Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamli davlat: yagona yondashuv va zamonaviy boshqaruv sari

An’anaviy yirik texnologik tadbir — ICTWEEK UZBEKISTAN 2026 raqamli texnologiyalar haftaligining uchinchi kunida Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan «Raqamli davlat: yagona yondashuv, zamonaviy boshqaruv va fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar» mavzusida forum o‘tkazildi.

Tadbirda davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, yagona raqamli muhitni shakllantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda zamonaviy texnologiyalar orqali aholi uchun yanada qulay, shaffof va sifatli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Forum davomida vazirlik va idoralar, shuningdek, yirik tashkilotlarning mas’ul rahbarlari tomonidan davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilishga qaratilgan amaliy yechimlar taqdim etildi. Xususan, elektron hukumat platformalari, sun’iy intellekt, transport, konchilik va boshqa sohalarda joriy etilayotgan raqamli texnologiyalar hamda innovatsion loyihalar ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi.

Bugun raqamli transformatsiya nafaqat alohida xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish, balki davlat boshqaruvida yagona yondashuvni ta’minlash, ma’lumotlardan samarali foydalanish va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, forumda taqdim etilgan loyihalar davlat xizmatlarining sifati va tezkorligini oshirish, fuqarolarning vaqt va resurslarini tejashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbirning yana bir muhim qismi davlat boshqaruvi va iqtisodiyotga raqamli texnologiyalarni joriy etishda faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan tashkilotlarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. Ular 17 ta nominatsiya bo‘yicha munosib e’tirof etildi:

1. “Elektron ishtirokni rivojlantirish bo‘yicha eng faol tashkilot” nominatsiyasi — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi;

2. “Raqamli davlat auditi bo‘yicha eng yaxshi tashkilot” — O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi;

3. “Nazorat jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha eng yaxshi tashkilot” — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;

4. “Sud-huquq tizimini raqamlashtirish bo‘yicha tashabbuskor tashkilot” — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi:

5. Eng ko‘p proaktiv raqamli xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilot” — Ijtimoiy himoya milliy agentligi;

6. “Eng yaxshi raqamli integratsiya va strategik hamkor tashkilot” — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;

7. “Mudofaa sohasini raqamlashtirishdagi islohotlari uchun” — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;

8. “Raqamli davlat xizmatlarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tashkilot” — O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;

9. “Eng innovatsion davlat xizmati ko‘rsatuvchi tashkilot” — O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi;

10. “Eng yaxshi aqlli transport ekotizimini yaratgan tashkilot” — O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi;

11. “Samarali raqamli transformatsiyani amalga oshirgan tashkilot” — O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirli;

12. “Eng yaxshi raqamli geoma’lumotlar yechimini joriy etgan tashkilot” — O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi;

13. “Sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tashkilot” — O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi;

14. “Raqamli rivojlanishda eng yuqori natija ko‘rsatgan davlat tashkiloti” — O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi;

15. “Raqamli rivojlanishda eng yuqori natija ko‘rsatgan davlat tashkiloti” — “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati;

16. Aqlli hududiy boshqaruvni joriy etgan namunaviy tashkilot” — Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi;

17. Eng yaxshi raqamli sug‘urta xizmatlari tashkiloti” — “Alskom sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati.

ICTWEEK UZBEKISTAN 2026 doirasida raqamli texnologiyalarga qiziqishni oshirish va aholining faol ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan interaktiv tashabbuslar ham tashkil etildi. Haftalik doirasida o‘tkazilgan so‘rovnomada faol ishtirok etganlar orasidan noutbuk sohibi tasodifiy tanlov asosida aniqlandi.

Shuningdek, my.gov.uz elektron davlat xizmatlaridan foydalanish qanchalik qulay ekanini videorolik orqali ijodiy tarzda namoyish etishga qaratilgan «Eng ijodkor targ‘ibotchi» tanlovi ham davom etmoqda. Tanlovda ishtirok etish imkoniyati 30-oktyabrga qadar saqlanadi.

Umuman olganda, ICTWEEK UZBEKISTAN 2026 doirasidagi mazkur forum raqamli transformatsiya jarayonida davlat organlari, tashkilotlar va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish hamda fuqarolar uchun raqamli imkoniyatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

Raqamli davlat konsepsiyasining asosiy maqsadi esa texnologiyaning o‘zi emas, balki uning orqali inson uchun yanada qulay, tezkor, ochiq va samarali davlat xizmatlarini yaratishdan iborat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring