Ispaniyada ochiq havoda chekishni taqiqlash rejalashtirilyapti
Ispaniya hukumati ochiq jamoat joylarida chekishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Yangi qoidalar oddiy sigaretalar bilan bir qatorda elektron sigaretalarga ham tatbiq etiladi.
Loyihaga ko‘ra, restoran va mehmonxonalar terrasalari, avtobus bekatlari, temir yo‘l platformalari, universitetlar, sport inshootlari, basseynlar hamda plyajlarda chekish taqiqlanishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash vaziri Monika Garsiyaning ta’kidlashicha, tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoat joylarida toza havoni ta’minlash va fuqarolarni passiv chekishdan himoya qilishdir.
Qonun loyihasi, shuningdek, voyaga yetmaganlar orasida tamaki mahsulotlari iste’molini cheklash hamda tamaki va elektron sigaretalar reklamasini to‘liq taqiqlashni ham nazarda tutadi.
Hujjat hali kuchga kirmagan. U parlament tomonidan tasdiqlanishi lozim. Ayniqsa, yozgi mavsumda ochiq maydonlarda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish sohasi vakillari ushbu tashabbusga qarshi chiqishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter