Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Faiziddin Mo‘min: Angliyada ham odamlar noliydi, doimo hukumatni tanqid qiladi, ammo o‘rganadigan narsalarimiz ko‘p

Faiziddin Mo‘min: Angliyada ham odamlar noliydi, doimo hukumatni tanqid qiladi, ammo o‘rganadigan narsalarimiz ko‘p

Foto: Shutterstock

Har bir muhojirlikda yurgan hamyurtimizning o‘z hikoyasi bor. Biz ular bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishamiz va hikoyalarini «tinglaymiz». Bugungi suhbatdoshimiz London shimolidagi shaharchalardan birida yashayotgan hamyurtimiz Faiziddin Mo‘minga savol bilan murojaat qildik.

– Qayerdansiz va chetga chiqish imkoniyati qachon tug‘ilgan?

– Farg‘ona viloyatining Tojikiston bilan tutash tumanlaridan birida tug‘ilganman. Bolaligimizda bozorimizga tojikistonliklar kelardi, savdo-sotiq yaxshi bo‘lardi, chegaradan o‘tish bemalol edi. Qishloqdagi maktabda o‘qiganman, ona tili va adabiyoti eng sevimli fanim edi. Bolaligimda dadamning jurnallarini va kitoblarini sevib o‘qirdim. Maktabni bitirib Toshkent davlat sharqshunoslik instituti arab filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirganman, 2003 yili uchinchi bosqichligimda Britaniyaga ketish imkoniyati paydo bo‘lgan, shu bo‘yi muhojirlikdagi hayotim boshlangan. Britaniyada ham tarix va siyosatshunoslik bo‘yicha bakalavrni bitirganman. Shu yerda o‘zbek qiziga uylanib bola-chaqali bo‘ldik. Ayolim ingliz tili o‘qituvchisi. Men ham ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitish bo‘yicha Kembrij universiteti ishlab chiqqan maxsus intensiv kursni tamomlab sertifikat oldim va turmush o‘rtog‘im bilan Saudiya poytaxti Riyoz shahridagi Qirol Saud nomidagi universitetga ishlay boshladik. Rafiqam va bolalarim hozir Jidda shahrida yashaydi.

Onamga taalluqli ishlarni bajarish va qarash uchun vaqtincha Britaniyaga qaytganman, aytgancha, yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganim uchun onamni ham chaqirib olganman. Har 2-3 oyda Saudiyaga oilamni ko‘rish uchun borib turaman. Hozir Londondan 50 kilometr shimoldagi shaharchada taksi haydayman.

– Bizda eng katta muammolardan biri bu – yo‘l harakati bilan bog‘liq. Haydovchilik madaniyatiga to‘xtalib o‘tsangiz.

– Bu yerda tartib-qoidaga qat’iy amal qilinadi. Taksi haydash uchun haydovchiga, ulovga va operatorga alohida litsenziya olinadi. Ulovni yilda ikki marta texnik ko‘rikdan o‘tkazish shart. Taksi haydovchi litsenziyasini olish uchun ham bir qancha tekshiruvlardan o‘tib, yana boshqatdan imtihon topshiriladi va bir kun o‘qitiladi, jug‘rofiy imtihon topshiriladi, tibbiy ko‘rikdan o‘tiladi, jinoyatchilik tarixi oppoq bo‘lishi lozim. Bu yerda haydovchilik madaniyati ancha yuqori, bir-biriga yo‘l berish oddiy hol. Saudiyaga nisbatan farqi juda katta. Bu yerda ballik tizim mavjud, masalan, qizil chiziqdan o‘tib ketsangiz uch ball olasiz. To‘rt marta uch ball olsangiz haydovchilikdan mosuvo bo‘lasiz. Odamlar muloyim, toqatsizlikni, hovliqmalikni, qo‘pollikni yomon ko‘rishadi.

Bu yerda yonilg‘i muammosi yo‘q, ulovni har kuni tekinga yuvdirasiz, bizdan ketadigani faqat vaqt, barcha xarajatlarini shirkat qoplaydi. Men vaqtida namoz o‘qish, vaqtida hojatga chiqish hamda tezlik kameralariga tushib qolmaslik haqidagina qayg‘urishim mumkin. Tirbandlik tashvishi yo‘q. Ulovning buzilib qolishi, yo‘llarda qolib ketish haydovchining muammosi emas. Hamma xarajatlar shirkat bo‘ynida, aeroport to‘lovlariyu, pulli ko‘priklardan o‘tish o‘lponlari va toza havo soliqlarigacha ular to‘laydi. Kunlik ijara haqini chiqarishim kerak, degan tashvish yo‘q. Qancha topsang o‘shaning 50 foizi seniki. Istagan payting istaganingcha ishlaysan, xohlasang hoziroq ulovni topshirib ikki hafta ta’tilga ketishing mumkin. Birov seni majlisga chaqirmaydi, hisobot topshir demaydi, o‘dag‘aylamaydi. Faqat bir joyda ko‘p o‘tirish sog‘liq uchun foyda emasligini o‘ylaysan.  

– U yerda bizda bor bo‘lgan nima yo‘q?

– Avvalo qarindosh-urug‘, yaqin do‘stlar va qadrdonlar yo‘q. Choyxona yo‘q. To‘y-bazmlar yo‘q. Chang-g‘uborli havo, metandagi uzun navbatlar, korrupsiya va hokazolar yo‘q. Bu yerda odamlar o‘z hayotini yashaydi. Yuz yillik uylar, 30-60 yillarda qurilgan uylarda yashaydi. O‘zbeklardek umrini uy qurishga, to‘y qurishga sarflamaydi. Uch xonali, ikki xonali uyga qanoat qilishadi. Angliyadagi tartib-qoidaga amal qilishni, qonun hammaga barobar ishlashini o‘rgansak bo‘ladi.

– Yoshlarning kayfiyati qanday? Ular O‘zbekiston haqida bilishadimi?

– Umuman olganda, yoshlar siyosatga qiziqmaydi befarq, lekin hukumatdan nolishadi, ko‘p tanqid qilishadi. Bundan 20-30 yil oldin ham odamlar rozi bo‘lmagan. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqidan chiqqach, pandemiya natijasida va Ukraina urushi sababli narx-navolar oshgan, iqtisod yaxshi emas. Uning ustiga 14 yildan beri qudratda bo‘lgan konservativlar budjet xarajatlarini qisqartirgani uchun yo‘llarda chuqurliklar ko‘paygan, shifoxonalarda navbat uzun, qo‘yingki, orqaga ketayotgandek tuyuladi, iqtisod yaxshi emas. O‘ylab qolaman, shu zaylda orqaga ketaversa O‘zbekiston darajasiga yetib olish uchun qancha vaqt ketarkan-a? Yigirma yilmi, ellik yilmi yoki bir asrmi? Ammo metan zapravkalaridagi navbat darajasiga yetish uchun ikki asr ham kamlik qilsa kerak, chunki Misrdek qashshoq davlatda ham zapravkalarda navbat yo‘q, gaz-benzin-dizel doim bor.

Ish faoliyatim bilan bog‘liq yaqinda bo‘lgan bir voqeani aytib beray.

London aeroportiga odam olishga bordim. Yetib borib mijozga telefon qildim, chamodonlarimizni kutyapmiz, dedi. Qirq daqiqacha kutib qoldim. 60 yoshlardagi er-xotin ekan, parkovka pulini to‘lash uchun apparatga qarab yursam xotini chaqqonlik bilan kelib kartasidan to‘lab yubordi, o‘zi men to‘lashim kerak edi.

Oldinga o‘tirsam maylimi deb eri yonimga o‘tirdi va shu zahoti gapni boshladi: London aeroportlari qanchalik yomonligini boshqa joylardan kelib sezasan, pasport tekshiruvdan ikki daqiqada o‘tdik, lekin yuklarimiz chiqavermadi, bu davlatda hech narsa ishlamaydi o‘zi.

Hamrohim uzoq yillar Lotin Amerikada, xususan, Argentina va Braziliyada ishlagan va mintaqadagi boshqa davlatlarga ham ko‘p sayohat qilgan ekan. O‘zbekiston haqida so‘radi, gaplarimni eshitib turib ba’zi narsalar Braziliya bilan naqadar o‘xshash bo‘lmasa, dedi.

Lotin Amerikasidan tashqari AQSh va Kanadaga ham ko‘p borgan ekan, undan tashqari Malayziya, Yaponiya, Filippin,Tailand kabi davlatlarni ham aylangan ekan, farzandi yo‘q, er-xotin sayohat qilishni yoqtirarkan.

«O‘zga davlatlarda muhojir bo‘lib yashash insonga ko‘p narsa o‘rgatarkan, – deydi suhbatdoshim. – Hayotga boshqacha nazar bilan qarashni, hayotda o‘zi nima eng muhim ekanini tushunib yetarkansan. Dastlab Braziliyaga borganimda qimmat kastyum-shimlarda, qimmat tuflilarda yurishni yoqtirardim. O‘shanda menejerim chaqirib aytgan: Styuart, ko‘chaga chiqqaningda yo‘qotishga tayyor bo‘lganingdan ortiqchasi bilan chiqma, chunki nimaiki sal qimmatroq narsa bo‘lsa tortib olishadi. O‘zimni ham restoranda o‘tirganimda pistolet o‘qtalib hamyonimni tortib olishgan. Braziliyada sal ko‘proq yashasang o‘marib ketishlariga ulgurasan, nihoyatda bosqinchilik va zo‘ravonlik ko‘p sodir bo‘ladi.

Shuning uchun qimmat narsalarga mutlaqo qiziqishim qolmagan, kiyishga, ishlatishga yaroqli bo‘lsa bo‘ldi, mana soatim ham arzon. Hayotda men va xotinim uchun eng muhimi, bu sog‘ligimiz, baxtli bo‘lishimiz. Yigirma yillik kichik ulovim bor. Do‘stlarim «ey, nima qilasan shu shaldiroq aravani, boshqa yangi mashina ol» deyishadi, lekin menga kerak emas, oddiy uyim va minishga yaroqli mashinam bo‘lsa yetadi».

 – Oila qadriyati haqida ikki og‘iz...

– Britaniyada katta oilalar deyarli yo‘q, yoshlar bobo-buvilari bilan yashashmaydi, qariyalari ham bolalaridan alohida yashaydi. Aksariyat ayollar ishlaydi, uy bekalari kam chunki ishlashga majbur, ko‘p ayollar ishlamaydigan uy bekalariga havas qiladi. Chunki yashash qimmatligi hammani ishlashga majbur qiladi. Ko‘pchilik yoshlar nikohsiz yashab yurishadi, shuning uchun to‘y qilishga xohish yo‘q. Juda ko‘p farzandlar nikohdan tashqari tug‘iladi va bu oddiy hol. Bu yerda qizlar o‘tirib qoladi, degan fikr yo‘q. Yoshlar qachonki o‘ziga mos odam topilsa, bola-chaqali bo‘lsa keyin nikohdan o‘tishadi.

Oila instituti ancha yemirilgan, ajrashlar ko‘p, otasiz bolalar, yolg‘iz onalar ko‘p. Ayollar erkaklashib ketganga o‘xshaydi.

– Siz yashayotgan joyda yurtdoshlarimiz ko‘pmi, qachon O‘zbekistonga kelmoqchisiz?

– 2003-yil chiqib ketganimcha hali qaytmadim. Ammo O‘zbekiston haqida ijtimoiy tarmoqlar va yangiliklar orqali bilib turaman. Bu yerda o‘zbekistonliklar ko‘p emas, Britaniya bo‘ylab turli shaharlarda yakkam-dukkam yashaydi, jamoa bo‘lib uyushmagan. Har doim vatanni ziyorat qilish orzusida yuraman, imkon bo‘lishi bilan, albatta, boraman. Bu yerda gaz elektrda uzilish muammosi yo‘q ammo qimmatligi doim asosiy muammolardan biri bo‘lib kelgan. Haligacha bir joyda qo‘nim topib yashashga ko‘nikolmayapman.

Britaniyadagi hayot barqaror, sokin, havosi nihoyatda toza, seryomg‘ir, hammayoq yam-yashil, 20 yil oldin ko‘rgan odamlarim haliyam o‘zgarmagan bo‘ladi, yashash yaxshi, kam stress bo‘lgani uchun ular qari ko‘rinmaydi. To‘qsonga kirgan chol ham o‘z oyog‘ida yuradi. Chunki birinchidan havosi toza, ikkinchidan yetishmovchilik stresi yo‘q, ortiqcha mayda gap-so‘z yo‘q. Yashash standarti yuqori. Hech kim kilolab go‘sht olmaydi, bitta qo‘yni bo‘laklab olishadi. Uyda asal, sariyog‘, mevaning kamida besh xili turishi oddiy hol. Shahardan ikki kilometr narida tulkilar, quyonlar, qushlar – qirg‘ovul, oqqushlarni uchratasiz. Hatto shaharning ichida har kuni tulkini ko‘rishingiz mumkin. To‘kin-sochinlik hayvonlar hayotiga ham ijobiy ta’sir qiladi. Birov ovlab yey demaydi, terisini sotib pul qilay demaydi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring