Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir ko‘zli aktyorning olamshumul qismati

Bir ko‘zli aktyorning olamshumul qismati

foto:internet ochiq manba

Ba’zan insonning eng katta zaifligi uning eng buyuk kuchiga aylanadi. Taqdir insondan nimanidir tortib oladi, ammo evaziga butun dunyoga ta’sir qiladigan shaxsiyatni yaratadi. Amerikalik mashhur aktyor Piter Falkning hayoti ana shunday hikoyadir. Bu bir ko‘zidan ayrilgan bolaning butun boshli Hollivud qoidalarini o‘zgartirgani haqidagi haqiqiy hayot dramasidir.

Bolalik: hayot va ko‘z o‘rtasidagi tanlov

Piter Falk 1927-yil 16 sentyabrda Nyu-York shahrida tug‘ilgan. U oddiy oilada voyaga yetgan, ammo taqdiri juda erta og‘ir sinov bilan boshlandi.

Uch yoshida Piterda xavfli o‘sma aniqlandi. Shifokorlar uning ota-onasiga dahshatli tanlovni taklif qilishdi: bolaning ko‘zini yoki uning hayotini saqlab qolish mumkin. Vaqt juda kam edi. Ota-onasi o‘g‘lining hayotini tanlashdi, albatta.

Jarrohlar Piterning o‘ng ko‘zini olib tashlab, o‘rniga sun’iy ko‘z o‘rnatishdi. Bolaning yuzi hech qachon mutlaq simmetrik bo‘lmasligi ma’lum edi. Ammo u tirik qoldi.

Qizig‘i shundaki, Piter bu holatni hech qachon fojia deb qabul qilmadi. U bolalar bilan o‘ynadi, sport bilan shug‘ullandi, maktabga bordi. Sun’iy ko‘z Piter uchun shunchaki o‘zining bir qismi edi. Lekin dunyo, ayniqsa kino sanoati, buni boshqacha qabul qilishini u keyinroq angladi.

Hollivud rad etgan aktyor

1950-yillarda Hollivud qat’iy tashqi andozalarga ega edi. Ekranda faqat ideal ko‘rinishdagi aktyorlar bo‘lishi kerak, deb hisoblanardi. Bir ko‘zning yo‘qligi esa aktyorlik karerasi uchun deyarli hukmga teng edi.

Piter yoshligida barqaror va yaxshi ishga ega bo‘lsa-da, qalbi uni san’atga yetakladi. 26 yoshida teatr kurslariga yozildi va aktyorlikni o‘z taqdiri deb tanladi.

Uning o‘yini tabiiy, botiniy kuchga boy va juda ta’sirchan edi. Ammo kastinglarda Piterga doimo bir xil gap aytilardi: “Siz bu sohada ishlay olmaysiz”, “Tomoshabin bir ko‘zli qahramonga ishonmaydi”, “Bizga ideal tashqi ko‘rinish kerak...”

Ko‘pchilik bunday paytda shartta taslim bo‘ladi. Ammo Piter hayotning eng muhim sabog‘ini uch yoshidayoq o‘rgangan edi: inson to‘siqni emas, uni yengish usulini tanlaydi.

Kichik rollardan katta muvaffaqiyatga

Piter har qanday imkoniyatga rozi bo‘ldi – teatr sahnalari, televideniyedagi kichik rollar, reklama roliklari... Uning uchun asosiysi sahnada bo‘lish edi.

1960-yilda Piter birinchi katta muvaffaqiyatiga erishdi: kinosanoat uning iqtidorini tan oldi va “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘ldi. Keyin yana bir bor shu nufuzli mukofotga tavsiya qilindi.

Endi Piterni e’tiborsiz qoldirishning iloji yo‘q edi. Ammo u ikkinchi darajali aktyor bo‘lib qolishni istamadi. Piter Falk o‘zini to‘liq namoyon qiladigan rolni izlardi.

Kolombo – afsonaga aylangan obraz

1960-yillarning oxirida Piter Falk taqdirini o‘zgartirgan rolini topdi.

Televideniye detektiv serial uchun klassik qahramon yaratishni rejalashtirgan edi: kuchli, ideal, jasur. Ammo Piter mutlaqo boshqacha obraz taklif qildi. U o‘z qahramonini g‘ijimlangan plashch kiygan, beo‘xshov yuradigan, doimo uzr so‘raydigan, sodda va ahamiyatsiz ko‘rinadigan inson qilib tasvirlashni istadi. Asosiy quroli – odamlarning uni jiddiy qabul qilmasligi edi.

Piter o‘zining sun’iy ko‘zini ham rolning bir qismiga aylantirdi. Shu orqali u detektivga o‘ziga xos qarash va psixologik kuch bag‘ishladi.

Serialning ahamiyatli jihati shunda ediki, tomoshabin qotil kimligini avval boshidanoq bilardi. Qiziqish esa Kolomboning jinoyatchini asta-sekin fosh qilish jarayonida edi.

Loyiha ulkan muvaffaqiyat qozondi. Piter Falk bu roli uchun to‘rt marta “Emmi” mukofotini oldi, uning roli esa televideniye tarixidagi eng mashhur qahramonlardan biriga aylandi.

Hollivud nuqson deb bilgani Falkning eng katta ustunligi bo‘ldi.

Piter Falk bir muhim haqiqatni isbotladi: insonni tashqi ko‘rinishi emas, uning irodasi ulug‘laydi. Bugun kamchilik bo‘lib ko‘ringan nuqson ertaga sizning eng katta ustunligingizga aylanishi mumkin.

Falk ikki ko‘zga ega emas edi. Ammo u o‘z kelajagini ko‘rish uchun bitta ko‘z va ulkan jasoratning o‘zi ham yetarli ekanini butun dunyoga isbotladi.

Oila va shaxsiy hayot

Piter Falkning shaxsiy hayoti ham xiyol o‘zgacha bo‘lgan.

U 1960-yilda aktrisa Alis Meyo bilan turmush qurdi. Er-xotin ikki qizni asrab olishdi. Ularga Ketrin va Jeki deb ism qo‘yishdi.

Biroq uzoq yillik nikohdan keyin – 1976-yilda Piter va Meyo ajrashishdi.

1977-yilda Piter Falk aktrisa Shera Danezega uylandi. Bu nikoh umrining oxirigacha davom etdi. Shera nafaqat uning umr yo‘ldoshi, balki ijodiy sherigi ham bo‘lib, “Kolombo” serialida ham qatnashdi.

Piter hayotining oxirgi yillarida og‘ir kasallikka chalinganida aynan Shera Daneze uning asosiy suyanchig‘i bo‘ldi.

Azobli yillar va og‘ir sinov

2000-yillar boshida Piter Falkning xotirasi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ldi. Keyinchalik unga Alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yildi.

Kasallik asta-sekin aktyorning xotirasini susaytirdi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u hatto o‘zining mashhur “Kolombo” rolini ham eslay olmay qolgan.

Piter Falkning parvarishi masalasida oila a’zolari o‘rtasida nizolar yuzaga keldi. Bu jamoatchilik e’tiborini tortdi va keyinchalik bemorlarning yaqinlari huquqlarini himoya qilishga oid huquqiy tashabbuslarga turtki bo‘ldi.

Piter Falk 2011-yil 23 iyunda 83 yoshida vafot etdi. Uning o‘limi butun dunyo muxlislarini qayg‘uga soldi.

Falk o‘z ortidan televideniye tarixida o‘chmas obraz, millionlab muxlislarning muhabbati va jismoniy nuqsonni kuchga aylantirish namunasini qoldirdi. U ideal emas, balki ideal bo‘lmagani bois mashhur bo‘lgan edi.

Akbar Fathullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring