularga e’tibor qaratilganida davlat stipendiyasi uchun munosibroq nomzod ko‘rsatish imkoni kengaygan bo‘lardi. Afsuski, bu jihat nizomda qat’iy belgilab qo‘yilmagan.

Shunday bo‘lgandan keyin 4-semestrga kelib, ilmiy rahbar biriktirish va nomzodning ilmiy-ijodiy ishlar bilan shug‘ullanishi uchun juda kam vaqt qolyapti. Natijada, soxta hujjatlar yig‘ish, xom-xatala maqola, tezislarni e’lon qilish, sifatga emas, songa e’tibor qaratish avj olmoqda.

Olti oyda ellikta maqola

Nomzodlar o‘rtasidagi raqobat, asosan, izlanishning e’lon qilinganlik darajasi, nufuzi, erishgan yutuqlari hisobi bilan o‘lchanadi. Aytishingiz mumkin, hali bakalavr bosqichini tamomlamagan talaba olti oy, nari borsa, bir yil hisobiga 50-60ta maqola, risola, monografiya nashr etishga ulguradimi? Qizig‘i, ulgurarkan! Davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan talabalarning yig‘ma jildini varaqlab ko‘ring.

Bugina emas, yana yuzga yaqin diplom, sertifikat, faxriy yorliq, tashakkurnomalarga duch kelasiz. Ular orasida ilmga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan «e’tirofnoma»larga nima bor? Aytaylik, siyosiy partiya kengashi yoki ko‘zi ojizlar jamiyatining biror tadbirida ishtirok etsa-etmasa, berilaveradigan faxriy yorlig‘i talabaning shaxsiy sifatini belgilab bermaydi. Lekin bu hujjatlar saralash bosqichida ham, vazirlik komissiyasida ham nomzodning foydasiga «ishlayapti». Buni esa bo‘lajak stipendiat yaxshi biladi.

Endi ilmiy maqolalarning saviyasi xususida. Hozir faqat nomiga ilmiy nashr maqomida turgan, ma’lum haq evaziga «xizmat ko‘rsatadigan» jurnallar keragidan ko‘p. Pul bo‘lsa, changalda sho‘rva, deganidek, chet elda chop etish ham uncha muammo emas. Ikkilanmang, hammasi qonuniy. Nizomida «Bu tijoriy jurnal», deb ko‘rsatilgan. Maqolaning ilmiy sifati esa ular uchun ikkinchi daraja. Aytaylik, Ukrainada chop etiladigan bir xususiy almanax faoliyati bilan qiziqdik. Unda 16 (!) til, jumladan o‘zbek tilida ham maqolalar chop etilarkan. Vaholanki, tahririyatda o‘zbek tilini biladigan mutaxassis yo‘q. Shuning o‘zi nashrning saviyasini belgilab bermaydimi? Davlat stipendiyasiga nomzodlarning e’lon qilingan aksar ilmiy ishlari shu kabi jurnallar hissasiga to‘g‘ri kelyapti.

Kitob nashr ettirish esa undan-da oson. O‘zingiz yozgan taqrizga nufuzliroq bir olimning imzosini ololsangiz bo‘lgani. Talabaning (hali ilmiy rahbariga ham nasib qilmagan) «monografiya»si nashrdan chiqdi, deyavering.

Yetmaganiga, mamlakat bo‘ylab har ikki kunning birida o‘tkaziladigan ilmiy konferensiya to‘plamlari bor. Ularning nomiga o‘tishiyu, muqovada ko‘rsatilgan tahrir hay’ati materiallarni o‘qib ham ko‘rmasligi kunday ravshan. Shunday ekan, jon koyitib o‘tirishning nima keragi bor? Bitta maqolaning sarlavha va kirish qismini biroz o‘zgartirib, shu kabi o‘nta to‘plamda chop ettirsangiz bo‘ladi. Faqat sahifasiga 15 ming so‘mdan to‘lov o‘tkazsangiz bas.

Qarabsizki, «arzimas» xarajatu harakat bilan davlat stipendiyasiga nomzodning yostiqday hujjatlar yig‘ma jildi tayyor!

Imtihon qalbaki

Faqat hujjatmi, saralash imtihonlarichi, deb e’tiroz bildirishga shoshilmang. Ha, dastlabki imtihonlar ham nizomda aks etgan. Unga ko‘ra, kafedralar nomzod qilib ko‘rsatgan talaba chet tillari bo‘yicha maxsus suhbatdan o‘tishi kerak. Lekin hammasi aslida boshqacha. Bu yerda ham hujjatlar ish beradi. Va deyarli hech kim imtihondan «yiqilmaydi»... Bitta asos bilan fikrimizni isbotlashimiz mumkin. Muqaddam stipendiatlik darajasiga muyassar bo‘lganlar bilan ingliz tilida suhbatlashib ko‘ring. Dastlabki sinovda 86 foizdan ortiq natija qayd etganlarning aksariyati 10-20 ta so‘zdan nariga o‘tolmaydi.

Imtihondan hamma o‘tib ketaversa, respublika komissiyasiga qaysi birining nomzodi ketadi, deysizmi? O‘rinli savol. «Davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 4-bandiga muvofiq, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning hujjatlar yig‘ma jildi oliygoh ilmiy kengashiga taqdim etilishi kerak. Bunda kengash kimning nomzodi respublika komissiyasiga taqdim etilishini yashirin ovoz berish yo‘li bilan hal qilishi belgilangan. Lekin bu qog‘ozdagi gap. Ilmiy kengash qarorining kun tartibi qismidagi so‘nggi band «Har xil masalalar» deb ko‘rsatilishidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ilmiy bo‘lim irodasi bilan oxirgi marta o‘tgan ilmiy kengash qaroridagi ana shu «har xil masala» davlat stipendiyasiga nomzodlarni aniqlash sifatida talqin qilinadi. Respublika kengashiga esa eng «semirgan» hujjatlar yuboriladi.

Baribir hujjat «ish beradi», degandik-ku...

Fanga jamoatchi kerak emas!

Fikrimizcha, tizimni tubdan qayta ko‘rib chiqish fursati allaqachon yetgan. Avvalo, oliygoh ilmiy kengashida davlat stipendiyalariga nomzodlar taqdim qilish bo‘yicha maxsus vakil tayinlanishi (ular amalda ishlashi ham) kerak.

Respublika komissiyasiga taqdim qilinadigan hujjatlar ham songa emas, sifatga ko‘ra baholansa, soxta raqobatning oldi olingan bo‘lardi. Aytaylik, nomzodning ko‘pi bilan beshtagacha, shunda ham so‘nggi olti oyda emas, ikki yil davomida, duch kelgan tijoriy nashrda emas, nufuzli davlat jurnallarida chop etilgan ilmiy maqolasi inobatga olinsin.

Davlat stipendiyasini qo‘lga kiritgan talaba magistratura bosqichiga imtiyozli qabul qilinadi. Bu esa sof ilmiy faoliyat, degani. Shunday ekan, stipendiyaga nomzodning turli jamoat tashkilotlaridagi faoliyati mezonga kiritilishi mantiqan to‘g‘ri emas (Aslida, bu nizomda ham yo‘q). Zero, fanga «faol jamoatchi»dan ko‘ra, zahmatkash olimlar kerak.

Orifjon Odilov,
«Jomboy tongi» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring