Mashhur «ispan Mauglisi» 80 yoshida vafot etdi
Yoshligini bo‘rilar orasida o‘tkazgan ispaniyalik Markos Rodriges Pantoxa 80 yoshida vafot etdi. U uzoq yillik sargardonlikdan so‘ng 2001 yildan buyon Orense provinsiyasidagi Rante shaharchasida yashab kelayotgan edi.
Pantoxa Andalusiya mintaqasining Kordova provinsiyasidagi Anyora shahrida tug‘ilgan. Onasi vafot etgach, u og‘ir sharoitda ulg‘aydi. O‘zining aytishicha, o‘gay onasi tomonidan ko‘p bor zulm va zo‘ravonlikka uchragan. Taxminan olti yoshida otasi uni bir yer egasiga berib yuborgan. U esa bolani Serra-Morena tog‘larida yashovchi keksa cho‘ponning huzuriga jo‘natgan.
Pantoxa cho‘pondan olov yoqishni, oziq-ovqat topishni va tog‘larda tirik qolishni o‘rgandi. Biroq cho‘pon vafot etgach, Markos yolg‘iz qoldi.
Shundan so‘ng u qariyb 12 yil davomida odamlar bilan deyarli muloqot qilmay, o‘rmon va yovvoyi tabiat qo‘ynida yashadi. Keyinchalik Pantoxa bir bo‘ri unga go‘sht bergani va uni o‘z bolalari qatorida parvarish qilganini so‘zlab bergan. Ular birga uxlagan va ov qilgan.
1965-yilda Markosni Ispaniya fuqarolik gvardiyasi topib, uni yana odamlar orasiga qaytardi. O‘sha paytda 19 yoshda bo‘lgan yigit tik yurish, gapirish, kiyinish va qoshiq-sanchqidan foydalanib ovqatlanishni qaytadan o‘rganishiga to‘g‘ri keldi.
Biroq insonlar orasiga qaytganidan so‘ng kamsitish va aldovlarga duch keldi. Keyinchalik Pantoxa hayotining eng baxtli davri bo‘rilar bilan birga yashagan yillari bo‘lganini aytgan.
Uning g‘aroyib hayoti chuqur o‘rganilib, 2010-yilda «Bo‘rilar orasida» («Entrelobos») badiiy filmida tasvirlangan.
2. «Bo‘rilar orasida» (2010) filmidan lavha.
Pantoxa faqat 75 yoshida o‘qish va yozishni jiddiy o‘rganishga kirishgan. Bundan oldingi urinishlari esa muvaffaqiyatsiz yakunlangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter