Niderlandiyada suv tanqisligi e’lon qilindi
Niderlandiya hukumati mamlakatda rasman suv tanqisligi yuzaga kelganini e’lon qildi. Mamlakat Infratuzilma va suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Milliy suv taqsimoti muvofiqlashtirish qo‘mitasi (LCW) vaziyatni ikkinchi darajaga – «amaldagi suv tanqisligi» bosqichiga ko‘tarishni tavsiya qilgan.
Hozircha mamlakatda ichimlik suvi yetarli ekani ta’kidlangan. Biroq aholiga suvdan tejamkorlik bilan foydalanish tavsiya etilmoqda.
Mutasaddilarning bildirishicha, suv tanqisligi birinchi navbatda daryo transporti, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalariga ta’sir ko‘rsatadi. Daryolarda suv sathi pasaygani sababli kemalar yukini kamaytirishga to‘g‘ri kelmoqda, ayrim korxonalar esa sovitish suvini chiqarishda cheklovlarga duch kelishi mumkin.
Shuningdek, mamlakatning bir qator hududlarida fermerlarga ekinlarni ochiq suv manbalari hisobidan sug‘orish taqiqlangan.
Hukumat suv resurslarini boshqarish uchun daryolardagi shlyuzlardan foydalanish va qo‘shimcha nasoslarni ishga tushirish kabi choralarni ham ko‘rib chiqmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter