«Startaplar mamlakati» shiori ostidagi ICT Week Uzbekistan 2026 haftaligi boshlandi
«Startaplar mamlakati» shiori ostida o‘tkazilayotgan ICT Week Uzbekistan 2026 haftaligining ochilish marosimi boshlandi. Tadbirda O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi salohiyati, startap ekotizimini rivojlantirish, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda raqamli iqtisodiyot uchun yangi imkoniyatlar haqida so‘z yuritilmoqda.
Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, mamlakat taraqqiyotida inson kapitalining ahamiyatini ta’kidladi.
«Mamlakatimizning eng muhim boyligi — bu inson kapitalidir. Shu sababli so‘nggi yillarda yoshlarimiz uchun sifatli ta’lim olish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash hamda kelajakda muvaffaqiyatga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz», — dedi vazir.
ICT Week Uzbekistan 2026 haftaligi doirasida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, startaplar va innovatsiyalarga bag‘ishlangan qator tadbirlar, ko‘rgazmalar va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Unda Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi ham faol ishtirok etmoqda. Markaz stendida my.gov.uz, OneID, Raqamli ma’lumotlar platformasi va Data-markaz kabi kundalik hayotimizni yengillashtirayotgan yirik raqamli loyihalar, shuningdek, davlat idoralarining eng so‘nggi raqamli yechimlari namoyish etilmoqda.
Ayniqsa, yangi loyiha va startaplar ustida ishlayotganlar uchun Markaz stendi zamonaviy raqamli infratuzilma va texnologik imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish, yangi g‘oyalarni rivojlantirish uchun zarur yechimlarni topish imkonini beradi.
«Startaplar mamlakati» shiori ostidagi ICT Week Uzbekistan 2026 haftaligi O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasi, innovatsion tadbirkorlik va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarini namoyish etuvchi muhim platforma sifatida davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter