Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov UzPost xodimlarini taqdirladi

Sherzod Shermatov UzPost xodimlarini taqdirladi

Foto: AKT vazirligi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov «O‘zbekiston pochtasi» AJ tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ishtirok etib, pochta xodimlarini taqdirladi.

Unga ko‘ra, korxonaning 4 nafar xodimi «Mohir aloqachi» faxriy unvoni bilan, 14 nafari «O‘z kasbining ustasi» belgisi bilan, shuningdek, 10 nafari faxriy yorliq bilan taqdirlanishdi.

Hozirgi kunda «O‘zbekiston pochtasi» AJ tarkibiy jihatdan 165 ta tuman va shahar pochta aloqasi tarmoqlari, 1803 ta pochta aloqasi bo‘limlaridan (ulardan 1358 tasi qishloq joylarida) iborat bo‘lgan 14 ta mintaqaviy filiallar, 4 ta ixtisoslashtirilgan filiallar – «Xalqaro pochtamt», «Xalqaro tezkor pochta», «O‘zbekiston markasi», «Matbuot tarqatish»ni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, respublika hududida pochta jo‘natmalari muntazam ravishda 3 ta avia, 303 ta avtomobil yo‘nalishlari bo‘yicha yetkazib berilmoqda.

2021 yil 14 dekabr sanasida «O‘zbekiston pochtasi» AJ rebrendingni amalga oshirdi va aynan shu sanadan boshlab UzPost brendiga o‘tdi.

«UzPost»ning mavjud axborot tizimlari yangilandi, to‘lovlarni qabul qilish va pul o‘tkazmalari bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim yangilanib, AVVAL brendi ostida ishga tushirildi hamda uning mobil ilovasi ham yaratildi. Bugungi kunda mazkur tizimda 60 dan ortiq to‘lovlarni qabul qilish imkoniyati mavjud.

Hozirda respublikaning chekka hududlarda yashovchi aholi uchun 930 ga yaqin pochta aloqa ob’yektlarida 30 turdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi «UNISAVDO» brendi ostida Milliy onlayn savdo maydonchasi 2021 yil mart oyidan boshlab to‘liq ishga tushirilgan.

Elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent shahrida, Andijon viloyatining Asaka tumanida, Buxoro viloyatining Vobkent tumanida va Xorazm viloyatining Urganch shahrida logistika markazi qurilishi boshlandi.

Shuningdek, «Gibrid pochta» tizimi takomillashtirilib, Yagona milliy tizim joriy etildi. Gibrid pochta xizmatning afzalligi shundaki, davlat organlari va tashkilotlari pochta jo‘natmalarini konvertga solish, unga marka yopishtirish, oluvchining manzillarini yozish va pochtaga olib kelish vazifalaridan holi bo‘lishadi.

Buning natijasida pochta jo‘natmasini yetkazib berishdagi nazorat muddatlari qisqarishiga erishildi, ya’ni avval pochta jo‘natmalar eng chekka hududda yashovchi aholiga 6-8 kun ichida yetkazib berilgan bo‘lsa, endilikda 1-2 kun ichida yetkazib berilmoqda.

AKT vaziri Sh.Shermatovning ta’kidlashicha, bugungi kunda 100 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari ushbu xizmatdan foydalanib kelmoqda. Gibrid pochta jo‘natmalarining hajmi 2020 yilga nisbatan 2021 yilda 2 barobar ko‘payib, 3,5 million donani tashkil etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring