Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov Buyuk Britaniya ta’lim vaziri bilan uchrashdi

Sherzod Shermatov Buyuk Britaniya ta’lim vaziri bilan uchrashdi

Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya 21-25-yanvar kunlari London (Buyuk Britaniya) Jahon ta’lim forumida ishtirok etdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Jahon ta’lim forumida 100 dan ziyod davlatlarning ta’lim vazirlari va rasmiylari ishtirok etdi. Jahon forumida ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha masalalarni qizg‘in muhokama etdilar.

Qayd etilishicha, rivojlangan xorijiy mamlakatlar, shu jumladan, Buyuk Britaniya hukumati tomonidan mamlakatimizga bo‘lgan e’tibor ijobiy tomonga o‘zgarmoqda.

Misol sifatida, 100dan ziyod mamlakatlar ta’lim vazirliklari rahbarlari forumda ishtirok etishiga qaramasdan, Buyuk Britaniyaning Maktab standartlari bo‘yicha davlat vaziri, mamlakat Parlamentining a’zosi Nik Gibb tomonidan O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga alohida e’tibor qaratilib, o‘zaro uchrashuv hamda rasmiy kutib olish tadbirida xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bilan O‘zbekistondagi ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil muhokama qilishga imkoniyat bo‘ldi.

Uchrashuvda tomonlar ta’lim sifatini oshirish va mamlakatimizda ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha masalalarni muhokama etdilar.

Nik Gibb O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish metodikasini takomillashtirish va o‘qituvchilarni malakasini oshirishda ko‘mak berishga tayyorligini hamda bu borada Britaniya Kengashi bilan olib borilayotgan ishlarni to‘liq quvvatlashini ta’kidladi.

Ikki davlat vazirlarining uchrashuvi yaqin tarixda ilk bor amalga oshirilgani ham e’tiborga molik va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistonda bo‘layotgan islohotlarga qiziqishining ortishidan dalolatdir, deyiladi xabarda.

Shuningdek, forum doirasida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Buyuk Britaniyaning ta’lim bo‘yicha davlat kotibi va parlament a’zosi Damian Xinds, sobiq ta’lim vaziri va Britaniya Kengashining ingliz tili bo‘yicha bosh maslahatchisi Charlz Klark, Buyuk Britaniya xalqaro savdo vazirligi va Britaniya Kengashi vakillari bilan ham uchrashib, O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rgatishni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik muhimligini muhokama qilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari shu bilan birga Cambridge Assessment International Education, Bridge International Academies, Education First (Shvetsiya) va boshqa tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Xorijiy kompaniya vakillari O‘zbekiston bilan ingliz tilini o‘qitish, ingliz tili o‘qituvchilari bilimini tekshirish, dars jarayonini onlayn nazorat platformasini, mutaxassislarni ingliz tiliga onlayn o‘qitish tizimini joriy etish hamda boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilish niyatini bildirdilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi Britaniya Kengashining «Ta’lim siyosati bo‘yicha muloqot: yoshlarimiz kelajakka qanday tayyorgarlik ko‘ryapti» mavzusidagi dasturda ham qatnashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring